Toshkent shahrida piyodalar o‘limiga olib kelayotgan yo‘l-transport hodisalari soni ortib borayotgan bir vaqtda poytaxt hokimligi va YHXB siyosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayapti, deb yozdi Gazeta.uz.
Toshkent markazida, Amir Temur ko‘chasida 15-fevral kuni taxminan soat 20:15 da tezlikni oshirgan 19 yoshli haydovchi boshqarayotgan Spark ayol kishini urib yuborganini qayd etgan nashr ushbu hodisaga YHXBning reaksiyasini tahlil qilgan.
Poytaxt YHXB e’lon qilgan videolavhada nozirlar YTHga “haydovchining e’tiborsizligi”, “piyodani o‘tkazib yubormagani” sabab bo‘lganini aytgan, ya’ni odatdagidek infratuzilmadagi kamchiliklar ko‘rsatilmay, javobgarlik haydovchiga yuklangan. Bu vaqtda YHXB xodimlarining orqasida ko‘chaning o‘rtasiga yetib kelgan piyodani mashinalar o‘tkazmayotganini ko‘rish mumkin.
“Nima uchun YHXB va hokimiyat chorrahalar va o‘tish joylarida og‘ir YTHlar sodir bo‘lganidan keyin ham ularni qayta tashkil etish uchun hech narsa qilmayapti?.. O‘zbekiston YHXX va uning bo‘linmalari uzoq yillar davomida “hurmatli, aziz haydovchilar”ga e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lish haqidagi chaqiriqlar, varaqalar tarqatish va shaharlar bo‘ylab pachoqlangan mashinalar ortilgan “avtokarvonlar”ni olib yurish natija bermasligini tushunib yetishi kerak edi”, deb yozgan Gazeta.uz.
Nashrga ko‘ra, YTHlarni kamaytirish uchun ko‘chalarni to‘g‘ri loyihalashtirish va jazoning muqarrarligi, qat’iyligini ta’minlash kerak.
Ta’kidlanishicha, og‘ir oqibatli YTHlar uchun mas’ul shaxslar javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozim.
Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekistonda 2024-yil mobaynida transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi ortidan 26 ming 63 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llangan.
Jamoat faollari ko‘pdan buyon mamlakatda YTHlar va ular oqibatida o‘lim holatlari ko‘payib borayotgani haqida bong urmoqda. Jumladan, 2024-yilda ro‘y bergan 9364 ta YTH oqibatida 2203 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohatlangan.
Tahlillar piyodalarni urib ketish holatlari ko‘payganini ko‘rsatmoqda.