Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:04

OzodDayjest: O‘zbekistonda oila qurish jarayonini murakkablashtirish taklif etildi


O‘zbekistondagi ajrashishlarga aksar yoshlarning oila qurishga tayyor emasligi sabab bo‘layotgani aytildi. Samarqand sog‘liqni saqlash mas’ullari shifokorning koviddan o‘lganini tan olmayapti. O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev haqida tarqalgan mish-mishga oydinlik kiritildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Nikohga kirish muddatini bir oydan uch oyga uzaytirish taklif qilindi

Toshkentda tashkil etilgan sudlar faoliyatiga doir brifingda nikohga kirish jarayonini murakkablashtirish taklif etildi (www.uza.uz, 27 - fevral).

“Hozirgi kunda FHDYoga ariza topshirganidan so‘ng bir oy o‘tib oila qurish mumkin. Vaholanki, bu muddatda ikki yosh hatto bir-birini tanib olishga ham ulgurmaydi. Shu bois nikohga kirish muddatini bir oy emas, uch oyga uzaytirish lozim. Nikohdan o‘tib, so‘ng farzandini tirik yetim qilgandan ko‘ra uch oylik muddatda bir-biriga ma’qul kelmasa, o‘z yo‘lida davom etgani ma’qul”, deb yozgan axborot agentligi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi ajrashishning asosiy sabablaridan biri aksar yoshlarning oila qurishga tayyor emasligidir.

Joriy yil 15 - yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi mahalla raisi o‘rinbosari Nozima Muslimova ajrashishlar soni yuqoriligini ta’kidlab, nikoh tuzilganidan keyin ajrashishni 2-3 yil muddatga cheklashni taklif etgan edi. Sh. Mirziyoyev ajrashishlar milliy urf-odatlarga yarashmasligi, ko‘plab yoshlar hayotga yengil qarayotganini ta’kidlagan, lekin ajrashishlarni qonun bilan cheklash qiyin bo‘lishini aytgan edi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2020 - yilda respublikada 28,2 mingta ajrashish qayd etilgan.

Samarqandda koronavirusdan vafot etgan shifokor o‘limini rasmiylashtirishda soxtakorlik qilingan

Samarqand shahri Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida yashagan, tibbiyot fanlari nomzodi O‘ktam Rahmonqulov 2020 - yil 29 - iyunida koronavirus kasalligi sabab vafot etgan (“Hurriyat”, 3 - mart). Ammo viloyat sog‘liqni saqlash mas’ullari shifokorning koviddan vafot etganini tan olmay, uning oilasini sarson qilib kelmoqda.

O‘. Rahmonqulov karantin davrida – 2020 - yil apreldan 2020 - yil 19 - iyungacha shifokor sifatida o‘z burchini sadoqat bilan bajargan. 23 - iyun kuni unda koronavirus aniqlangan va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketilgan. Bir necha kun o‘tib yaqinlariga vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgan.

“O‘sha paytda oilamiz qattiq karantinda edi. Karantin sababli turmush o‘rtog‘imning bironta ta’ziya ma’rakasini o‘tkazish u yoqda tursin, uni vafotidan keyin oxirgi marta ko‘rishga ham ruxsat berishmadi”, degan marhumning rafiqasi Nigora Ismoilova.

Turmush o‘rtog‘idan bevaqt ayrilgan, bolalari otasiz bo‘zlab qolgan ayol moddiy yordam olish uchun hujjat tayyorlashga kirishgan. Ammo sog‘liqni saqlash muassasalari marhum shifokor koronavirusdan vafot etganini tan olishni istamayapti.

Koviddan vafot etgan shifokor o‘limi soxtakorlik bilan rasmiylashtirilgan, berilayotgan qalbaki ma’lumotlar nayrangbozlik qilinganidan dalolat bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi 3 - mart kuni koronavirus infeksiyasidan vafot etganlar soni yashirilgani xususidagi jamoatchilik e’tirozlarini yana bir bor rad etdi. Vazirlikka ko‘ra, mamlakat bo‘yicha koronavirus infeksiyasi tufayli vafot etganlar soni 622 nafarni tashkil etadi. Ammo ushbu ko‘rsatkich rasmiy statistikadan ko‘proq ekani aytib kelinadi.

Xalq artisti Sherali Jo‘rayev yana “o‘ldi”ga chiqarildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, 74 yoshli Sherali Jo‘rayev vafot etgani to‘g‘risida mish-mish tarqaldi (www.daryo.uz, 3 - mart). “Daryo” nashri mazkur gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida san’atkorning kenja o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevning ma’muri G‘ayrat Shokirov bilan bog‘langan.

“Kimlardir judayam noto‘g‘ri xabarlar tarqatib yuboribdi. Bunday gaplarni kim chiqargan bo‘lsa, Alloh unga insof bersin”, degan G‘ayrat Shokirov va Sh.Jo‘rayev ayni paytda Turkiyada ekanini ma’lum qilgan.

Zohirshoh Jo‘rayevning o‘zi esa ma’muri bergan ma’lumotni rad etib, otasi ayni damda Toshkentda ekanini aytgan.

Qayd etilishicha, Sh. Jo‘rayev olti oycha muqaddam ko‘richak bilan og‘rigan, ammo hozir ahvoli juda yaxshi. Xonanda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan davlat tadbirida qo‘shiq kuylashi kutilmoqda.

2017 - yilda ham Sherali Jo‘rayevning vafot etgani haqida xabar tarqalgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 1993-2016 - yillar mobaynida Sh. Jo‘rayev nomi norasmiy ravishda “qora ro‘yxat”ga tirkalgan va xonandaning nafaqat teleradiokanallar, balki katta sahnada ham kuylashi taqiqlangan edi. 23 yillik taqiq 2016 - yil sentabr oyida mamlakat oliy rahbariyati almashuvi ortidan bekor qilingan.

XS
SM
MD
LG