Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:37

OzodDayjest: Senator kattakonlardan yurak oldirib qo‘ygan YPX xodimlarini tanqid qildi


Senator B. Matmuratov YPXning ayrim prinsipsiz xodimlari katta amaldor va boyvachchalarning farzandlarini tartibga chaqirishdan qo‘rqishini iddao qildi. Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashidan oldin aholi mas’ullarni ehtimoliy falokatdan ko‘p bor ogohlantirgani aytilmoqda. “Narxoz” rektori siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlariga kiritilgan g‘oyalarni “sirti yaltiroq” deb atadi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Senator: Kattakonlarning bolasini tartibga chaqirishga ayrim organ xodimlarining yuragi dov bermaydi

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qoidabuzarliklar, xususan, inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamayishi uchun sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta’minlash lozim, deb hisoblaydi senator Botir Matmuratov (www.daryo.uz, 11 - oktabr).

So‘nggi oylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga mas’ul idoralarning ushbu vazifaga loyiqligini shubha ostida qoldiruvchi bir necha hodisa ro‘y berdi. Masalan, Olmaliq shahridagi reyd vaqtida qoidabuzarligi uchun to‘xtatilgan “Malibu” avtomobili YPX xodimiga yuqori turuvchi mas’ul tomonidan berilgan buyruq sabab hech bir chora ko‘rilmay qo‘yib yuborilgani jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

“Yarim kechasi baland ovoz chiqarib, juda tez harakatlanayotgan mashinalarni ko‘rib, bizda huquq-tartibot organlari bormi o‘zi, deya hayron qolaman. Ming afsuski, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ayrim prinsipsiz xodimlari o‘zicha kattakon va boyvachchalarning bolalarini tartibga chaqirishdan qo‘rqadi... Agar qo‘lingdan kelmasa, jamoatchilikni chaqir. Internetga chiqib ketsin – tanqiddan odam uyaladi”, degan senator B. Matmuratov.

Qayd etilishicha, oqibati ayanchli YTHlarning ko‘payishida ayrim hollarda yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligi ham sabab bo‘lmoqda.

“Nafaqat o‘z fuqarolarimiz, balki chet ellik haydovchilar ham yo‘llarimiz talabga javob bermasligi haqida gapiryapti. Bu – uyaladigan holat. Yo‘llarni qurish, yo‘l belgilarini saqlash masalasida qat’iy intizom o‘rnatilishi, bu masala jamoatchilik nazoratida bo‘lishi lozim. Kerak bo‘lsa, parlament nazoratida bo‘lsin”, degan B. Matmuratov.

Samarqandda gaz portlashi ortidan barcha AGTKSlarning quvurlarini jiddiy tekshirish talab qilindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida 8 - oktabr kuni gaz portlab, ikki kishi jabrlandi. Aholi bir yildan buyon mas’ul idoralarga muammo haqida bong urib kelgan, ammo mutasaddilar murojaatlarga e’tibor qaratmagan (www.kun.uz, 11 - oktabr).

“Kattaqo‘rg‘on shahri Ko‘hnadam mahallasi Toshkent ko‘chasida yashovchi aholi, jumladan, bizning uy-joyimiz, farzandlarimiz va o‘zimiz bir necha yildan buyon portlash xavfi ostida qolmoqdamiz. Hududda bir qator avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari qurilgach, aholi xonadonlari orasidan hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan yuqori bosimli gaz tarmoqlari o‘tkazildi. Natijada, 2015 - yilda mahallamizdagi yuqori bosimli gaz quvurlaridan Toshkent ko‘chasida joylashgan 147-uyning yerto‘lasiga sizib kirgan gaz ta’sirida kuchli portlash ro‘y berdi. Shundan keyin ham quvurlar boshqa joyga ko‘chirilmadi. Bu yuqori bosimli quvurlar ko‘chirilmasa ko‘plab xonadonlar, odamlar, bolalar jabr ko‘rishi mumkin”, deb yozgan aholi Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaat xatida.

6 yil avval 147-uyda portlash yuz bergan bo‘lsa, 8 - oktabr kuni erta tongda unga qo‘shni bo‘lgan 145-uyda portlash sodir bo‘ldi. Tekshiruvlardan keyin AYoQShlarga tortilgan yirik quvurlardan biri yorilib, gaz shu orqali sizgani aniqlandi.

Bu – yuqori bosimli gaz quvurlaridan gaz sizishi oqibatida ro‘y bergan ilk portlash emas. 2019 - yil 11 - noyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani Surum mahallasidagi namunali uy portlashi oqibatida bir oilaning 3 a’zosi vafot etdi va 3 kishi butun umrga majruh bo‘lib qoldi.

Shunga ko‘ra, “Kun.uz” nashri korrupsiya omillari mavjud bo‘lish ehtimolini hisobga olib, Bosh prokuratura respublikadagi jami AGTKSlarning quvurlari loyihalanishi talablarga javob berishini o‘z nazoratiga olishi kerakligini yozgan.

“Albatta, talabga javob bermaydigan, aholi turarjoylariga potentsial xavf tug‘diruvchi AGTKSlarning quvurlari kesib tashlanishi kerak. Zero, har qanday tadbirkorning qiladigan foydasi inson umridan aziz emas”, deya xulosa qilgan nashr.

Ekspert: Siyosiy partiyalar saylovoldi dasturidagi aksar g‘oyalar reallikdan yiroq

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlariga kiritilgan g‘oyalarni “sirti yaltiroq” deb atadi (“Jamiyat” gazetasi, 14 - oktabr).

“Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlaridagi aksariyat g‘oyalari reallikdan ancha yiroq. Ayniqsa, iqtisodiyotimizni ko‘tarishga qaratilgan takliflarning turli uchrashuvlar, hatto oddiy suhbatlar chog‘ida ham iqtisoddan xabari bor odamlar o‘zaro bahslashib, hisobini chiqarolmay ovora. Darhaqiqat, ba’zi saylovoldi dasturlarda davlat byudjeti hisobiga balandparvoz iqtisodiy masalalarni taklif etilayotgani ancha bahstalabdir”, deb yozgan u.

TDIU rektori Xalq demokratik partiyasi vakili Maqsuda Vorisovaning aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish taklifiga ham qarshi chiqqan.

“Tabaqalashtirilgan soliq tizimi asosan rivojlangan va norasmiy sektor ulushi past bo‘lgan davlatlarda qo‘llanadi. Boshqacha aytganda, tabaqalashtirilgan soliq tizimini qaytarish norasmiy sektorni yanada kuchaytirishga va davlat byudjeti daromadlarining pasayishiga olib keladi”, degan Q.Sharipov.

Xalq demokratik partiyasidan prezident saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilgan M. Vorisova avvalroq aholining boy va kambag‘al guruhlari o‘rtasida farqni kamaytirish maqsadida tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, xususan, hasham solig‘i, ya’ni qimmatbaho tovarlar, hashamatli ko‘chmas mulk va qimmatbaho mashinalarga ham soliq solishni taklif qilgan edi.

XS
SM
MD
LG