Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:57

Onkomarkazda radioterapiya uskunasi yana buzildi. Vaziyatni uni O‘zbekistonga yetkazib bergan shirkat izohladi


“Elekta Infinity” chiziqli tezlatkich zamonaviy yuqori aniqlikda ishlovchi O‘zbekistondagi yagona va analogi yo‘q radioterapiya uskunasidir.
“Elekta Infinity” chiziqli tezlatkich zamonaviy yuqori aniqlikda ishlovchi O‘zbekistondagi yagona va analogi yo‘q radioterapiya uskunasidir.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi (Onkologiya markazi) yagona va mamlakatda analogi yo‘q radioterapiya uskunasi -“Elekta Infinity” chiziqli tezlatgich so‘nggi olti oy ichida uchinchi marta buzilmoqda.

Oqibatda saratonga chalingan yuzlab bemor yashab qolishlari uchun zarur muolajani ololmayapti.

Ushbu uskunani O‘zbekistonga yetkazib bergan Estoniyadagi “UMN Medical” shirkati vakillariga ko‘ra, ular olti oy avval “Elekta Infinity” chiziqli tezlatgichining ikki yillik kafolat muddati tugaganidan so‘ng texnik xizmat ko‘rsatish va zaruriy extiyot qismlar bilan ta’minlash uchun Onkologiya markaziga shartnoma taklif qilgan.

Lekin markaz shartnomani rad etgan va buni mablag‘ yetishmasligi bilan izohlagan. Ayni paytda markaz “Elekta Infinity” chiziqli tezlatgichi ishlab chiqarishiga aloqasi bo‘lmagan arzon muhandislarni yollab uni tuzatishga urinayotgani o‘rtaga chiqmoqda.

Elekta Infinity chiziqli tezlatgichni O‘zbekistonga yetkazib bergan “UMN Medical” shirkati uni ta’mirlash ishlari yetarli darajada malaka va sertifikatga ega bo‘lmagan muhandislarning aralashuvi natijasida to‘liq ishdan chiqishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

“UMN Medical” shirkati bosh direktori Manvel Arutunyan Ozodlik bilan suhbatda tezlatgichning ishlashi uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchining omborida mavjudligini aytar ekan bunday dedi:

“Biz Qozog‘istonning "Medicine Equipment Service" muhandislik kompaniyasi uskunani ta’mirlashga urinayotganini o‘rgandik. To‘g‘ri, bu kompaniya tezlatgichlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tajribasi bor, lekin “Electa” tezlatgichlarini ta’mirlash uchun bu shirkat ishlab chiqaruvchi tarafidan sertifikatlangan muhandislarga ega emas. MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) talabiga ko‘ra, “Elekta Infinity” chiziqli tezlatgichi kabi uskunalarga maxsus sertifikatga ega mutaxassislar xizmat ko‘rsatishi kerak, aks xolda u to‘liq ishdan chiqishi mumkin”, - deydi Arutunyan.

“Elekta Infinity” chiziqli tezlatgichi zamonaviy yuqori aniqlikda ishlovchi O‘zbekistondagi yagona va analogi yo‘q radioterapiya uskunasidir.

“UMN Medical” shirkati bosh direktori Manvel Arutunyan
“UMN Medical” shirkati bosh direktori Manvel Arutunyan

Qurilma me’yordan ikki baravar ko‘p ishlatilgan

Manvel Arutunyanga ko‘ra, uskunaning ikki yillik kafolat muddati o‘tgan yil kuzida tugaganidan so‘ng buzilishni boshlagan. Ungacha tezlatgichning muntazam ishlashi va texnik ta’minoti “UMN Medical” shirkati zimmasida bo‘lgan.

“Radioterapiyaga bo‘lgan ehtiyoj kattaligi tufayli markaz bemorlar oqimi kuniga 50 dan 90 kishiga oshirilgan. Uskuna kuniga 16-18 soat ishlab turgan, 3 smenada. Lekin MAGATE tavsiyasiga binoan ushbu turdagi uskunalardagi bemorlar soni haftasiga 5 kunlik ish tartibi bilan kuniga 50 kishidan oshmasligi kerak. Lekin qurilma 2 yilu 7 oy ichida 5 yillik normani bajargan. Bundan tashqari u turgan xonada havo harorati muntazam 23 daraja bo‘lishi kerak, lekin qishda xonada harorat 14 darajaga tushib ketgan”, - deydi Arutunyan .

“Elekta Infinity”ning birinchi buzilishi 2020 - yil sentabrida sodir bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘shanda uskunaning katodi ishlamay qolgan. Oqibatda bemorlar qurilmadan bir oy davomida foydalana olmagandi.

Ushbu qism Buyuk Britaniyadan buyurtma qilingan va jo‘natilgan.

"UMN Medical" kompaniyasi xodimlari shartnoma asosida ushbu qismni o‘rnatib, qurilmani ishga tushirishgan.

Shundan so‘ng, uskuna 2021 - yil yanvari oxirigacha ishlagan.

Tezlatgich qayta-qayta ishdan chiqqandan so‘ng, "UMN Medical" kompaniyasi xodimlari uning ion nasosi va uning elektr ta’minoti bloki ishdan chiqqanini aniqlaganlar.

Qurilmaning ushbu qismlari 2021 - yil fevralida yetkazib berilgan va o‘rnatilgan.

Arutunyanning aytishicha, ayni paytda uskunaning katodi va vakuum tizimi membranasi ham ishdan chiqqanligi aniqlangan.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh vrachi Odiljon Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda ehtiyot qismlarga buyurtma mart oyi boshida qilingan va shu oy oxirigacha yetkazilishi kutilayotganini aytdi.

“Hozir kutyapmiz, yanagi haftaga bo‘lib qoladi. Juda qimmat apparat. Muammo shuki bizda servis markazi yo‘q”, - dedi Ahmedov.

Onkologiya markazidagi radioterapiya uskunasida muolaja O‘zbekiston fuqarolari uchun bepul ekani aytiladi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim bemorlar esa har bir kurs uchun 500 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha pul to‘laganliklarini iddao qilishadi. Lekin, markaz bosh vrachi bu iddaolarni qat’iyan rad qildi.

Toshkentdagi Respublika Onkologiya va Radiologiya markazi.
Toshkentdagi Respublika Onkologiya va Radiologiya markazi.

“Na Markaz byudjetida na Sog‘liqni saqlash vazirligida pul bor”

Manvel Arutunyan esa uskunani ular tuzatib berishga va zarur qismlarini keltirishga tayyorligi, ammo O‘zbekiston tomoni mablag‘ yetishmovchiligi sabab uni tuzatishning arzon yo‘llarini qidirayotgan bo‘lishini aytadi.

“Chiziqli tezlatgich sotib olayotganda, ehtiyot qismlarni almashtirish va sotib olinadigan uskunalar narxining 10 foizigacha bo‘lgan miqdorda davriy ishlar bilan bog‘liq xarajatlarga tayyor bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatma mavjud. Bu MAGATE tasdiqlagan ko‘rsatma. Kafolat muddati 2020 - yil 14 - mayda tugaganiga qaramay, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika onkologiya va radiologiya markazi rahbarining iltimosiga binoan, kafolat muddatini 2020 - yil avgustigacha uzaytirdik.

2020 - yil sentabrida “Electa Infinity” ning O‘zbekistondagi rasmiy sherigi sifatida uskuna ehtiyot qismlarini almashtirish bilan jihozga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzoladik. To‘lovni 2020 - yil oxirigacha qismlarga bo‘lib taqdim etdik. Bundan tashqari biz chiziqli tezlatgichni kompleks tekshiruvdan ham o‘tkazdik va kafolatdan keyingi davrda chiziqli tezlatgichga bir yillik texnik xizmat ko‘rsatish uchun shartnoma ham taklif qildik. Vaqti-vaqti bilan texnik xizmat ko‘rsatish, zarur ehtiyot qismlarni yetkazib berish va ularni o‘rnatish bo‘yicha ishlar qilinishi kerak.

Biroq, doimiy xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzish uchun mablag‘ yetishmasligi sababli, shartnoma tuzilmadi, chunki na Markaz byudjetida, na Sog‘liqni saqlash vazirligi byudjetida bunday mablag‘ bor edi.

Hozir bilyapmizki ular arzon yo‘llarni qidirishyapti. Yetarli darajada malakaga ega bo‘lmagan va sertifikatlanmagan muhandislarning aralashuvi natijasida ularning respublika hududida analogi bo‘lmagan chiziqli tezlatgichning to‘liq ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

Bunday ta’mirlash oqibatida qurilmaning keyingi ishlashi va bemorlar uchun bunday ta’mirlashning mumkin bo‘lgan oqibatlari uchun barcha javobgarlikni o‘z zimmamizdan soqit qilamiz.

Yana bir bor ta’kidlamoqchimizki, bizning kompaniyamiz har qanday vaqtda har qanday vaqtda shartnoma tuzishga va ushbu noyob akseleratorni ishga tushirishga tayyor, bu esa ko‘plab fuqarolariga saraton kasalligiga qarshi kurashishda yordam berishi mumkin”, - deydi Arutunyan.

Toshkentdagi Onkologiya markazida ayni paytda yuzlab bemor nurlanish apparatining tuzalishiga ko‘z tikkan.

O‘limdan qutqaruvchi uskuna

Mutaxassislarga ko‘ra, bemorlardan ko‘pchiligining onkologik kasallikdan tuzalish-tuzalmasligi aynan o‘z vaqtida qilinadigan radioterapiya muolajasiga bog‘liq.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.
Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

Toshkentlik Regina Nigmatulina bosh miya saratoniga chalingan turmush o‘rtog‘i Marat Nigmatulin nur berish uskunasi buzilib qolgani sabab bir oydan beri zarur muolajani ololmayotganini aytadi.

“Bu apparat bilan muolaja yordamida o‘smaning o‘sishini sekinlashtirish yoki to‘xtatish mumkin. Hozir shu uskunaning tuzatilishi biz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib turibdi”, - deydi Nigmatulina.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

O‘zbekistonning chekka viloyatlari va qo‘shni davlatlardan bemorlar radioterapiya bilan davolanish ilinjida shu yerga kelishadi.

Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimi Onkologiya markazida saratonga chalingan bemorlar uchun yagona radioterapiya uskunasining ishdan chiqqani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Radioterapiya muolajasi davomida tananing ma’lum bir qismidagi saraton hujayralariga maxsus nur yuboriladi.

U saratonning ko‘plab turlarida qo‘llaniladi. Sog‘lom hujayralar maxsus nur yuborilganidan so‘ng tiklanishi mumkin, ammo saraton hujayrasi o‘ladi.

Toshkentdagi Onkologiya markazi bosh shifokori Odiljon Ahmedovning aytishicha, markazning 9ta hududiy filialida radiatsiya terapiyasi moslamalari o‘rnatilgan va ular to‘liq ishlamoqda.

Bundan tashqari, Terablat nurlanish terapiyasi apparati 5 ta joyda o‘rnatilgan.

Ammo ba’zi o‘sma muolajalarida bu uskunalar “Electa Infinity" qurilmasi o‘rnini bosolmaydi.

XS
SM
MD
LG