Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:15

Ozarbayjonda muxolifat faoli 6 yilga qamaldi


Elbai Kerimli
Elbai Kerimli

Boku sudi muxolifatdagi Ozarbayjon xalq jabhasi partiyasining 20 yashar faoli Elbai Kerimlini yirik miqdorda narkotik noqonuniy aylanmasiga oid ish bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Bu hajda “Kavkazskiy uzel” va Turan nashrlari xabar qilishdi.

Sudlanuvchining advokati Nemat Kerimliga ko‘ra, himoyasi ostida bo‘lgan shaxs uni qo‘lga olgan politsiyachilar guvohligi asosida qamalgan. Advokat iddaosicha, Elbai Kerimli kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari bosimi ostida iqrorlik ko‘rsatmasi bergan.

“Kavkazskiy uzel” nashrining yozishicha, sud advokatning politsiyachilardan Kerimlida giyohvand modda borligi haqida kimdan ma’lumot olingani haqida so‘rash va nima uchun tergov Kerimlining mijozlari va unga bang moddasi yetkazib berib turganlarni aniqlamaganiga oydinlik kiritish kabi iltimosnomalarini rad etgan.

Elbai Kerimlining o‘zi sudda aybiga iqror bo‘lmagan. Kerimliga ko‘ra, u siyosiy sabablarga ko‘ra – 2023-yil avgustida Ozarbayjon sobiq prezidenti Haydar Aliyevning haykaliga “Stalin” so‘zini yozib qo‘ygani uchun hibsga olingan.

Muxolifat faoli 2023-yilning avgust oyida qo‘lga olingan, oktyabr oyida esa uning hibsga olingani e’lon qilingan. Dekabr oyida Kerimli noqonuniy ta’qib qilinayotganiga qarshi norozilik o‘laroq tergov hibsxonasida ochlik e’lon qilgan edi.

Joriy yilning aprel oyi boshida Bokudagi sud muxolifatdagi Ozarbayjon xalq jabhasi partiyasining (OXJP) yana bir faoli Elxan Aliyevni firibgarlik va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblab, besh yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Ayni paytda OXJPning 11 nafar faoli turli ayblovlar bilan hibsxonada tutib turilibdi. Ularning hammasi siyosiy sababga ko‘ra, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda Ozarbayjon rasmiylari haqida tanqidiy sharhlar qoldirganlik va norozilik chiqishlarida ishtirok etganlik uchun ta’qib etilayotganini iddao qilishmoqda.

Uchinchi aprel kuni OXJP Ozarbayjon rasmiylarining rejim tanqidchilariga qarshi olib borilayotgan qatag‘on siyosatini qoralab chiqdi va xalqaro hamjamiyatni siyosiy sababga ko‘ra hibsga olishlarga aloqador bo‘lgan ozarbayjonlik mulozim va kuch ishlatar tuzilmalar xodimlariga nisbatan sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi siyosiy faollar “konkret faktlar asosida” qo‘lga olinayotganini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG