Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 17:47

OzodTa’sir: “Oltin mato tex" klaster fermerlardan noqonuniy ushlab qolgan 2 milliard so‘mni qaytarib berdi


Andijon viloyatidagi “Oltin mato tex” klaster korxonasi paxtani quritish va tozalash xarajatlari uchun asossiz ushlab qolgan ikki milliard so‘mga yaqin mablag‘ni fermerlarga qaytardi.

Andijonlik fermerlar Ozodlikka klaster turli bahonalar bilan ularning haqini “ham bo‘yidan, ham enidan urib qolayotgani” haqida shikoyat qilgan edi.

Paxtaobod tumanidagi “Nur agro” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Rashidbek Mamadaliyevning aytishicha, maqola e’lon qilingandan so‘ng, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va inspeksiyasidan mutaxassislar kelib, fermerlarning shikoyatlarini o‘rgangan:

“Judayam xayrli ish bo‘ldi. Masalan, mutaxassislar tekshirib chiqqanidan so‘ng, mendan asossiz ushlangan 13 million so‘mni klaster qaytarib berdi. Tuman bo‘yicha ikki yuzdan ortiq fermerning paxtani quritish va tozalash xarajatlari bahonasida klaster ushlab qolgan qariyb ikki milliard so‘mi qaytarildi. Fermerlar judayam xursand bo‘lishdi. Mening bilishimcha, shu sabab, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va inspeksiyasidan boshqa tumanlarda ham klasterlarning faoliyatini tekshirayotgan ekan”.

Rashidbek Mamadaliyev 12 - noyabrda klsterning g‘ayriqonuniy tarzda pul ushlab qolgani haqida shunday degan edi:

“Klaster bizning fermer xo‘jaligimizga 150 mln so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘ini yetkazib bermadi. Bundan tashqari, 8 tonnadan ortiq mineral o‘g‘itni ololmadik. Paxtani yetishtirish uchun o‘z ichki imkoniyatlarimizdan foydalandik. Biz klasterga 196 tonna quruq va sifatli paxta xom ashyosini 100 foiz yuqori sortda yetkazib berdik. Shartnomaviy majburiyat bir terimdayoq ortig‘i bilan uddalandi. Klaster o‘zining laboratoriyasida paxtaning sifati, quruqligi, tozaligini tekshirib, eng yuqori navga qabul qilgan edi. Lekin klaster paxtani quritish va tozalash xarajatlari uchun, deb daromadimizdan 18 mln. so‘m pul ushlab qolyapti. Buncha ko‘p pulni nimaga asosan ushlab qolishganini so‘rasak, biror bir tasdiqlangan me’yoriy xujjat ko‘rsatib bera olishmadi”.

Paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish 2017 - yilda boshlangan edi.

Ozodlik o‘tgan vaqt davomida klasterlar va fermerlar o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar haqida bir necha surishtiruv va maqolalar e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG