Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2021, Тошкент вақти: 21:52

Politico nashri AQShning Putinga qarshi sanksiya joriy etmayotgani sabablarini ochiqladi


Jo Bayden ma’muriyati qator sabablarga ko‘ra Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning eng yaqin kishilariga nisbatan sanksiyalar qo‘llashdan tiyilib turibdi. Xususan, AQSh Rossiyada alg‘ov-dalg‘ov boshlanishidan va hokimiyat qisqa vaqt ichida qulagan taqdirda uning yadroviy arsenali tasodifiy va xavfli kuchlar qo‘liga tushishidan xavfsiraydi.

“Politico” nashri Vashington hozircha Putin va Kremlga nisbatan ehtiyotkorona ish tutayotgani sabablariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasida shu haqda yozgan.

Nashr Putin va uning atrofidagi kishilarga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirayotgan Rossiya muxolifati vakillari, jumladan, muhojirlikda yashayotgan Garri Kasparovdan iqtiboslar keltiradi. Amerikalik bir qancha siyosatchi va ekspertlar ham ayni fikrni mahkam tutgan. Ular Kremlda kleptokratik rejim hukm surayotganini urg‘ulab, uni tiyib qo‘yish uchun eng nozik joyiga – chet mamlakatlardagi ko‘p milliardli aktivlariga zarba berish lozimligini aytadilar. Putinning o‘zi ham ulkan boylik orttirganiga muxoliflarining ishonchi komil.

Biroq “Politico” iqtibos keltirgan Bayden ma’muriyati vakili Putin rejimini kleptokratik deb talqin qilish to‘g‘ri emasligini aytadi. “Shak-shubhasiz, uning geosiyosat sahnasida o‘zi va do‘stlarini boyitishdan bo‘lak ambitsiyalari ham bor”, degan ismi aytilmagan amerikalik mulozim.

Ma’muriyat vakillari Putin va uning tevaragidagi odamlarning real aktivlariga doir ma’lumotlar yetishmasligiga ham e’tibor qaratishgan. Ularning fikricha, Putinning raqiblari maxsus xizmatlarning imkoniyatlariga ortiqcha baho bermoqda – barcha aktivlarni ham izlab topib bo‘lmaydi, ularning Putinga oidligini isbotlash esa yanada mushkul.

Shuningdek, maqolada aytilishicha, Bayden ma’muriyati sanksiyalar qo‘llash bilan emas, balki sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilish orqali Kremlga bosim o‘tkazishni istaydi, chunonchi, kiberhujumlarga qarshi kurashda shu usuldan foydalanilmoqda. Putinga qarshi sanksiyalar joriy qilingan taqdirda esa “ko‘priklar yoqilgan” hisoblanib, Rossiya bilan hamkorlik qilish imkonsiz bo‘lib qoladi. Va nihoyat, sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotini xarob qilishi mumkinki, bu o‘z navbatida jahon iqtisodiyotiga ta’sir etmay qolmaydi, Rossiyada vaziyatning beqarorlashuvi esa tartibsizlik va zo‘ravonlikka olib kelishi hech gap emas.

27 - iyul, seshanba kuni Bayden AQSh razvedka idoralari xodimlari oldida so‘zlagan nutqida yaqinda Jenevada Putin bilan kechgan uchrashuvini ham esga oldi. Uning fikricha, Putinning “real muammosi” bor – bu Rossiya iqtisodiyotining zaifligidir.

AQSh prezidentiga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti faqat yadroviy qurol va neft resurslariga tayanib qolgan, Rossiyaning “boshqa hech vaqosi yo‘q”. Ayni chog‘da Bayden ushbu muammoni anglashi Putinni yanada xavfli odamga aylantirishini urg‘ulagan. Kecha Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Baydenning so‘zlariga raddiya berdi.

Ma’muriyat vakillari ta’kidlashicha, Jo Bayden hamon Putinga ishonmaydi va u bilan muayyan yaqin shaxsiy aloqalar o‘rnatishga oshiqmayapti. Oq uy ma’muriyatining maqsadi – Rossiya bilan munosabatlarda ertaga nima bo‘lishini oldindan taxmin qilish mumkinligiga erishish va Kremlni saylovlarga aralashish yoki hakerlik hujumlari kabi AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirilgan xatti-harakatlardan tiyiltirishdir.

“Politico” maqolasida bunday yondashuvga qo‘shilmaydigan Kreml tanqidchilarining fikrlariga ham o‘rin berilgan. Ulardan biri, “Hermitage Capital” rahbari Bill Brauder ham Aleksey Navalniy tarafdorlari kabi, rossiyalik eng yirik tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar joriy etish zarurligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG