Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2022, Тошкент вақти: 22:33

Ozarbayjonda muxolifatchi ochlik aksiyasining 38-kunida suvdan ham bosh tortdi


Solih Rustamli

Mamlakatning ikki asosiy muxolifat guruhidan biri – Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi vakili 58 yoshli Solih Rustamli qamoqdan ozod etilish talabi bilan e’lon qilgan ochlik aksiyasini davom ettirmoqda. U 38 kundan beri qamoqxonada ovqatlanishdan bosh tortib keladi. 13 - dekabrda suv ichishni ham to‘xtatishini aytdi.

1998 - yildan buyon Rossiyada yashab kelgan Rustamli 2018 - yilning mayida Ozarbayjonga kelganida hibsga olingan. Dafn marosimida qatnashish uchun vataniga qaytib kelganida, sud uni pul yuvishda aybdor deb topgan va yetti yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilgan. Uning bank hisob raqamiga 420 000 AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

Rustamli o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, buni siyosiy maqsadda qilinganini ta’kidlagan. Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti ham bu ayblovlarni "soxta" deb atadi.

O‘tgan yili Ozarbayjon Armanistonga bilan bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ uchun urushda g‘alaba qozonganidan so‘ng, jamoatchilikning prezident Ilhom Aliyev rejimini qo‘llab-quvvatlashi eng yuqori darajaga etdi. Endi esa, uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar yana bo‘y ko‘rsatishi ortidan mamlakatdagi muxolifat yana jonlandi va hukumat bunga qarshi kurashmoqda.

Rustamlining advokatlaridan biri Bahruz Bayramov uni 13 - dekabrda Bokudagi qamoqxonada ko‘rganidan so‘ng, mijozi ochlik e’lon qilib, suv ichishni ham to‘xtatganini tasdiqladi. Uning aytishicha, Rustamli ochlik e’lon qilganidan beri 16-17 kilogrammga ozgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Rustamlining ahvoli yomonlashishda davom etmoqda, u og‘riqdan uxlay olmayapti va ahvoli juda zaif. Ozarbayjon Jazoni ijro etish xizmatidan va Turkiyadan kelgan bir guruh shifokorlar qamoqxonada bo‘lib, uning ahvoli og‘ir ekanini aytishgan.

Erkin va adolatli saylovlardan mahrum qilingan Ozarbayjon muxolifati Aliyev davrida yo‘q qilindi. Aliyev mamlakat muxolifatini tez-tez “dushmanlar” deb tilga oladi. Tanqidchilarga ko‘ra, hukumat tez-tez muxolifat faollari, jurnalistlar, huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati himoyachilarini qamoqqa tashlash orqali o‘zgacha fikrlovchilarning ovozini o‘chirishga harakat qiladi. Xalqaro huquq tashkilotlari ham hukumatni qiynoqlarda ayblamoqda.

Rustamlining ochlik e’lon qilishi Ozarbayjon muxolifatini yana ko‘chaga chiqishga undadi. Uning ozod etilishi uchun Bokuda bir qancha norozilik namoyishlari o‘tkazilgan.

1 - dekabr kuni 40 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan, ularning aksariyati Boku markazida “Solih Rustamli uchun ozodlik” deb hayqirgan. Namoyishchilardan kamida besh nafari sud tomonidan 30 kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan.

1 - dekabrdagi norozilik namoyishida Musavat muxolifat guruhining yetakchisi Tofiq Yoqublu hibsga olingan. Aytishicha, politsiya undan videokamera qarshisida “Ozarbayjon rahbariyatini tanqid qilmayman” deb aytishni talab qilgan va kaltaklagan.

“Qo‘llarimni orqamga kishanlab, boshimga yelim xalta kiygizib, shafqatsizlarcha kaltaklashdi”,- deb ma’lum qilgan u.

Ichki ishlar vazirligi Yoqublu keltirgan ma’lumotlarni rad etdi.

11 - dekabr kuni yana bir norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi, muxolifatning o‘nlab faollari Boku shahar markazidagi metro bekatida to‘planishdi. Ulardan bir qanchasi politsiya tomonidan hibsga olingan.

Ozarbayjondagi inson huquqlari tashkilotlari Rustamlini siyosiy mahbus deb tan olgan, xalqaro huquq himoyachilari va AQSh uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.

Rustamli faoliyatida o‘zining yaxshi boshqaruvi va 1988-1994 - yillardagi Tog‘li Qorabog‘ uchun olib borilgan urushdagi ishtiroki bilan ko‘pchilikning yodida qolgan. Ozarbayjon urushda mag‘lub bo‘layotgan bir paytda Rustamli o‘z safdoshlari bilan birgalikda strategik Bashkend qishlog‘ini (Archvashen) egallab oldi. Bu o‘sha paytda Ozarbayjonning kichik g‘alabasi bo‘lgan.

Advokat Bayramovning aytishicha, u mamlakat Oliy sudiga murojaat qilgan, biroq sud sanasi hali aytilmagan.

6 - dekabr kuni Rustamlining yana bir advokati Agil Layij Nizomiy tuman sudiga uni sog‘lig‘i yuzasidan qamoqdan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan.

14 - dekabr kuni Ozarbayjon muxolifatining kamida yetti nafar a’zosi Rustamlini qo‘llab-quvvatlab ochlik e’lon qilganidan so‘ng rasmiylarga bosim kuchaygan.

XS
SM
MD
LG