Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 09:01

OzodDayjest: Rossiyaning “pomidor siyosati”ga javoban Karimov doktrinasini tiklash taklif qilindi


Rossiya 26 - noyabrdan Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan pomidor va qalampirga taqiq qo‘ydi.
Rossiya 26 - noyabrdan Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan pomidor va qalampirga taqiq qo‘ydi.

Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidorni Rossiyaga olib kirish taqiqlanishi ortidan iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov Moskvaning “pomidor siyosati”ga javob o‘laroq Islom Karimov doktrinasini tiklashni taklif qildi. Bosh prokuror o‘rinbosari senatorga e’tiroz bildirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Rossiyaning “pomidor siyosati”ga javoban Karimov doktrinasini tiklash kerakmi?

Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati 26 - noyabrdan Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan pomidor va qalampirga taqiq qo‘ydi. Mazkur cheklov sabzavotlarda tobamovirus aniqlangani bilan izohlangan.

O‘zbekistonlik blogerlar ushbu holatga tanqidiy munosabat bildirdi. Xususan, iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov Moskvaning “pomidor siyosati”ga javob o‘laroq Islom Karimov doktrinasini tiklash vaqti etgandir deya savol qo‘ydi.

“Bunday taqiqlarga, masalan, Islom Karimov paytida bironta Kreml shpionini qo‘lga tushirish bilan darhol javob berilardi. Ancha vaqtgacha bunday harakatlardan o‘zini tiyishardi. Chunki bilishardiki, biz ular bizga yetkazganidan ortiqroq darajada zarar yetkaza olamiz. Umuman, Rossiyaning imperiyacha siyosatiga qarshi yagona ta’sirchan chora ulardan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazish mumkinligini doimiy ravishda va namoyishkorona ko‘rsata olish hisoblanadi”, - deb yozadi O. Bakirov.

Platforma.uz Telegram kanali esa Moskvadan berilayotgan bu kabi signallarni shunday izohlaydi: “O‘zbekistonning Rossiya regionalistik geosiyosati mahsuli bo‘lmish YeOII bo‘sag‘asida taysallab turishi, tabiiyki, Rossiya bosh siyosatchisining asabini toliqtirmoqda”.

Svetlana Ortiqova: “Prokurorlar “laylak haydab” yurgani yo‘q!”

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova senator Abdurahim Erkayevning mulohazalariga e’tiroz bildirdi (www.xabar.uz, 22 - noyabr).

Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida senator A. Erkayev madaniy meros obyektlariga daxl qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasida gapirar ekan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ va Chiroqchi tumanlaridagi yodgorliklarga taxminan 22 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani, moddiy-madaniy meros obyektlarida noqonuniy uy-joylar qurilganini tanqid qilgan edi.

Senator madaniy obyektlarning muhofazasi o‘z holiga tashlab qo‘yilganini aytib, “Prokuratura organlarining xayoliga bu masala keladimi?” deya savol qo‘ygandi.

Bosh prokuror o‘rinbosari S.Ortiqova bu savolga “prokurorlar laylak haydab yurgani yo‘q” degan mazmun va ohangda javob bergan.

S. Ortiqovaga ko‘ra, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishga doir qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazorati o‘rnatilgan.

Masalan, shu yilning o‘zida 45 ta noqonuniy huquqiy-normativ hujjatga protest keltirilgan. Qonun buzilishi holatlariga olib kelgan sabab va sharoitlarni yo‘qotishga qaratilgan 106 ta taqdimnoma kiritilgan, 31 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, bosh prokuror o‘rinbosari bu borada Madaniyat vazirligi huzuridagi departament ham samarali ishlashi lozimligini eslatgan.

Aktrisa Sug‘diyona Azimova avariya oqibatida ko‘rgan zararini undira olmayotganidan yozg‘irdi

Aktrisa Sug‘diyona Azimova Instagram sahifasida avtohalokat natijasida Lada Xray avtomobili yaroqsiz ahvolga kelib qolgani, sud qarori bilan ayblanuvchi deb topilgan fuqaro esa zararni to‘lab bermayotgani haqida yozdi (www.daryo.uz, 25 - noyabr).

“Avtohalokat sodir bo‘lganiga ham bir yil bo‘ldi. Ammo haligacha ayblanuvchi Toshkent shahri Mirobod tumani ma’muriy sudi qarori bilan 70 mln so‘m chiqarilgan zararni to‘lamagan. Inflyatsiya hisobiga men har kuni yutqazyapman. Jizzax viloyati Baxmal tumani MIB xodimlari Prezident xalq qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilmagunimcha qaror borganini ham bilishmadi va nihoyat iyunda ularning ovozini eshitishga muyassar bo‘ldim. Ming afsuski, har qo‘ng‘iroq qilganimda erta, indin, degan gapni takror eshitaman” , - degan S.Azimova.

Qayd etilishicha, ayblanuvchi voqea joyidan juftakni rostlagan. Mahkama jarayonida sudyaning nimaga voqea joyidan qochib ketdingiz degan savoliga “men kattaroq joyga ishga kirmoqchi edim, shunga “ChP” bo‘lishini xohlamadim deb javob bergan.

“Hozirda ayblanuvchi Toshkentda ishlayapti. Mayli, O‘zbekiston Respublikasi qonun va qarorlaridan ham qo‘rqmaydigan bu “qora botir” zo‘r ekan, tarbiya qilgan otasi va sut bergan onasi ayol kishining haqqidan qo‘rqmasmikan?! Ming afsus, onamning yolg‘iz qiz farzandiman, erkak kishi bo‘lganimda, boshqacha gaplashar edim!”- degan aktrisa.

XS
SM
MD
LG