Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2021, Тошкент вақти: 05:48

Oliy Majlis deputati kasal mollarni kambag‘allarga sotib chuv tushirdi - andijonliklar


Andijonliklarga sotilgan kasal mollarning tuyog‘i chiriy boshlagan

Andijonlik 42 nafar shikoyatchi Ozodlikka murojaat qilib, “Guliston nurli istiqboli” chorvachilik fermer xo‘jaligidan 2018 - yilda qoramol sotib olgani, biroq bu mollarning kasalligi yashirib sotilgani sabab ular nobud bo‘lgani yoki so‘yib sotishga majbur bo‘lganliklarini bildirdi.

Bo‘ston, Shahrixon, Buloqboshi tumanlarida yashaydigan shikoyatchilarning iddao qilishicha, kasallangan qoramollarni aholiga "aldab sotish" tadbiri ustida “Guliston nurli istiqboli” fermer xo‘jaligi rahbarining singlisi, ayni paytda O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Odinaxon Otaxonova turgan.

Odinaxon Otaxonova Ozodlikka qoramollarni sotish tadbirida "umuman qatnashmagani"ni aytdi.

Andijonliklarga sotilgan kasal mollarning tuyog‘i chiriy boshlagan.
Andijonliklarga sotilgan kasal mollarning tuyog‘i chiriy boshlagan.

Har bir oila - tadbirkor va... qarzdor

2018 - yilda 7 - iyunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish maqsadida PQ-3777 sonli qarorni imzolagan edi.

Ushbu qaror asosida Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Guliston nurli istiqboli” chorvachilik fermer xo‘jaligi “Agrobank” bilan kelishib, aholiga 7 foizlik kredit bilan 1000 dan ortiq qoramol sotdi.

Asosan xorijdan olib kelingan qora-ola, qizil-ola zotli mollarning deyarli hammasi tuyog‘idan chirish kasaliga chalingani, xaridorlarning aytishicha, ulardan yashirilgan.

Tunda sotilgan mollarning kasalligini bilmagan odamlarning aksariyati, ertasi kuni yana qaytarib fermaga olib kelishgan. Ammo shartnomaga imzo chekkanliklari bahona qilinib, birorta ham mol qaytarib olinmagan.

“Bo‘g‘oz deb sotilgan mollarning bari qisir va kasal chiqdi”

Bo‘ston tumanida yashaydigan pensioner Olimjon Eshmatov ham bankdan 70 million so‘m 7 foizli kredit olib, 8ta mol olishga kelishganini aytar ekan, oqibatda 4ta qisir kasal molga ega bo‘lganini aytadi:

Borsam men rasmga tushirgan mollar yo‘q, boshqa to‘rtta molni ko‘rsatdi.

- Fermaga borganimizda Odinaxon Otaxonova bilan uchrashdik. Fermaning norasmiy rahbari aslida shu opa bo‘ladi. Opasi Nasibaxon Ismoilovaning nomiga rasmiylashtirib qo‘ygan. Odinaxon ikkita katta molni ko‘rsatib, ana shunaqa mollar sotilyapti, dedi. Xullas, menga 8ta mol beradigan bo‘ldi. Schet-faktura yozib berdi. Bankka olib kelib topshirdim. Bank 70 million 500 ming so‘mni bir haftada fermaning schetiga tushirib berdi. Borsam men rasmga tushirgan mollar yo‘q, boshqa to‘rtta molni ko‘rsatdi. Sakkiztaning o‘rniga to‘rtta berdi. Kech keldingiz, endi shularni olasiz to‘rt oylik bolasi bor, 30-35 litr sut beradi, dedi. Pulni tushirib qo‘yganman, noiloj olib keldim.

Olimjon Eshmatovga ko‘ra, uyga kelganidan so‘ng u mollarning kasalligini bilgan:

Bo‘g‘oz deb bergan qolgan uchta moli ham qisir ekan. Bittasiga sakkiz marta, bittasiga o‘n bir marta urug‘ qo‘ydirdim, bo‘lmadi.

- Menga 24 million so‘mga bergan mol uch kunda o‘lib qoldi. Tuyog‘i chirishni boshlagan ekan. Do‘xtirga ko‘rsatdim, u ham hech narsa qilolmadi. Shokka tushib qoldim. Ertasiga fermaga bordim, Odinaxonning opasi Nasibaxonga uchrashib, shunaqa bo‘lib qoldi, kasal mol beribsizlar, dedim. O‘zim 350 ming so‘m pensiya olsam, mol boqib sal o‘zimni tiklab olay degandim, desam, men Odina bilan gaplashaychi, borovring dedi. Yana 15 marta bordim, boshqa kelmang, mol ham yo‘q, pul ham yo‘q, dedi. Bo‘g‘oz deb bergan qolgan uchta moli ham qisir ekan. Bittasiga sakkiz marta, bittasiga o‘n bir marta urug‘ qo‘ydirdim, bo‘lmadi. Hadeb tuyog‘i kasallanaveradi, do‘xtirga qaratovraman, bir yarim yil boqdim, bo‘lmadi. Qarzga botib ketdim. Axiri bittasini 8, ikkitasini 12 million so‘mga sotdim. Shunday qilib 50 million so‘mga kuyib o‘tiribman. Bu hali kreditning foizidan tashqari.

Olimjon Eshmatovning iddaosicha kasal qoramol sotib olgan odamlar 500 nafardan ko‘p.

Arizachilar ro‘yxati
Arizachilar ro‘yxati

“Mollarni qorong‘ida, aybini yashirib sotishdi”

Bo‘ston tuman, Chorvador MFYda yashovchi Sirojiddin Orifjonov ham ham aldov qurboni bo‘lganini aytadi:

O‘shanda bu tadbirni atayin kechasiga qoldirishganining tagida odamlarni bir-biriga qizg‘antirib, kasal mollarni sotish maqsad bo‘lganini keyin tushunib yetdik.

- Shahrixonda fermada kreditga mol beryapti ekan, deb eshitganimdan so‘ng men ham bordim. Odam ko‘p, to‘polon. Bankdan ham bir vakil kelgan ekan, o‘sha yerning o‘zida rasmiylashtirib qo‘l qo‘ydirib olishyapti. To qog‘ozlarini taxlab bo‘lishdiki, yarim kechasi bo‘ldi. Keyin hammani fermaga olib kirib, mollarni tashqariga haydab chiqarishdi. Xohlaganingni ushlab ol, dedi. Hamma yopirildi, men ham to‘polonda bittasini ushlab olib chiqdim. Bu 20 million so‘m turadi, dedi Odinaxon opa. Bu qimmatku desam, bor ketaver, boshqa oladigan bor deydi. O‘shanda bu tadbirni atayin kechasiga qoldirishganining tagida odamlarni bir-biriga qizg‘antirib, kasal mollarni sotish maqsad bo‘lganini keyin tushunib yetdik. Uyga olib kelib ko‘rsam, tuyoqlari skoch qilingan. Ochib ko‘rsak iriy boshlagan ekan. Kechasida ko‘rmaganmizda. Qaytarib olib borsak, olmadi. Qorovullari haydab yubordi. To‘rt marta urug‘ qo‘ydirdim, qochmadi. Bir litr sut ham bermadi. Do‘xtirga ko‘rsatdik, eplolmayman, dedi. Bir haftadan keyin 8 million so‘mga qassobga berib yubordim.

“Narxlarni o‘zlari xohlagancha qo‘yishdi”

Buloqboshi tuman, Guzar MFYda yashovchi Sharifjon Alimqulovning aytishicha, Odinaxon Otamurodova xaridorlarning ko‘pligidan foydalanib kasal mollarning narxini yana oshirgan:

“Narxlarni o‘zlari xohlagancha qo‘yishdi”

Buloqboshi tuman, Guzar MFYda yashovchi Sharifjon Alimqulovning aytishicha, Odinaxon Otamurodova xaridorlarning ko‘pligidan foydalanib kasal mollarning narxini yana oshirgan:

Yana to‘rt millioncha pul sarf qildim. Bo‘lmadi. Kasal bo‘lib kundan kunga ozib ketaverdi.

- Men oladigan mollarni 10 million so‘mdan, deb aytishgan edi. Keyin odam ko‘payib ketgandan so‘ng, opa bu mollar 13 milliondan, dedi. Ha mayli, qochirsak, tug‘sa, bir narsa bo‘lar, deb olib keldik. Qayda, olib kelsak kasal bo‘lib qoldi. Yana to‘rt millioncha pul sarf qildim. Bo‘lmadi. Kasal bo‘lib kundan kunga ozib ketaverdi. Bir mol sotadigan tanishimga 5 million so‘mga bervordim. Endi molning kreditini uzaman deb fabrikada ishlayapman. Yo‘llar ochilsa, chetga chiqib ishlab kelmasam bo‘lmaydi endi. Rosa boplab, aldab sotishdi. Xalq kuyib qoldi.

Yana bir bo‘stonlik Dostonbek Tursunov ham 78 million so‘mga to‘rtta kasal mol sotib olganini, ularni tuzatolmagach qassobga berib yuborishga majbur bo‘lganini aytadi:

- Uyga keltirib ko‘rsak oyoqlariga skoch bog‘langan ekan. Ikki oy qaratdim, yana qancha pulim ketdi. Tuzalmadi, 37 million so‘mga qassobga berib yubordim.

“Mollarni ko‘rgani do‘xtir olib borgan edim, qo‘ymadi”

Bo‘ston tuman, Gulshan MFYda yashovchi Dilafro‘z Azimovaning aytishicha, chorvachilik fermasi rahbarlari mollarning kasalligini yashirish maqsadida begona veterinarni kirgizmagan:

Olib kelib dori qildik, ikki oydan keyin kechasi harom o‘lib qoldi.

