Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:46

Prezident qizining avtobus-bog‘chalari. Xivada 1 oy avval ochilgan mobil bog‘cha hali ish boshlamadi


"Aqlvoy" loyihasi uchun mo‘ljallangan avtobus-bog‘chalar.
"Aqlvoy" loyihasi uchun mo‘ljallangan avtobus-bog‘chalar.

Bir oy avval Xorazm viloyati Xiva tumanidagi ikkita chekka mahalla – “Doshyoq” va “Serchali” mahallalarida “Aqlvoy” loyihasi bo‘yicha tashkil qilingan mobil bog‘chalarning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Bu haqda mahalliy matbuotda o‘nlab xabarlar berilib, Xivadagi mobil bog‘chalarga oid foto va videolar e’lon qilindi.

12 - avgust kuni Ozodlik ushbu mobil bog‘cha hali ishga tushmaganini aniqladi.

Xorazm viloyati Xiva tumani “Doshyoq” mahallasida yashovchi ayol Ozodlikka bog‘lanib, ularning mahallasida bir oy avval ochilgan mobil bog‘cha hanuz yopiq turgani haqida xabar qildi.

“Bir oy avval bizning mahallada ham avtobus-bog‘cha ochilganini xabar qilishdi. Yoshullilar (mansabdorlar-tahr.) kelib, bog‘chaning ochilish marosimida ishtirok etishdi. Hamma joyda bu haqda yozib, maqtanishdi. Lekin hammasini yolg‘ondan ko‘rsatishdi. Chunki bu bog‘cha hali bir kun ham ishlamadi. Yoshullilar kelgan kuni qayerdandir bolalarni olib kelib, rasmga tushirishdi. Bu bolalar bizning mahalladan emasdi, men tanimadim u bolalarni. Hammasini avtobusga mindirib olib kelishdi”,- dedi “Doshyoq” mahallasida yashovchi ayol.

Xivadagi "Aqlvoy" bog‘chasining ochilish marosimi.
Xivadagi "Aqlvoy" bog‘chasining ochilish marosimi.

Ozodlik mobil muxbiri 12 - avgust kuni “Doshyoq” mahallasiga borib, mobil bog‘chaga mo‘ljallangan o‘yingoh va avtobus-bog‘chaning qulflik turganiga guvoh bo‘ldi.

Mahalla faollari va ota-otalar ham mobil bog‘cha hali ish boshlamaganini tasdiqlashdi.

“Ishlamadi hali bir kun ham. Buni faqat xo‘jako‘rsinga qilishyapti. Avtobus- bog‘cha haqida eshitganimda, bolamni uydan kelib olib, ketishsa, qanday yaxshi deb o‘ylagandim. Lekin bu avtobuslar bitta joyda turar ekan. O‘zingiz bolangizni o‘sha joyga olib borar ekansiz. Keyin bu mobil bog‘chasiga faqat tanish-bilish qilishyapti. Hammani qabul qilmas ekan. Men bolam bog‘chaga boradi deb xursand bo‘lgandim. Lekin bolalar soni cheklanganini aytib, bahona qilishdi. “Bolangni keyingi yil berarsan” deyishdi”,- deydi “Doshyoq” mahallasida yashovchi ayollardan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Xiva tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, mobil bog‘chalarning ochilish marosimi o‘tkazilgan, biroq hali ular ish faoliyatini boshlamagan.

Bu haqda yozmay turishni iltimos qilgan mulozimlar “mobil bog‘chalarni to‘liq yo‘lga qo‘yishga ulgurishmagani, biroq Mustaqillik bayramiga bog‘chalar ishga tushishi”ni va’da qilishdi.

Xivadagi mobil bog‘cha ochilishiga oid suratlardan biridagi bolalar.
Xivadagi mobil bog‘cha ochilishiga oid suratlardan biridagi bolalar.

Xorazm viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’uli Xivadagi mobil bog‘chalar ishlamayotganini shunday izohladi:

“Matbuotda e’lon qilingan foto va videolardagi bolalar mobil bog‘chalar tarbiyalanuvchilari emasdi. Biz u yerga tarjiba sifatida bolalarni olib borganmiz. Hozirda Xivadagi mobil bog‘chalar uchun bolalar ro‘yxatlarini shakllantiryapmiz. O‘quv yili boshlanishi bilan mobil bog‘chalar ham ochiladi. Xivadan tashqari Bog‘ot va Yangiariq tumanlarida ham mobil bog‘chalar tashkil qilinadi. Hozir u yerlarda ham ro‘yxatlar shakllantirilmoqda”, - dedi Xorazm viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi ma’suli 13 - avgust kuni.

Maktabgacha ta’lim vazirligi mas’uli Xivadagi mobil bog‘chalar bilan bog‘liq holatda hech qanday ko‘zbo‘yamachilik bo‘lmaganini, u yerda faqat bog‘chaning ochilish marosimi o‘tkazilgani, aslida bog‘chaning faoliyatini sentabr oyidan boshlash rejalanganini ta’kidladi.

Prezident qizining avtobus-bog‘chalari

2019 - yilda “Aqlvoy” nomli pilot loyiha yo‘lga qo‘yilib, maxsus jihozlangan avtobuslar yordamida mobil bog‘chalar tashkil qilingan.

Mamlakatning chekka hududlarida, bolalar bog‘chalari bo‘lmagan qishloqlarga mo‘ljallangan “Aqlvoy” loyihasi muallifi prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva ekani aytiladi.

“Olis joylarga safarlarim chog‘ida ko‘chada bolalar tosh bilan o‘ynayotganini ko‘rganman. O‘shanda ularda ham haqiqiy o‘yinchoqlar bo‘lishi, ular ham poytaxtdagi bolalar kabi ta’lim-tarbiya olishini juda-juda istaganman. Maktabgacha ta’lim vazirligidagi ishim davomida bu fikr meni hecham tark etmadi… Mana, bugun “Aqlvoy bilan ilk qadamlar” loyihasi o‘z ishini boshladi”, -degandi Maktabgacha ta’lim vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlovchi Shahnoza Mirziyoyeva 2019 - yilda mobil bog‘chalar pilot loyihasini yo‘lga qo‘yilishi payti.

Shahnoza Mirziyoyeva (o‘ngdan ikkinchi) "Aqlvoy" loyihasining ochilish marosimi payti.
Shahnoza Mirziyoyeva (o‘ngdan ikkinchi) "Aqlvoy" loyihasining ochilish marosimi payti.

Joriy yil martida ushbu loyihaning ikkinchi bosqichiga start berilib, 49ta avtobusdagi mobil bog‘chalar chekka qishloqlardagi jami 98 ta mahallada yo‘lga qo‘yilgani xabar qilindi.

O‘tgan hafta Vazirlar Mahkamasi mobil bog‘chalar loyihasini rivojlantirishga oid qarorni qabul qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus-bog‘chalar quyosh batareyalari, konditsioner, xojatxona, issiq va sovuq suv etkazish, ovqatni isitish uchun oshxona bilan jihozlangan.

Nizomga muvofiq, bir mobil guruhdagi bolalar soni kamida 16 nafar, ko‘pi bilan 30 nafar bo‘lishi lozim. Bitta smenadagi mashg‘ulotlar davomiyligi 3 soatgacha bo‘lishi lozim. Mobil guruhlarning ish tartibi 1 kunda 3 smenagacha, hafta davomida 6 kungacha amalga oshirilishi mumkin.

Mobil bog‘chalarda o‘quv yili 2 - sentabrdan kelgusi yilning 31 - mayigacha, yozgi sog‘lomlashtirish davri esa 1 - iyundan 31 - avgustgacha davom etadi.

Mobil guruhlar mutlaqo bepul bo‘lib, ota-onalardan pul olinmaydi.

Mahalliy matbuot ushbu loyiha davlat byudjetidan moliyalangani haqida xabar qilgan. Biroq Maktabgacha ta’lim vazirligi mas’uli Ozodlikka ushbu loyiha to‘la xorijiy investorlar ko‘magida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Biroq loyihaning aniq summasini ochiqlamadi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, “Aqlvoy” loyihasi uchun Birlashgan Arab Amirliklari katta miqdorda grant mablag‘i ajratgan.

"Aqlvoy" loyihasining pilot loyihasidagi avtobuslar. Hozir avtobuslarga "kiydirilgan" do‘ppilar kepkaga almashtirilgan.
"Aqlvoy" loyihasining pilot loyihasidagi avtobuslar. Hozir avtobuslarga "kiydirilgan" do‘ppilar kepkaga almashtirilgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, "Aqlvoy" loyihasi har bir bolaga bitta joyni tashkil etish uchun taxminan 7,7 million so‘m sarflagan holda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish imkonini beradi, ularda bir necha smenada mashg‘ulotlar tashkil etish va har bir avtobus 3 ta mahallada harakatlanishi mumkin. Odatdagi bolalar bog‘chasi qurilganda esa jihozlash bilan birga xarajatlar har bir bolaga 44 million so‘mni tashkil etadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mamlakatdagi 1,1 million bola bog‘chaga borish imkoniyatiga ega emas.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov joriy yilda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish uchun 100 million AQSh dollari ajratilgani haqida xabar qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2016 - yilda atigi 23 foiz bolalar bog‘chaga borgan bo‘lsa, hozirda raqam 60 foizga yetgan. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev joriy yil yakuniga qadar maktabgacha ta’lim qamrovi 67 foizga yetkazilishini va’da qildi.

XS
SM
MD
LG