Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2022, Тошкент вақти: 03:13

"Odamlarga gaz sepildi". IIV vaziri ortidan Qashqadaryo hokimi chiroqchiliklarni tinchlantirdi


"Qora niqoblilar" odamlarga qarshi ishlatgan balloncha. (Videodan skrinshot)

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning Qashqadaryo viloyatiga safari bir kun avval viloyat bo‘ylab o‘tkazilgan reyd va aholining norozilik chiqishlari manzarasida o‘tdi.

Tarmoqlarda 27 - noyabr kuni Chiroqchi tumanida “qora niqob” taqqan xodimlar oddiy aholiga nisbatan "gaz ishlatgani" iddao qilingan video tarqaldi. Shu kuni bir guruh chiroqchilik haydovchilar IIB avtobusi yo‘lini to‘sib, nohaq olingan hujjatlari qaytarilishini talab qilishdi.

Bir vaqtning o‘zida “qora niqoblilar” otryadi chiroqchilik haydovchi mashinasiga dubinkalar bilan “hujum” qildi.

Ushbu voqealar manzarasida 28 - noyabr kuni viloyatga safar qilgan vazir Po‘lat Bobojonov Qashqadaryodagi qator rahbarlarni ishdan chetlatgani va 33 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llagani ma’lum qilindi.

Qashqadaryoliklar IIB xodimlari jazolanganini Chiroqchidagi hodisalarga javob tarzida qabul qilishganini aytishmoqda.

IIV matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov Ozodlikka vazirning Qashqadaryoga safari oldindan rejalanganini aytdi. Ayni paytda norozi odamlarga qarshi "gaz ishlatilgani" iddao qilingan videoni izohlamadi.

U IIB xodimlarining jazolanishi bilan Chiroqchidagi voqealar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini ta’kidladi.

Chiroqchiliklar: “Qora niqoblilar odamlarga gaz sepdi"

27 - noyabr kuni ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda YPX hamrohligidagi qaysi kuch tizimiga tegishli ekani rasman ochiqlanmagan “qora niqobli” shaxslarning olomonga qarshi "gaz ishlatgani" iddao qilindi.

Videoda “qora niqob” taqqan va boshdan oyoq qora kiyingan ikki erkak YPX formasidagi xodim hamrohligida to‘planib turgan odamlar oldiga kelgani aks etgan.

Video davomida “qora niqoblilar”ning ikkalasining ham o‘ng qo‘lida dubinka, chap qo‘lida esa qandaydir balloncha borligi ko‘rinadi. Ballonchalar taxminan 10-15 santimetr uzunlikda bo‘lib, ular "qora niqoblilar"ning panjasiga sig‘ib turganini ko‘rish mumkin.

Videoda “qora niqoblilar”dan biri ballonchani ishlatib, odamlarga qaratgani ham aks etgan. Ballon ishlatilgan payti xuddi gaz sepilganidagi kabi ovoz ham eshitiladi. Bu ovoz videoda ikki marta eshitilgan va bundan balloncha ikki marta ishlatilgani anglashiladi.

Voqeani tasvirga olayotgan yigit “gaz ballon bilan odamni zaharlash mumkinmi?” deydi. Video davomida odamlarning hammasi bir paytning o‘zida yo‘talayotgani, ko‘pchilik kiyimlari bilan og‘zini yopib olgani va yoshi katta bir ayolning o‘tirib qolgani ko‘rinadi. “Gaz ballonni deb, momoning mazasi qochdi”, “skoriy chaqiringlar”, “shartmidi gaz ballon bilan odamlarni zaharlash” degan gap-so‘zlar eshitiladi.

Tasvirlarda yigitlardan birining “Tez tibbiy yordam”ga qo‘ng‘iroq qilayotgani ovozi ham eshitiladi.

Ozodlik 29 - noyabr kuni ushbu voqeaga guvoh bo‘lganlardan biri bilan suhbatlashdi. Ismi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan yigitning aytishicha, voqea Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan:

“Shanba kuni GAI xodimlari “qora maskalilar” bilan birga reyd o‘tkazdi. Aybi bormi, yo‘qmi demay, ko‘pchilikning mashinasini jarimaga tiqib qo‘ydi. Odamlar shunga norozilik bildirib, Chiroqchidagi GAI posti oldidagi ko‘prik ustiga to‘plandi. Keyin “qora maskalilar” kelib, odamlarga qarshi gaz ballon ishlatdi. Shu yerda turganlarning hammasining nafasi qisildi. Bir momoninng mazasi ham qochib qoldi”.

Chiroqchilik yigit videodagi tobi qochgan ayolning hozirda sog‘ligi joyida ekani, u kasalxonaga yotqizilmaganini aytdi.

Haydovchilar noroziligi: IIB avtobusi “qamal” qilindi

Shu kunning o‘zida, ushbu voqeadan biroz o‘tib, Chiroqchida sodir bo‘lgan yana bir hodisaning videosi tarqaldi.

Videoda bir guruh odam IIB avtobusi oldini to‘sib turgani aks etgan. Tasvirda o‘zini Sharofiddin Ergashev deb tanishtirgan yigit, IIB xodimlari reyd payti uning mashinasi signalida muammo bor, degan vaj bilan jarima maydoniga olishganini aytadi. Biroq u mashinasida signal bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidlaydi.

Video davomidagi gap-so‘zlardan avtobus ichida YPX xodimi “bekinib” o‘tirgani, to‘plangan olomon esa avtobusning yurishiga to‘sqinlik qilayotgani tushuniladi.

Ozodlik 29 - noyabr kuni mashinasi jarima maydoniga olinganini aytgan haydovchi Sharofiddin Ergashev bilan suhbatlashdi. Ergashevga ko‘ra, shu kuni odamlar to‘polonidan so‘ng YPX xodimlari usta chaqirib, uning mashinasini qayta tekshirishgan va mashina signalida muammo yo‘qligi aniqlab, qaytarib berishgan.

“Qora niqoblilar dubinka bilan hujum qilgan" mashina taqdiri

27 - noyabr kuni Chiroqchida sodir bo‘lgan yana bir voqea videosi tarmoqlarga tarqaldi.

Videoda bir guruh “qora niqoblilar” va YPX formasidagi xodimlar "Lacetti"

rusumli avtomobilni o‘rab turgani aks etgan. Video davomida “hayda”, “bos” degan hayqiriqlar eshitiladi va mashinani o‘rab turgan organ xodimlari bir paytning o‘zida dubinkalari bilan avtomobilga har tomondan urayotgani ko‘rinadi. Shu payt mashina haydovchisi oldini to‘sib turgan “qora niqoblilar”ni “yorib”, voqea joyidan “qochib” qoladi.

Ushbu voqea tarmoqlarda keng muhokama qilinib, “qora niqoblilar” harakati keskin qoralangach, Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi 28 - noyabr va 29 - noyabr kunlari ketma-ket ikkita bayonot tarqatdi.

“Chiroqchi tumani, Kommuna MFY hududidan o‘tgan ichki yo‘lda YPX xodimlari tomonidan Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilgan vaqtda, haydovchi qonuniy talabni bajarmasdan avtomobilning oynasi va eshiklarini qulflab oldinda turgan soha vakillarining ustiga transportni boshqargan. Mazkur jarayonda xodimlar tomonidan maxsus vositalar qo‘llanilib, haydovchini to‘xtatish choralari ko‘rilganligiga qaramasdan haydovchi voqea joyidan qochib ketgan. Hozirda YPX xodimining bildirgisi asosida bo‘ysunmay harakatlangan haydovchi yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Keyinchalik viloyat IIB axborot xizmati “qochib ketgan” Lacetti haydovchisining "kechirim so‘ragan" videosini ham e’lon qildi.

29 - noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi Lacetti haydovchisiga nisbatan jinoyat ishi ochilagani haqida xabar qildi:

"Mazkur holat tegishli tartibda hujjatlashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchi H.A.ga nisbatan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan".

Vazirning tashrifi: Jazolangan va ishdan haydalgan iibchilar

Chiroqchidagi ushbu voqealarning ertasiga Qashqadaryoga Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov borgani xabar qilindi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Bobojonov boshchiligidagi IIV ishchi guruhi “Qashqadaryoda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash va bu boradagi faoliyatni yanada jadallashtirish hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida” borib, yig‘ilish o‘tkazgan.

“Yig‘ilishda xizmat faoliyatida jiddiy kamchilikka yo‘l qo‘ygan 33 nafar rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari belgilandi, 3 nafar xodimlar ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi, 11 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, deya xabar qiladi Nasafnews nashri.

Ayni paytda Bobojonov 11 nafar IIB xodimini rag‘batlantirgani ham xabar qilindi.

Nasafnews nashri “Chiroqchidagi mashmasha ortidan” Qashqadaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i va Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i ishdan olinganini xabar qildi.

Biroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov Ozodlikka Qashqadaryodagi ishdan olishlar va intizomiy choralarning Chiroqchidagi voqealarga umuman aloqasi yo‘qligini bildirdi.

“Umuman ishdan bo‘shatishlarning Chiroqchidagi voqealarga aloqasi yo‘q. Hammasi rejalashtirilgan, doim qilinadigan narsa. Yil davomida sarhisob qilinadi. Nechta odam ishdan olingan, nechta odam rag‘batlantirilgan. Bunday tadbirlar doimiy ravishda o‘tkaziladi. Jinoyatchilikni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, ichki ishlar profilaktikasi maqsadida bunday tadbirlar oldindan belgilangan reja asosida doimiy ravishda o‘tkaziladi”, dedi G‘iyosov.

Ayni paytda G‘iyosov IIB xodimlari aholiga qarshi "gaz ishlatgani" haqidagi iddaolarni izohlaganicha yo‘q.

“Holat o‘rganilmoqda, huquqiy baxo berilganidan so‘ng axborot beriladi”, - dedi G‘iyosov Ozodlik so‘roviga javoban.

Hokim izohi

Qashqadaryo viloyatiga yangi tayinlangan hokim Murodjon Azimov Chiroqchidagi Lacetti haydovchisi voqeasiga munosabat bildirib, IIB xodimlarini og‘ir, bosiq va madaniyatli bo‘lishga chaqirgan.

“Daryo” nashri xabariga ko‘ra, Murodjon Azimov bu haqda 29 - noyabr kuni o‘tgan yig‘ilishda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga tayinlangan yangi rahbar Aziz Sadirovni mas’ullarga tanishtirish chog‘ida gapirgan:

“Kecha ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rdik. IIB xodimi qo‘lidagi tayoq bilan fuqaro avtomobilini uryapti. Bu nimasi? IIB xodimi og‘ir, bosiq va madaniyatli bo‘lishi kerak-ku. Mayli, haydovchi aybdor, lekin IIB xodimi bunday paytda aql bilan ish tutishi kerak”.

Chiroqchida qamalgan besh iibchi voqeasi

Bu Chiroqchida aholining ichki ishlar xodimlaridan birinchi noroziligi emas.

O‘tgan yil sentabrida Chiroqchi tuman IIBning 5 nafar xodimi fuqaroning o‘limida aybdor, deb topilgan.

32 yoshli Yusuf Abdurahmonov 2020 - yil yanvarida mol o‘g‘irlaganlikda gumon qilinib, ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinishi ortidan IIBdagi qiynoqlar natijasida vafot etgan.

Hodisa ortidan ijtimoiy tarmoqlarda vazir Po‘lat Bobojonovning iste’fosiga chaqiriqlar yangragan.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Chiroqchi tuman ichki ishlar bo‘limining besh xodimi 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan.

XS
SM
MD
LG