Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 12:43

Omikron Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiada o‘yinlariga soya solmoqda


Xitoy yaqinlashib kelayotgan Qishki Olimpiada o‘yinlari ishtirokchilarini “yopiq doiraga” olib, koronavirus tarqalishi oldini olishni rejalashtirmoqda. Ammo virusning o‘ta yuqumli omikron shtammi Pekinning yangi COVID-19 o‘chog‘i paydo bo‘lishi oldini olish urinishlari uchun sinov bo‘lishi kutilmoqda.

Mamlakatda bugunga qadar sanoqli odam omikron shtammini yuqtirdi. COVID-19 virusi bundan ikki yil oldin aynan Xitoyda, xususan, Uxan shahrida birinchi marta aniqlangan edi. O‘shandan beri Pekin sayohat cheklovlari va karantinlar kabi jiddiy choralar yordamida koronavirus keng tarqalishi oldini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo 4 - fevralda boshlanadigan o‘yinlarda qatnashish uchun 2 000 dan ortiq xalqaro sportchi Xitoyga boradi. Bundan tashqari, Olimpiadaga yana 25 000 “manfaatdor shaxs” jalb qilinishi kutilmoqda. Ularning ko‘pchiligi xorijdan boradi. Olimpiada tashkilotchilari aynan nechta odam yopiq doirada saqlanishini ochiqlagani yo‘q.

O‘tgan payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tashkiliy qo‘mita matbuot kotibi Yan Jiarong tashkilotchilar rejalashtirilayotgan choralar “Qishki Olimpiada o‘yinlari va Qishki Paralimpiya o‘yinlari xavfsiz va belgilangan muddatda o‘tkazilishini ta’minlashiga” ishonishlarini aytdi.

Tokioda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiada o‘yinlariga solishtirganda Pekin va qo‘shni Xebey provinsiyasidagi Chjantszyakou shaharlarida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar davomida ancha qat’iy cheklovlar joriy qilinadi.

Tashkilotchilar o‘yinlarga aloqador xodimlarni mahalliy aholidan to‘liq izolyatsiya qilmoqchi. Xorijlik ishtirokchilar esa maxsus transport yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan shaharlarga uchib borib, uni tark etmaydilar va ortga uchib ketadilar.

Koronavirusning delta varianti global miqyosda tarqalayotgan bir paytda bo‘lib o‘tgan Tokio o‘yinlari davomida ham o‘xshash cheklovlar joriy qilingan edi, lekin mahalliy jurnalistlar va ko‘ngillilar izolyatsiya “pufagiga” kiritildilar. Qolaversa, mamlakatda 14 kun qolgan chet ellik mehmonlarga manfiy test natijalari bilan shaharga chiqishga ruxsat berildi.

Ammo oldingi shtammlarga qaraganda ancha oson yuqadigan omikron global miqyosda COVID-19 infeksiyalari rekord darajada oshishiga sabab bo‘lmoqda va sport taqvimlarini izdan chiqarmoqda.

Shimoliy Amerika milliy xokkey ligasi 90 ta o‘yinni keyinga qoldirdi. Liga COVID-19 ortidan yuzaga kelgan kechiktirishlar tufayli o‘z o‘yinchilarini xokkey bo‘yicha Olimpiada turniriga yubormasligini e’lon qildi. Juma kuni Kanada Olimpiya qo‘mitasi bosh direktori o‘yinlar qoldirilishidan xavotirda ekanligini aytdi.

“[Ushbu shtammni] men ba’zan “sprinter” deb atayman. U juda yuqumli va tez”, dedi London Universitet kolleji epidemiologiya professori Iren Petersen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuzda Glazgo shahrida bo‘lib o‘tgan BMT iqlim konferensiyasi keng ko‘lamli xalqaro tadbirni analizlar yordamida yuqtirishlar sonini minimal darajada ushlagan holda o‘tkazish mumkinligini ko‘rsatdi.

“Ammo u delta davrida o‘tkazildi ... Omikronga o‘xshash narsani ko‘rmaganmiz”, deya so‘zini davom ettirdi u.