- Biz o‘zimiz olib borgan do‘xtirlarimizni molga yaqinlashtirmadi. O‘zlarining do‘xtirlari sog‘lom mol, deb og‘zaki kafolat berishdi. Keyin molni olib chiqishdi, qarasak, tuyog‘lari skochlangan ekan. Nega bunaqa desak, tuyog‘i orasiga tosh kirgan edi, yaxshi bo‘lib qoladi, dedi. Olib kelib ,dori qildik, ikki oydan keyin kechasi harom o‘lib qoldi. Biz mol sotilayotganini bilmas edik, bank xodimlari olib borgan edi. Ikki kundan keyin molini qaytarib olib borgan edim. Odinaxon men darvozadan chiqqan molni qaytarib olmayman, xohlagan joyingga boraver, dedi. Odinaxon odamlarning uyini kuydirdi, nahot kasal molni sog‘lom deb sotishga vijdoni chidasa?

Ozodlik kreditga kasal mol sotib olgan o‘ndan ortiq andijonlik bilan suhbatlashdi. Ularning hammasi bu mollardan kuyib qolganini aytdi.

Ozodlik andijonliklarning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Odinaxon Otaxonova bilan bog‘landi. Deputat bu voqealarda o‘zining ishtiroki borligini qat’iyan inkor qildi:

- Men “Guliston nurli istiqboli” rahbari emasman, men “Inomjon fayz” chorvachilik xo‘jaligi rahbariman.

Ozodlik: - Siz o‘shanda qoramol sotilishida ishtirok etgan ekansiz...

O.Otaxonova: - Umuman ishtirok ham etmaganman, hech kim bilan ko‘rishmaganman, u yerda yo‘qman. U mendan 15 kilometr narida, to‘g‘ri, qarindoshim Ismoilova Nasibaxon rahbar. Mening fermer xo‘jaligim Saroy qishlog‘ida joylashgan. Hech ham ular bilan ko‘rishmaganman. Men bilmayman ham, ular bilan aloqam ham yo‘q.

Ozodlik: Aloqangiz borligi Ichki ishlarning qarorida ko‘rsatilgan...

Odinaxon Otaxonova Ozodlik savoli tugamasdan aloqani uzib qo‘ydi va boshqa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

"Guliston nurli istiqboli" chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Nasibaxon Ismoilovaning telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo 2019 - yil 12 - noyabr kuni Shahrixon tumani IIB boshlig‘i T.Abdujalilov tasdiqlagan qarorda Odinaxon Otamurodovaning bu tadbirda bevosita ishtirok etgani tasdiqlangan:

“Holat yuzasidan Otaxonova Odinaxon bilan telefon orqali suhbatlashilganda “Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi PQ-3777 sonli qarori asosida barcha kreditga naslli mol olish uchun kelgan fuqarolarga qoramollarni sotib olishdan oldin hayvonning sog‘lig‘ini tekshirib olishlari, naslli mollar qishloq mollariga nisbatan o‘n baravar ko‘p ozuqa yeyishligi, sotib olishdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘rishlarini maslahat bergan. Shuningdek har bir chorva fermasidan sotib olingan hayvonlar egalariga hayvonni sog‘-salomat qabul qilib olganligi to‘g‘risida tilxat yozdirib olganligini” ma’lum qilgan”.

Jinoyat ishini rad etish to‘g‘risidagi qarordan nusxa
Jinoyat ishini rad etish to‘g‘risidagi qarordan nusxa

Qarorda Odinaxon Otamurodovaning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi, da’vogarlar fuqarolik sudiga murojaat qilishi mumkinligi aytilgan.

Bo‘stonlik Olimjon Eshmatov 42 nafar jabrlanganlar nomidan Odinaxon Otamurodovaning bu xatti-harakatiga qonuniy chora ko‘rish uchun, Shahrixon tumani IIB, prokuraturasi, prezident Xalq qabulxonasiga, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tuman sudi ham arz qilgan:

Bizlar tuyaning ustida it qopgan kambag‘al oilalarmiz. Deputat Odinaxon Otaxonovaning kasallangan mollari bilan siylandik!”

“Andijon sudlari ham o‘yinchoq ekan. Qo‘limizda shuncha soxta qarorlar, yuzlab guvohlar borligiga qaramasdan bizni umuman tinglamadi. Bizga deyarli so‘z bermadi. Javobgar tomon nima desa o‘shani ma’qullayverdi. Yuzlab andijonlik puxta o‘ylangan hiylaning qurboni bo‘ldi. Bu odamlar puldor emas, balki kreditga bitta mol olib ko‘paytirsam, turmushimni biroz yaxshilasam degan umiddagi kambag‘al aholi vakillari edi. Barno degan ayol shunday degan edi: “Bizlar tuyaning ustida it qopgan kambag‘al oilalarmiz. Deputat Odinaxon Otaxonovaning kasallangan mollari bilan siylandik!”

XS
SM
MD
LG