Pokistondan O‘zbekistonga Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Ayritom” chegara o‘tkazish punkti orqali 26 ta transport vositasida olib kirilgan mandarin partiyasida qizil pomeranes qalqondori zararkunandasi borligi aniqlandi.
O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi holatga oydinlik kiritish maqsadida Pokiston karantin xizmati bilan bog‘langanda Islomobod dekabr oyida mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirmaganini bildirgan.
Shu tariqa mazkur mahsulotlar uchun taqdim etilgan sertifikatlar qalbaki ekani o‘rtaga chiqqan.
Buning ortidan Toshkent Pokiston mandarini uchun import karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirilishini vaqtincha to‘xtatgan.
Endilikda Pokistondan olib kiriladigan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida E-Fitouz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshiriladi. Shuningdek, Pokistonning elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan so‘nggina mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat beriladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi qaydicha, har yili qish mavsumida O‘zbekistonda sitrus mevalariga bo‘lgan talab ortadi. Bu xil mevalarning salmoqli qismi Pokistondan import qilinadi.