Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:58

Prezident tashrifiga ko‘zbo‘yamachilik: tuproqqa bosilgan asfalt, 9 mln so‘mlik palma


Kosonda prezident kelishiga ko‘chalarning faqat bosh qismi asfaltlanib chiqildi.
Kosonda prezident kelishiga ko‘chalarning faqat bosh qismi asfaltlanib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni Qashqadaryoda turli xil ko‘zbo‘yamachiliklar bilan kutib olishdi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan qashqadaryoliklarning aytishlaricha, prezidentga chiroyli ko‘rsatish uchun tuproq ko‘chalarga shosha-pisha asfalt yotqizilgan, yo‘l yoqasidagi devorlar oqlangan va yuz millionlab byudjet puli sarflanib gullar ekilgan.

Koson tumanidagi Amir Temur bog‘ida esa obodonlashtirish ishlari 21-aprelga o‘tar tunda, tonggacha olib borilgan.

Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, "hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoitlari bilan tanishish maqsadida borgan".

Prezident Chiroqchi, Koson va yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanlarida bo‘lgan.

Mirziyoyev tashrifi arafasida prezident borish ehtimoli bo‘lgan barcha hududlarda xavfsizlik choralari juda kuchaytirilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan chiroqchilik mahalla faollaridan birining aytishicha, qo‘shimcha ravishda Navoiy viloyatidan ham ichki ishlar xodimlari olib kelingan:

“Prezident kelibdi, deb eshitdik. Lekin u yoqqa bizni qo‘ymaydi. O‘zini bunchalik avaylaydigan prezidentni hali ko‘rmagan edik. Karimov ham kelardi, lekin bunchalik bo‘lmasdi. Eheee, Chiroqchidan chiqqaningizdan Ko‘kdala tomon ketishda hamma yoq melisa. Bir joyda ta’ziya bo‘lib qoldi, borayotsak militsiya xodimlari har bir chorrahada to‘xtatib qayoqqa ketyapsizlar deb so‘raydi. Tili biznikilarga o‘xshamaydi, so‘rasak ularni Buxoro, Navoiy viloyatlaridan olib kelishgan ekan”.

Mahalla faolining so‘zlariga ko‘ra, xalqning hayotini yaxshi ko‘rsatish maqsadida Yettitom degan hududdagi do‘konlar assortimenti qarshilik tadbirkorlar hisobidan to‘ldirilgan:

“O‘sha yerdagi magazinlarning hammasiga rayonning magazinlarini olib borib tiqibdi. Tumandagi tadbirkorlarga yo‘lning yoqasidagi magazinlarni bo‘lib berib, to‘ldirib turasizlar debdi. Mabodo prezident to‘xtab, magazinga kirib qolsa to‘kin-sochinlikni ko‘rsin degandek. Nimalarni o‘ylab topishmaydi, bularey, ko‘rib ensam qotdi”.

Koson tumani markazidagi mahallalarni prezident tashrifiga boplab tayyorlashdi, deydi ismi sir qolishini so‘ragan kosonlik o‘qituvchilardan biri:

“Mana hozir men sizga klassik ko‘zbo‘yamachilik rasmlarini tashlayman. Ko‘ryapsizmi loy va tuproq ko‘chaga kecha shosha-pisha asfalt bostirishdi. Bu ham ko‘chaning hammasiga emas, faqat katta yo‘ldan kirish qismiga, ya’ni moshinada ko‘chadan o‘tayotgan odamning ko‘ziga go‘yoki mahallalar ham asfaltlangan degan yolg‘onni rost qilib ko‘rsatish uchun. Ertaga bir yilga bormay bu asfalt titilib ketadi, esiz xalqning shuncha puli, esiz shuncha mehnat”.

Koson tumanida ko‘zbo‘yamachilik uchun ko‘cha boshiga tuproq ustiga bostirilgan asfalt.
Koson tumanida ko‘zbo‘yamachilik uchun ko‘cha boshiga tuproq ustiga bostirilgan asfalt.

Koson tumani hokimligining obodonlashtirish bo‘limida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan ishchi ayolning aytishicha, prezident kelishi arafasida ular tuni bilan Amir Temur bog‘ida ishlashgan:

“Katta bir fura moshinda yuzdan ortiq tuvakli katta palma daraxti olib kelishdi. Har biri 9 million so‘m turadi ekan. Ekskavator qazib turdi, kranda ko‘tarib tuvagi bilan ko‘mishdi. Menimcha prezident kelib ketganidan so‘ng yana kavlab olib ketishadi. Bu palьalar prezident qayerga borsa ular ham qo‘shilib boradigan navbatchi daraxtlar shekilli. Bunisi ham mayli, boshqa joylarda yaxshi ko‘karib turgan archalarni kavlab kelib, yo‘l bo‘yiga o‘tqazishdi. Hozir daraxt ko‘chiradigan mavsummi, bir haftadan keyin ularning hammasi qurib qoladi. Hamma tashkilotlardan obodonlashtirish ishlariga ikkitadan odam ajratildi. Mana shu Amir Temur bog‘ida shu kecha yuzlab odam tonggacha ishladi. Bunga o‘zim guvoh!”

O‘qituvchining aytishicha, yo‘l chetidagi chala imoratlarning bitmagan devorlari ham shuvalib, oqlatilgan.

Koson tumanida hali qurib bitkazilmagan devorlar ham shuvalib, oqlab chiqildi.
Koson tumanida hali qurib bitkazilmagan devorlar ham shuvalib, oqlab chiqildi.

Prezident yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani faollari bilan 21-aprel kuni o‘tkazgan uchrashuvda xalq dardida ekanligini aytib, jumladan bunday dedi:

“Mas’ullar har bir mahallaga kirishdan chiqishni o‘ylashi kerak. Chiqishdan oldin esa kirishni o‘ylash kerak. Yashirmayman, men pul bilan keldim. Uni endi qaysi tuman hokimi nima uchun olishini gaplashamiz. Men bilan ko‘rishganda sizlar savol bersalaringiz nimadir bo‘lsa ham o‘zgaradi. Atrofimdagi mas’ullarga ham insof tegib qoladi. Daraxt eksa ham ko‘karib qoladi, masalan".

Ammo uzoq yillar xo‘jalik rahbari bo‘lib ishlagan, ismi sir qolishini so‘ragan chiroqchilik pensionerlardan biri oddiy aholining prezidentga savol berish imkoni umuman yo‘qligi, hozirgi Mirziyoyev besh yil avvalgisidan katta farq qilishini aytadi:

“Masalan hozir prezident kelgan joy - Ko‘kdala bilan Chiroqchining orasi 35 kilometr. 30 kilometr naryog‘idan yo‘lni bog‘lab o‘tirganidan keyin, oddiy xalq qanday qilib prezidentga yeta olsin. Prezident xalq bilan emas, mansabdorlar, rahbarlar bilan uchrashyapti. Bu inson birinchi holatidan ancha o‘zgardi. Biz Sharof Rashidovlarni ko‘rgan odamlarmiz, shular kelardi, hech qanday vahima yo‘q edi. Agar xalq bilan ochiq uchrashishdan qo‘rqsang, kelib nima qilasan?! Bu hokimlaru rahbarlar hammasi maddoh, ularning qanaqa odam ekanligini ko‘zbo‘yamachilik ishlaridan ham ko‘rib turibmiz. Odamlar besh yil avvalgiday Mirziyoyevni yaxshi ko‘rmaydi, odamlarning ko‘ngli qoldi, korrupsiya, tanish-bilishchilik avj olyaptiyu, sira kamaygani yo‘q”.

Ozodlikning Chiroqchi va Koson tumani hokimliklardan bu masalaga munosabat olish harakatlari natija bermadi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida 21—22-aprel kunlari bo‘ladi. Prezident sayti xabariga ko‘ra, Mirziyoyev tashrif davomida klaster va sanoat korxonalarida, fermer xo‘jaliklarida bo‘ladi, mahallalarga boradi.

O‘zbekistonda prezident tashrifiga ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha bor qoralagan.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, ko‘zbo‘yamachilik holatlari davom etayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG