Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

"Oilaviy qadriyatlar": Ozarbayjonda prezident qarindoshlarining banklari gullab-yashnayapti


Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasi Mehribon Aliyeva Vengriyaga tashrif chog‘ida - 20-avgust, 2023
Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasi Mehribon Aliyeva Vengriyaga tashrif chog‘ida - 20-avgust, 2023

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning 20 yillik hukmronligi davrida uning qarindoshlari tabiiy resurslar, havo yo‘llari va qurilish kabi yirik sohalarda davlat shartnomalarini qo‘lga kiritish orqali katta boylik orttirdi.

Bank sohasi Ozarbayjonning birinchi oilasi uchun muhim daromad manbaiga aylangan. Aliyevning qizlari va boshqa yaqin qarindoshlari xususiy banklardagi milliardlab dollar aktivlarni nazorat qiladi.

To‘liq yoki qisman Aliyevlarga tegishli bo‘lgan to‘rtta bank Ozarbayjon bank sektoridagi umumiy ulushini 2015-yildan beri qariyb uch baravarga oshirdi.

To‘rtta bank «Pasha Bank», «Kapital Bank», «Xalq Bank» va «Bank Avrasiya» biznesni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida ajratilgan kreditlarning eng yirik xizmat ko‘rsatuvchilariga aylandi. Bu esa yuzlab million manat aynan shu 4 ta bankka berilganini anglatadi.

Ozodlik Ozarbayjon xizmati surishtiruvidan aniq bo‘lishicha, Aliyev oilasiga aloqador banklarning umumiy aktivlari 2015-yilda 4 milliard manat (devalvatsiyaga qadar 5,1 milliard dollar) bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yil oxiriga kelib bu raqam 20 milliard manatga (joriy kurs bo‘yicha 11,8 milliard dollar) ga oshdi. Mazkur banklarning bank sektori aktivlaridagi umumiy ulushi mos ravishda 16 foizdan 43 foizgacha o‘sgan.

Ayni paytda, manatning ketma-ket devalvatsiyasi va 2015-yil yanvarida Ozarbayjon Markaziy bankining banklar faoliyati uchun zarur bo‘lgan minimal konsolidatsiyalangan kapitalni besh baravarga, ya’ni 50 million manatga (64 million dollar) ko‘tarish harakati ortidan yigirmaga yaqin raqobatchilar sohani tark etdi.

Aliyevga aloqador banklarning sakkiz yil ichida keskin o‘sishi qisman valyuta devalvatsiyasi bilan bog‘liq, ammo bu bank o‘z raqobatchilariga qaraganda aktivlarni ancha tez o‘zlashtirmoqda.

Prezident juftligi Turkiyaga tashrif chog‘ida. Iyun. 2023
Prezident juftligi Turkiyaga tashrif chog‘ida. Iyun. 2023


Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan past foizli davlat kreditlari ham mazkur to‘rt bankka ishonib topshirildi. Bank tahlilchilari Aliyevlarga tegishli banklarga imtiyoz berilayotgani biznes va aholi uchun kamroq tanlov imkoniyatini cheklashi hamda kredit foizlarini orttiradi degan xavotirda.

Ozarbayjonda 7-fevralda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Bu saylovda ham Aliyev g‘alaba qozonishi aniq. Negaki, mamlakatdagi qonunchilik va siyosiy muhit bunga imkon beradi.
Aliyev hukmronligidan yigirma yil o‘tib, Ozarbayjon Transparency International tashkilotining korrupsiya indeksida 180 mamlakat ichida 157 o‘rinni egalladi.

AQSH Davlat departamenti «hukumat bilan bog‘liq holding kompaniyalaridan iborat kichik guruh mamlakat iqtisodiyotida hukmronlik qilmoqda», deya ta’kidlagan.

Ozodlik radiosining Ozarbayjon xizmati Aliyevga aloqador to‘rtta bank bilan bog‘lanib, izoh so‘radi. Ammo, faqat Kapital Bank so‘rovga javob qaytardi va bu o‘sishini qisman onlayn-banking xizmatlari va boshqa texnologik vositalarning kengayishi bilan izohladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan kreditlar haqidagi savolga «Kapital Bank» bu savolga «tegishli davlat organlari»dan javob berishi mumkinligini aytdi.

