Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:50

OzodDayjest: Kelgusi yildan Rossiyadagi o‘zbek migrantlariga yanada qiyin bo‘ladi


Rossiyadan uyiga qaytayotgan o‘zbek migrantlari.
Rossiyadan uyiga qaytayotgan o‘zbek migrantlari.

Bosh vazir o‘rinbosari shaharlarda piyoda va velosipedda yurish noqulay ekanini tanqid qildi. Yarim yil kovid bemorlari orasida yashab kasal bo‘lmagan shifokor maktabga chiqa boshlagan nevarasidan virus yuqtirib oldi. Joriy hafta matbuot mana shular haqida yozdi.

Bosh vazir o‘rinbosari: “Kattakonlar mashinada yuraversa, oddiy odamlar foydalanadigan yo‘l qay ahvoldaligini bilmaydi”

O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov shaharlarda piyoda va velosipedda yurish juda noqulay ekanini tanqid qildi (www.gazeta.uz, 12 - noyabr).

Bu haqda u viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan o‘quv seminari ochilishida gapirgan.

“Yoshlarimiz, boshqa katta yoshli aholimiz ham jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullangisi keladi. Lekin joy yo‘q. Men o‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, bir nechta viloyat rahbarlari bilan ko‘chalarda yurib ko‘rdik. Uzoq bir qishloqni aytmayapman, yirik shaharlarimizdagi holat ham yurib bo‘lmaydigan darajada. Na yugursa bo‘ladi, na velosipedda yursa. Belgilangan yo‘l belgilari yo‘q. Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda yo ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi”, - degan A.Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosari Samarqand viloyati hokimi shahar va tuman rahbarlari bir hafta ko‘chalarni piyoda aylanishi haqida qaror chiqarganini olqishlagan.

“Nimaga viloyat hokimi shunaqa qaror qildi? Negaki, kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yo‘laklar yoki veloyo‘laklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi-da. Ular ko‘chalardan mashinani vang‘illatib hamma yoqni chang bostirib o‘tib ketadi. Nima degani bu?” - degan bosh vazir o‘rinbosari.

Rossiyadagi o‘zbek migrantlarini noxush yangilik kutmoqda

2021 - yildan Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga yanada qiyin bo‘ladi deb yozadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Avvalroq Moskva shahri meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtida mehnat migrantlari soni 40 foizga kamayadi degan edi.

Bosh vazir Mixail Mishustin imzolagan yangi hujjatga ko‘ra esa, 2021 - yilda chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Rossiyada vaqtincha yashash uchun bor-yo‘g‘i 39325 ta ruxsatnoma berish kvotasi belgilandi. Bu esa o‘tgan yillarga qaraganda bir necha barobar kam ko‘rsatkich.

“Demak, ruxsatnomalar soni kelgusi yili shu yildagiga nisbatan qariyb yarmiga, 2018 -yilga solishtirganda esa deyarli 3 barobar qisqarar ekan. Albatta, bu qarorga kelinishiga rus diyorida mehnat migrantlari uchun joy torlik qilayotgani sabab bo‘lgani yo‘q. Hamma gap ishchi kuchiga talab va daromadning pasayishida. Ya’ni mamlakat iqtisodi shundan yuqorisini ko‘tarmaydi. Lekin masala ruxsatnomalar sonidagina emas. Agar kelgusi yilda noqonuniy yo‘l bilan Rossiyaga borsangiz ham, bu yerda osongina ish topishingiz va qilgan mehnatingizga avvalgiday maosh to‘lashlari dargumon”, -
deb yozadi Platforma.uz kanali.

Qayd etilishicha, endilikda O‘zbekiston hukumati qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rishi maqsadga muvofiqdir.

Yarim yil kovid bemorlari orasida yashab kasal bo‘lmagan shifokor maktabga chiqa boshlagan nevarasidan virus yuqtirib oldi

O‘zbekiston virusologiya ilmiy tekshirish instituti bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova yarim yil COVID-19 bemorlari orasida yashab kasal bo‘lmasdan, maktabga chiqa boshlagan nevarasidan koronavirus yuqtirib oldi. (www.kun.uz, 8 - noyabr).

“Uydan chiqib ketayotganimda nevaram 7 oylik edi. Qaytsam, u bir yoshdan oshgan, ancha katta bo‘lib qolgan. Toshkentda bo‘lsangiz ham uyga borolmaysiz, ularni bag‘ringizga bosolmaysiz. Shu paytgacha hech qachon bunaqa holatga tushmaganmiz. Lekin biz jamoa bilan astoydil chin yurakdan ishladik… Bu ayniqsa yoz paytida qiyin bo‘ldi. Chilla vaqtida kombinezon, niqob, respiratorda, qo‘limizda 2 tadan qo‘lqop bilan qiyin bo‘ldi. Lekin shuni aytishim mumkinki, men karantinda ishlagan shu 6 oy davomida bo‘lganimda menga virus yuqmadi. Sentabr oyiga kelib, nevaram maktabga bora boshlaganda o‘sha yerdan yuqtirib oldi, kelib menga ham yuqtirdi” , - deydi M.Asilova.

Shifokor kovidga chalingan og‘ir kasallarni, vafot etganlarni ko‘rib, ruhan juda ezilgan, u yerdan chiqqandan keyin ruhan tiklanishi oson kechmagan.

M.Asilovaga ko‘ra, Toshkentda bemorlar soni ancha kamaya boshlagani sabab 1 -noyabrdan Virusologiya ilmiy tekshirish instituti o‘z faoliyatiga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat 15 - mart kuni qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG