Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari suvdan zaharlandi.
Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, 15-sentyabrdan 19-sentyabrga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligi gumoni bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Zaharlanishga maktab hududidagi filtrlanmagan suv sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati suv, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namuna olgan.
Holatni Bolalar ombudsmani, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘rganayotgani, prokuratura tergovga qadar tekshiruv boshlagani xabar qilingan.
Joriy yil yanvar oyida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ham o‘quvchilarning ovqatdan zaharlashi qayd etilgan edi.
2023-yil sentyabr oyida Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari – 70 dan ortiq bolaning zaharlanishi ham jamoatchilik orasida katta rezons uyg‘otgandi.