Muganbank 20 yillik faoliyatdan so‘ng, o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Markaziy bank Muganbank ustav kapitali yetarli emasligi sabab bank litsenziyasini bekor qildi. Besh oy oldin Gunay bank ham xuddi shunday sabab bilan yopilgan edi.

Sakkiz yil ichida ustav kapital talablari kuchaytirilgani hamda valyuta inqiroziga olib kelgan neft narxining tushishi sababli 45 ta bankning deyarli yarmi 22 taga yopildi.

Parlamentning Iqtisodiy siyosat qo‘mitasi raisi sobiq o‘rinbosari, Aliyevning hukmron «Yangi Ozarbayjon» partiyasi a’zosi Ali Alirizayev buni quyidagicha izohladi:

“Dinamik bozor iqtisodiyoti sharoitida kompaniyalar bozor munosabatlariga moslashishi kerak. Bu aybni boshqalarga ag‘darish emas, bu bozor qonuni. Bizda ilgari 45 ta bank bo‘lgan bo‘lsa, har doim 45 ta bank bo‘lishi kerak degani emas."

Aktivlari bo‘yicha Ozarbayjondagi besh yetakchi bankdan uchtasi – Pasha Bank, Kapital Bank va Xalq Bankni Aliyevning ikki qizi hamda birinchi xonim Mehribon Aliyevaning qarindoshlari boshqaradi.

"Мирзиёевлар Амирлиги": Тармоқни титратган Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:57 0:00


Moliyaviy hisobotlarida Leyla va Arzu Aliyeva hamda ularning bobosi Orif Pashaevlar bank benefitsiarlari sifatida qayd etilgan.

Ozarbayjon Markaziy bankining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bu banklar 2022-yilda 486 million manat (285 million dollar), 2023-yilda esa 500 million manat (294 million dollar) dan ortiq foyda ko‘rgan.

Ozarbayjon Markaziy banki ajratilgan kreditlar haqida savolga javob bermadi.

Ozodlik radiosining ozarbayjon xizmatiga ko‘ra, Aliyevlar banki davlat xizmatchilarining maoshlarini taqsimlash va kommunal to‘lovlarni qabul qilishdan tashqari mahalliy tadbirkorlarga hukumat tomonidan moliyalashtirilgan kreditlar ajratishda ham markaziy rol o‘ynaydi.

Aliyevlar oilasi banklarining moliyaviy hisobotlari shuni ko‘rsatdiki, ushbu muassasalar mahalliy tadbirkorlar va boshqa qarz oluvchilardan TRJ (Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi) kreditlari bo‘yicha 1 foiz stavkada 5 foizdan 7 foizgacha foiz undirgan. 2022-yilda TRJ kreditlashning yarmidan ko‘pi Aliyevlar oilasiga tegishli banklari orqali berilgan.

Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon bank sektorida foiz to‘lovlaridan olingan daromad 2023-yilda 3,5 milliard manatni (2 milliard dollar) tashkil etgan. Bu summaning 38 foizi yoki 1,3 milliard manat (765 million dollar) Aliyevlar oilasining banklari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Leyla (chapda) va Arzu Aliyeva Boku, 2017-yil may.
Leyla (chapda) va Arzu Aliyeva Boku, 2017-yil may.

Ozarbayjon Markaziy banki iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini hozirda 16 foiz qilib belgilagan. Mustaqil ekspertlar esa, haqiqiy ko‘rsatkich bundan yuqoriroq ekanini aytmoqda.

Fuqarolar allaqachon mavjud kreditlarni qaytarishda qiynalmoqda va rivojlanayotgan monopoliya vaziyatni qiyinlashtiradi, deydi mustaqil iqtisodiy tahlilchi Olloberdi Aydin.

U “agar banklar yopilsa, hukmron oilaga tegishli banklar bozordagi ulushini yanada oshiradi. Yopilgan banklarning mijozlari ham o‘sha banklarga o‘tadi, fuqarolarda boshqa alternativa bo‘lmaydi», deya xulosa qildi.

XS
SM
MD
LG