Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 22:54

Ortiqxo‘jayev reklama bannerlari buzilayotgani haqidagi savoldan nega qochdi?


Shu oy boshida ba’zi reklama agentliklari bannerlar olib tashlanishiga norozilik sifatida Toshkent ko‘chalarida aksiya uyushtirdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt ko‘chalaridagi reklama bannerlari nega sud qarorisiz buzib tashlanayotgani haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

27 - may kuni Qalampir.uz nashri jurnalisti poytaxt hokimini yo‘l-yo‘lakay savolga tutgani aks etgan video tarqaldi.

Savol o‘tgan hafta Toshkentda o‘tkazilgan yoshlar festivali chog‘ida yangragan.

Jurnalist xizmat mashinasi tomon borayotgan Toshkent hokimidan tadbirkorlarni qanchalik qo‘llab-quvvatlashini so‘raganida “Barcha turdagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayman”, deb javob qaytaradi.

Ammo hokimga reklama konstruksiyalari sud qarorisiz birma-bir buzib tashlanayotgani haqida savol berilganida, Jahongir Ortiqxo‘jayev savolni javobsiz qoldirib, qadamini tezlatadi.

“Bu bilan qonunsizlikni tan olyapti”

Tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik faol Umid Mo‘ydinovga ko‘ra, Toshkent hokimining jurnalist savolidan qochishi uning “barcha qonunsizliklarni tan olayotganini anglatadi”.

“Bu bilan u barcha buzilishlar noqonuniy ekanligini tan olyapti, bo‘layotgan qonunsizlikni tan olyapti, xolos. Mening fikrimcha, reklama banner biznesiga kimdir ko‘z tikkan, chunki buyruq eng tepadan bo‘lganini aytishgan. Ortiqxo‘jayevning esa jim turib, o‘zini hech narsa bo‘lmayotganga solib turishdan boshqa chorasi yo‘q”, - deydi Mo‘ydinov Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkent yo‘llaridan reklama bannerlari olib tashlanmoqda
Toshkent yo‘llaridan reklama bannerlari olib tashlanmoqda

Suhbatdoshning aytishicha, so‘nggi ikki oy ichida Toshkent shahrida 700dan ortiq reklama banneri sud qarorisiz buzib tashlangan.

Ismi ochiqlanishini istamagan reklama shirkati egalaridan biri Ozodlikka “bu qonunsizliklar Birinchining buyrug‘i bilan” qilinayotganiga ishonishini aytgan edi.

“Toshkent shahar hokimi o‘zini jurnalistlar oldida go‘yo hech narsani ko‘rmaganga, bilmaganga olyapti. 12 - aprel kuni Ortiqxo‘jayev bilan uchrashdik. Tinch kelishaylik, deb bizni xonaga olib kirishdi. Telefonlarni olib qo‘yib, bizga po‘pisalar qilishdi. Hokim “janjal qilmanglar, “Ozodlik”ka gapirmanglar, battar bo‘ladi”, deb qo‘rqitdi. Jim tursak ish hal bo‘larmikan, deb o‘yladik. Lekin buzishlar hozir ham davom etyapti. Sudga bordik, sudlarni ham bunga tishi o‘tmayapti. Demak eng tepada kimgadir kerak bo‘lib qolgan bu biznes”, - deydi Toshkentdagi reklama agentligi egalaridan biri.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalist savolidan qochishi ijtimoiy tarmoqda kulgiga ham sabab bo‘ldi.

Video ostida qoldirilgan izohlarda Leonid Gaydayning “It Barbos va g‘aroyib poyga” filmida Qo‘rqoq og‘zida dinamit bilan quvlayotgan itdan qochayotgani sahnasi aks etgan suratlar bor.

“Буйруқ энг тепадан келган”. Тошкентда юзлаб реклама баннери бир кечада олиб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:37 0:00

Prezidentga murojaat ham natija bermadi

Shu oy boshida ba’zi reklama agentliklari bannerlar olib tashlanishiga norozilik sifatida Toshkent ko‘chalarida “Ushbu reklama qurilmasi FAQAT SUD QARORI asosida demontaj qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 20-fevraldagi 104 - sonli qarori. Hurmatli PREZIDENTIMIZ, bizga yordam bering!!!” deb yozilgan ijtimoiy reklamalarni o‘rnatdi.

Tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik faol Umid Mo‘ydinovga ko‘ra, bu aksiyadan ham natija chiqmagan.

“Bema’nilik shundaki, kimdir ichki kiyimda sumalak kovlasa, metroda to‘y qilsa militsiya, sud tizimlari darrov oyoqqa turadi, hamma jazolanadi. Ammo ko‘chada tadbirkorlarning mol-mulki ochiqchasiga yo‘q qilinadiyu, hech kim hech narsani sezmaydi, jumladan hokim ham, prezident ham”, - deydi Umid Mo‘ydinov.

Toshkent yo‘llaridan reklama bannerlari 8 - apreldan beri olib tashlanmoqda. Ozodlik gaplashgan Toshkent shahri va ba’zi tuman hokimliklari mulozimlari bannerlar buzilishini izohlashdan bosh tortishdi.

Tadbirkorlarga ko‘ra, muammoga e’tibor qaratgan Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov O‘zbekiston poytaxtida 50 foizga reklama bannerlari yetishmovchiligi mavjudligi haqida gapirgan.

Dilmurod Qosimov mazkur muammo ustida biznes vakillari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va boshqa jamoatchilik tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilayotganini bildirgan.

Bundan oldinroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkentdagi reklama shchitlarining yarmisi “noqonuniy o‘rnatilgani” to‘g‘risida qaror chiqargandi.

Qo‘mita rasmiy xabarida aytilishicha, hukumat qaroriga binoan birinchi darajali markaziy ko‘chalarda 2020 - yilning 31 - dekabrigacha, ikkinchi darajali markaziy ko‘chalarga esa 2021 - yilning 31 - dekabrigacha “yuqori texnologik qurilmalar”, ya’ni reklama monitorlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Ozodlik Toshkent shahar ko‘chalarida o‘rnatilgan yuzlab reklama banneri shu yilning 8-dan 9 - aprelga o‘tar kechasi olib tashlangani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG