Samarqand viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan “Payariq Claster” MCHJ paxta mahsulotlari cavdosida manipulyatsiya harakatlarini sodir etgani aniqlandi, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.
Ushbu korxona 2022-yilda 259,1 tonna paxta yog‘i, 890,5 tonna paxta shroti va 418,9 tonna paxta sheluxasi, 2023-yilda esa 2250 tonna texnik chigitni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotgan. Ushbu mahsulotlar birjada sotilmagani oqibatida yuqori narx qo‘llanib, jami 1,9 milliard so‘mga yaqin miqdorda tafovut vujudga kelgan.
Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bilan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va tegishli ta’sir chorasi qo‘llangan.
Raqobat qo‘mitasi axborotida manipulyatsiyaga yo‘l qo‘ygan MCHJga aynan qanday chora qo‘llangani ochiqlanmagan.
Qo‘mita qaydicha, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Kun.uz nashri joriy yil sentyabr oyida Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi hududdagi fermerlarni paxta narxini 6800 so‘mgacha pasaytirishga majburlayotgani haqida xabar qilgandi. Boshqarma paxtaning bir kilogrammini 8-9 ming so‘mdan yetkazib berish bo‘yicha avval tuzilgan shartnomalar bekor qilinishini ham aytgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu xabarni rad etgandi. Ayni paytda vazirlik “jahon bozorida paxta tolasiga bo‘lgan talab va taklifning o‘zgarishi natijasida O‘zbekistonda 2024 -yilgi hosildan paxtaning joriy narxlari prognoz narxlarga nisbatan arzonlashgani”ni e’tirof etgan.