Ozarbayjonda sud mol-mulkini musodara qilish yo‘li bilan faol Baxtiyor Hajiyevni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu haqda Ozodlikning ozarbayjon xizmati xabar qildi. Faol 2022-yilning 9-dekabrida qo‘lga olingan va o‘shandan buyon hibsxona tutib kelingan.
Hajiyev noqonuniy tadbirkorlik, kontrabanda, soxta hujjatlardan foydalanganlik, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik hamda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mol-mulkni mashru’lashtirganlikda ayblagan.
Suddagi so‘nggi so‘zida Baxtiyor Hajiyev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning barchasini asossiz deb bilishi, o‘zi esa siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchraganini bildirgan. Faolga ko‘ra, uning mobil telefoniga Pegasus josuslik dasturi o‘rnatilgan, natijada uning shaxsiy ma’lumotlari kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari qo‘liga tushgan.
Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash markazi (OCCRP) tomonidan 2021-yil iyulida yoyinlangan surishtiruvda Ozarbayjon rasmiylari jurnalistlar, huquq faollari va muxolifatchilar telefoniga kirish uchun Isroilning NSO Group shirkati ishlab chiqqan Pegasus josuslik dasturidan foydalangani haqida aytilgan edi. 245 ta raqamning beshdan bir qismi mediashirkatlar muxbirlari, muharrirlari va egalariga, xususan, Meydan TV, Ozodlikning ozarbayjon xizmati, Azadliq.info jurnalistlariga, Strateq.az, Khural, Musavat nashrlari bosh muharrirlariga hamda 13-kanal asoschisi va direktoriga tegishli bo‘lgan.
Jurnalistlardan tashqari OCCRP ro‘yxatda ozarbayjonlik 40 dan ziyod faol va ularning oila a’zolariga tegishli raqamlarni aniqlagan. Ular raqamlar ro‘yxatida 2019-yilda − mamlakatda ommaviy norozilik chiqishlari avj olgan paytda paydo bo‘lgan.
Ozarbayjonda rasmiylarni tanqid qilgan shaxslarga tez-tez soliq to‘lamaganlik yoki tovlamachilik singari iqtisodiy moddalar bo‘yicha ayblovlar e’lon qilib turiladi.