Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:48

OzodDayjest: Qashqadaryo o‘rmonida chiqqan yong‘inda noyob hayvonot olamiga katta zarar yetdi


Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hududida joylashgan o‘rmon xo‘jaligida 5 gektar maydon yonib ketdi.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hududida joylashgan o‘rmon xo‘jaligida 5 gektar maydon yonib ketdi.

Taniqli aktrisaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga kesildi. Qashqadaryo o‘rmonida chiqqan yong‘inda noyob hayvonot olamiga katta zarar yetdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

O‘zbekistonda dasturchilar qancha maosh olishi ochiqlandi

IT Park O‘zbekistonda dasturchilar qancha maosh olishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi (www.sof.uz, 3 - noyabr). Qayd etilishicha, mamlakatda tajribali dasturchilar oyiga o‘rtacha 1000-1500 dollar oladi.

“Shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqsam, mazkur sanoatda bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotganlar 400 dollardan 800 dollargacha, tavsiya qilinadigan tajribaga ega bo‘lganlar esa 1200-2000 dollargacha maosh oladi”,- deydi MODME texnik direktori va asoschisi Ruslan Yo‘ldoshev.

Global bozorda bu miqdor bir necha baravar yuqorini tashkil etadi. Mahalliy bozorda Frontend, Backend, PHP dasturchisining ish haqi o‘rtacha 8-10 million so‘mdan 20-30 million so‘mgacha, 1S dasturchida 3 million so‘mdan, Fullstack dasturchida 10-15 million so‘mdan 20-30 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Miqdor farq qiladi, barchasi tajriba, ish hajmi va kompaniyaga bog‘liq.

Dasturchi yetarli tajribaga ega bo‘lmasa, ish haqi juda kam bo‘lishi mumkin. Ammo tajriba va bilimlar oshishi bilan ish haqi ham tezlikda o‘sa boshlaydi. Ta’kidlanishicha, dasturchilarning maoshi keyingi o‘n yil ichida mehnat bozorida o‘rtacha ish haqidan oshib boradi.

Taniqli aktrisaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga qanday jazo tayinlangani ma’lum bo‘ldi

Taniqli aktrisa Gavhar Sharipova 2019 - yil 19 - noyabrga o‘tar kechasi vafot etgan edi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, marhumaning o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxsga qanday jazo tayinlangani ma’lum bo‘ldi (www.daryo.uz, 3 - noyabr).

Mazkur jinoyat ishi 2020 - yil 12 - iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, 30 yashar sudlanuvchi F.Sh. 18 - noyabr kuni soat 02:20 larda Isuzu rusumli yuk avtomashinasida G‘uzor tumanidagi “Karvonsaroy” choyxonasi ro‘parasida to‘xtaydi va avtoulovga G.Sharipovani yo‘lovchi sifatida mindirib oladi. F.Sh. yo‘lda G.Sharipovaga tegajog‘lik qiladi.

Aktrisa mashina eshigini ochib, o‘zini tashlab yuborishini aytib ogohlantiradi. Ammo F.Sh. ayol avtomashinadan o‘zini tashlab yuborishiga ko‘zi yetsa-da, ulovni to‘xtatmaydi. Oqibatda Gavhar Sharipova yuk mashinasidan tushib ketadi va voqea joyida vafot etadi.

Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblagan F.Sh.ga 2 yilu 6 oyga transport vositalarini boshqarish huquqidan hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qashqadaryo o‘rmonida chiqqan yong‘inda noyob hayvonot olamiga katta zarar yetdi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hududida joylashgan o‘rmon xo‘jaligida yong‘in kelib chiqdi (www.qalampir.uz, 5 - noyabr).

5 gektar maydonni qamrab olgan yong‘in oqibatida o‘rmon xo‘jaligi hududidagi noyob daraxtlar, o‘simlik va hayvonot dunyosiga katta talafot yetgan. Xususan, taxminan 600 ga yaqin Zarafshon archasi yonib ketgan. Ayni paytda zarar miqdori aniqlanmoqda. Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida aholi orasida jabrlanganlar yo‘q.

Joriy yil 30 - oktabr kuni Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligida ham yirik yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in natijasida jami 11,98 gektar yer maydoni zarar ko‘rgan.

Shuningdek, joriy yil 12 - sentabr kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Qiziriq” o‘rmon xo‘jaligida 50 gektar maydonda, 26 - iyulda Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” tabiat milliy bog‘ida 2 ming kvadrat metr maydonda, 17 - iyun kuni “Surxon” davlat qo‘riqxonasida 35 gektar maydonda yong‘inlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi.

“Surxon” qo‘riqxonasidagi yong‘inni o‘chirishga harbiy vertolyotlar ham jalb etilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG