Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2022, Тошкент вақти: 07:37

OzodTarmoq: Prezidentlar hech qursa har 8-10 yilda o‘zgarib tursa...


Prezident Islom Karimov va Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami tantanalarida. Toshkent, 31-avgust, 2007

Karimov vafotidan keyin 17 va 18-yillarda jamiyatda qandaydir boshqacha ko‘tarinki kayfiyat paydo bo‘lgandi. Nimadir yaxshilanishiga umid, eyforiya va erkinlik hissi. Bu eyforiyaning shu qadar bo‘lgani sababi hokimiyatda 25 yil o‘tirgan odam ketgani, turg‘un jamiyatga o‘zgarishlar epkini kelishi ehtimoli ortganidandir. Agar prezidentlar hech qursa har 8-10 yilda o‘zgarib tursa, ana shunaqa kayfiyat ma’lum darajada qayta paydo bo‘laverdi. Odamlardagi umid har 8 yilda bir tirilib turadi.

Konstitutsiyaga kiritilajak hech bir o‘zgarish prezidentning har 8 yilda o‘zgarishini ta’minlaydigan tizimchalik samarali bo‘lmaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni tarozining bir pallasiga qo‘yib, ikkinchi pallasiga prezidentlarning muddati tugaganida ketishini ta’minlaydigan tizimni qo‘ysak, ikkinchisi bosib ketadi.

Prezidentlarning muayyan belgilangan muddatda almashib turishi, birinchidan, elitar korrupsion sxemalarni har sakkiz yilda bir kuchli silkitib tashlaydi, uning ayrim qismlari uzilib ketadi, zaiflashadi. Sxema ichidagilarning bir-birlariga ishonchi pastroq bo‘ladi. Ikkinchidan, muddat qisqa bo‘lgani va birinchi rahbar tez-tez almashib turgani bois ayrim oilalarning kuchayib, butun mamlakatning iqtisodiy quvvatini so‘rib yotishiga yetadigan darajada palak yozishi qiyin bo‘lib qoladi. Uchinchidan, xalq prezidentlarning kelib ketaverishiga o‘rgangach, ular ham oddiy odamligi, ertaga lavozimdan ketishini biladi va laganbardorlik kamayadi. To‘rtinchidan, prezidentlar oilalari haddidan oshishda ehtiyotkor bo‘lib qoladi, chunki otalarining hokimiyati muddati cheklanganini bilishadi. Beshinchidan, quyi hokimiyatdagilar prezidentga orqa qilib, xalqni ezishni kamaytiradi, chunki valene’matining lavozimdagi umri ozligini biladi. Natijada, pastdagilarning yuqoriga yoqishga qiziqishi kamayadi. Joriy rahbarga yoqaman deb, ertaga yangisi kelganda qamalib ketishni kim ham istardi?

Korrupsiyaga beriladigan eng katta zarba birinchi rahbarlarning o‘z vaqtida almashib turishidir. Agarki shu tizimni yo‘lga qo‘ya olmasak, korrupsiyaga qarshi kurashish haqidagi balandparvoz tadbirlarimiz shoudan boshqa narsa bo‘lmay qoladi. To‘g‘ri, hokimiyatga doim ham yaxshi odam kelavermasligi mumkin, hatto ehtimoli yuqori. Ammo yaxshi odamning chorak asr hokimiyatda bo‘lganidan ko‘ra yomon odamlarning har sakkiz yilda almashib turishi zarari kamroq.

Biz hammasi yaxshi bo‘lsin degan bahona bilan Konstitutsiyani isloh qilyapmiz, ammo bu islohot asl ko‘zlangan maqsadga (biz, oddiy xalq ishongan maqsadga) xizmat qilishdan ko‘ra, ana shu maqsadni yo‘qqa chiqaradigan boshqa bir tag maqsadga xizmat qilishidan qo‘rqaman.

Men konstitutsiyamiz mukammal bo‘lishini istayman, ammo bu mukammallik prezidentlik muddatini nollashtirish hisobiga bo‘lmasligi kerak, aks holda, bunday mukammallikning boridan yo‘g‘i yaxshi.

Xurshid Yo‘ldoshev

Feysbuk sahifasidan olindi

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG