Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 12:47

OAV: Andijonda tumanlar byudjeti qonunchilikka zid tarzda tasdiqlangan


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Andijon viloyatining barcha tuman-shahar xalq deputatlari kengashlari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan mahalliy byudjetni oshig‘ich ravishda, bir kunda tasdiqladi.

Holatni o‘rgangan Daryo.uz nashri bu hol Byudjet kodeksi talablariga mutlaqo zid, deya xulosaga kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman-shahar kengashlari qarorlari loyihalari Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2024-yilning 27-dekabr kuni joylashtirilgan. Muhokama muddati 2025-yilning 11-yanvarigacha etib belgilangan bo‘lsa-da, hujjatlar bir kun ichida kelishilgan tarzda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

Shu tariqa 27-28-dekabr kunlari viloyatdagi barcha shahar va tumanlarining xalq deputatlari kengashlari raislari hududlarning 2025-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlashga oid qarorlarni imzolagan.

Byudjet kodeksining 99-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan tuman va shahar hokimliklari 10-oktyabrdan kechiktirmay loyihalarni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirishi lozim.

Loyihalar jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan takliflar asosida qayta ko‘rib chiqilib, 1-noyabrdan kechiktirmay tegishli kengashlarga kiritilishi zarur.

Afsuski, hududlardagi adliya bo‘limlari boshliqlari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmagan qaror loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosa berishgan. Bundan tashqari, qarorlar kengashlar raislari tomonidan sessiya o‘tkazilmasdan va deputatlar tomonidan tasdiqlanmasdan qabul qilingan”, deb yozdi Daryo.uz.

Jamoatchilik mahalliy va respublika darajasidagi deputatlardan byudjet nazoratini kuchaytirishni talab qilib keladi.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qariyb 10 trillion so‘mlik byudjet o‘zgarishini sanoqli daqiqada tasdiqlab bergani ham e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG