Линклар

Шошилинч хабар
25 май 2022, Тошкент вақти: 09:43

OCCRP: Poroshenko ofshor shirkatlar orqali qimmatbaho buyumlar xarid qilgan


Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenko.

Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenko ofshor shirkatlar orqali qimmatbaho bezak ashyolari va san’at asarlarini sotib olgan – buni Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi (OCCRP) aniqladi.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, Poroshenko 2010 - yilda yordamchisi Sergey Zaysev yordamida o‘z nazoratiga olgani taxmin qilinayotgan kamida olti ofshor shirkat orqali o‘nlab million dollarli xaridlar qilgan. Mazkur shirkatlarga xizmat ko‘rsatgan Avstriyaning “Raiffeisen” banki Zaysevni ularning benefitsiari sifatida ko‘rsatgan.

Tadqiqot materialida “Raiffeisen” banki xizmat ko‘rsatadigan yana 11 shirkat Poroshenkoning biznes-saltanatiga aloqador bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Nomi zikr qilingan bank 2018 - yilda “benefitsiar mulkdor shaxsini noo‘rin tekshirgani va zarur hujjatlar, ma’lumot va axborotlarni bevaqt yangilagani uchun” Avstriya moliya bozori boshqarmasi (FMA) tomonidan 2.75 mln yevro jarimaga tortilgandi. FMA o‘shanda bank mijozlaridan kim yanglishish orqasida identifikatsiya qilinganini ochiqlamagan.

2019 - yil dekabrda Avstriya Oliy ma’muriy sudi ushbu jarimani bekor qilgan.

2010-yillar boshida Poroshenko Kiyev yaqinida o‘ziga dang‘illama uy-joy solgan. 2009 - yildan 2012 - yilgacha Petro Poroshenko va uning xotini Marina “Vernon Holdings” offshor shirkatidan foydalangan holda, Italiyadagi hashamatli mebel ishlab chiqaruvchilardan qiymati 100 ming dollardan ortiq furnitura sotib olgan.

2013 - yilda Poroshenko, yana shu “Vernon Holdings” orqali jami 4.8 mln funt sterlingga san’at buyumlari xarid qilganki, ular orasida mashhur rus rassomi Ilya Repinning “Kazaklar Qora dengizda” kartinasi ham bor.

OCCRP so‘roviga javoban Poroshenkoning yuristlari uning ko‘rsatilgan hech bir shirkat bilan bog‘liq joyi yo‘qligini urg‘uladi. “Petro Poroshenko ushbu shirkatlardan hech birining hissadori, yakuniy benefitsiari yoki xizmatchisi emas”, deyilgan ularning javobida.

Sergey Zaysev tadqiqotchilar xatiga javob bermagan. “Raiffeisen” banki mazkur masalalar bo‘yicha faqat vakolatli davlat idoralari tekshiruv o‘tkazishi mumkinligini aytgan.

Petro Poroshenko 2012 - yilda Ukraina chegaralari va bojxonasidan dunyoga mashhur rassomlar chizgan 43 kartinaning o‘tkazilishiga oid jinoyat ishida guvoh sifatida qatnashgandi.

Tergov taxminicha, suratlar bojxona nazoratidan yashirilgan. Poroshenkoning o‘zi esa kartinalar avvalroq qonuniy xarid qilingani va u prezident bo‘lib saylangunicha Ukrainaga keltirilganini, bojxona deklaratsiyasining nusxalarini saqlab qo‘yganini aytgan.

Poroshenkoning advokati Ilya Novikov Ukrainaning sobiq prezidentiga nisbatan ish 2020 - yil fevralda “Gordonua.com” saytidagi maqola asosida qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Gordon” nashri esa advokatga javoban, bor-yo‘g‘i Ukraina xavfsizlik kengashi (UXK)ning sobiq rahbari va ayni paytda “Batьkіvshchina” partiyasidan saylangan deputat Valentina Nalivaychenko so‘zlaridan iqtibos keltirganini bildirgan.

“Efir vaqtida UXKning sobiq boshlig‘i, Poroshenko va uning biznes-hamkori Oleg Gladkovskiy “Vernon Holding Ltd” ofshori orqali jahon auksionlarida qimmatbaho suratlarni xarid qilib, Seyshel orollaridagi faxriy konsullik nomiga rasmiylashtirgan holda Ukrainaga keltirishganini aytdi.

Gladkovskiy ilgari Ukrainaning Seyshel orollaridagi faxriy konsuli bo‘lib ishlagan.

Nalivaychenkoning ma’lumotiga ko‘ra, shu yo‘l bilan 45 ta kartina (jinoyat ishida 43 ta kartina haqida gap boradi) Ukrainaga keltirilgan bo‘lib, ular orasida Kazimir Malevich, Ilya Repin, Konstantin Korovin, Ivan Ayvazovskiy, Isaak Levitan va boshqa musavvirlarning asarlari bor”, - deya ma’lumot bergan Gordonua.com tahririyati.

XS
SM
MD
LG