O‘yin tashkilotchilarining ta’kidlashicha, joriy yil boshida 2 000 ga yaqin xorijlik ishtirokida o‘tkazilgan test tadbirlari Pekinning COVID-19 choralari samarali ekanligini ko‘rsatgan. Pekin sinov tadbirlari paytida sportchilar orasida juda oz virus yuqtirish holati qayd etilganini xabar qilgandi.

AQShda joylashgan Tashqi aloqalar kengashining global sog‘liqni saqlash bo‘yicha katta ilmiy xodimi Yanchjun Xuan “Reuters” agentligiga bergan intervyusida:

“Tizim shunday tuzilganki, u Xitoy xalqining virusga duchor bo‘lish ehtimolini ozaytiradi”, dedi.

Bunga qaramay, Xuan Olimpiada o‘yinlari tufayli virus tarqalishi xavfi oshishini aytdi.

“Buning sababi nafaqat ko‘pchilik virusga duchor bo‘lmagani uchun xitoyliklar bunday epidemiyalarga nisbatan zaif ekanida, balki Xitoy vaksinasi yangi infeksiyalar oldini olishda uncha samara bermaganidadir”.

Xitoy aholisining 85 foizga yaqini asosan “Sinopharm” va ”Sinovac” tomonidan ishlab chiqarilgan Xitoy vaksinalari bilan emlangan. 20 000 ga yaqin xitoylik ko‘ngillining barchasi va Olimpiya o‘yinlarining yopiq doirasiga kiritiladigan boshqa shaxslarning barchasi emlangan. Klinik tadqiqotlarda xitoy vaksinalarining samaradorligi 50% dan 83.5% gacha, “Pfizer” va “Moderna” vaksinalari samaradorligi esa 90% dan yuqori ekanligini ko‘rsatgan.

Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, vaksinalarning antitana yaratish qobiliyati omikron yuqtirgan shaxslarda oldingi shtammlarga qaraganda zaifroq, ammo yangi shtamm vaksinalarning umumiy samaradorligiga qanday ta’sir qilishi noma’lumligicha qolmoqda.

Tokioda bo‘lgani kabi, Pekinda bo‘lib o‘tadigan Qishki o‘yinlarga ham xalqaro tomoshabinlar kiritilmaydi. Bundan tashqari, mahalliy tomoshabinlar soni keskin cheklanadi.

Olimpiada ishtirokchilari Pekinga maxsus tashkil etilgan reyslarga chiqishdan oldin qayta-qayta analiz topshirishlari kerak bo‘ladi. Ishtirokchilar Xitoyga yetib borganidan keyin emlanishi yoki uch haftalik karantinga olinishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, har bir inson har kuni analiz topshiradi.

Biroq virusning inkubatsiya davridagi holatlarni aniqlash uchun bunday testlarga tayanib bo‘lmaydi. Tashkilotchilar xorijdan ko‘p sonli ishtirokchi kelishini hisobga olib, “ma’lum miqdorda” COVID-19 holatlari aniqlanishi kutilayotganini tan olishdi.

“Agar siz virus yuqtirishi mumkin bo‘lgan odamlarni istisno qilish uchun testlardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, ularni ostonada tekshirishingiz kerak bo‘ladi”, dedi Petersen.

Vellingtondagi Otago universitetining sog‘liqni saqlash professori Maykl Beyker “Reuters” agentligi bilan suhbatda bir necha mamlakatdan odam borishi hamda sportchilar va xodimlar bir yerda to‘planishiga qo‘shimcha ravishda yuqumli va inkubatsiya davri qisqaroq bo‘lgan delta va omikron shtammlari vaziyatni yanada mushkullashtirishini aytdi.

“Natijada Olimpiada paytida yuzaga keladigan epidemiyalarni cheklash qiyin bo‘ladi, virus o‘yin ishtirokchilari orasida hamda ulardan jamoatchilikka yuqishi xavfi bo‘ladi”.

Omikron shtammi noyabr oyi boshida Afrika janubida aniqlangan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, virusning ushbu varianti mutatsiyalari soni avval aniqlangan barcha shtammlarnikidan ko‘p – 32 ta. Bu o‘zgarishlar omikronning yuqumliligini va inson hujayralariga kirib olish imkoniyatlarini oshiradi.

XS
SM
MD
LG