Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:09

Prokuratura huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevni Rossiya fuqaroligidan mahrum etishni so‘ramoqda


Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev Rossiya prezidenti apparati oldidagi piketda - 2018 - yil
Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev Rossiya prezidenti apparati oldidagi piketda - 2018 - yil

O‘zbekistonlik huquq faoli Bahrom Hamroyev Rossiya fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin. Moskva viloyatining Lyubersi shahar prokuraturasi o‘zbek faolini “fuqarolik holatini rasmiylashtirish hujjatlarini qalbakilashtirganlikda” ayblamoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Bahrom Hamroyev o‘ziga qarshi davom etayotgan bosimlarni Navalniy namoyishlarida ishtirok etgani, siyosiy faoliyati va muhojirlar huquqlarini himoya qilib kelgani bilan bog‘lamoqda.

Oxirgi paytlarda Rossiyada ish olib borgan bir qancha huquq himoyachisi FSB talabi bilan fuqarolikdan mahrum etilgani yoki deportatsiya qilingani ma’lum.

Prokuratura ishni sudga oshirdi

Moskva viloyatining Lyubersi shahar prokuraturasi Moskvada faoliyat yuritayotgan “Memorial” inson huquqlari markazi a’zosi, “Yordam” inson huquqlari tashkiloti rahbari Bahrom Hamroyevni fuqarolikdan mahrum qilish talabi bilan sudga murojaat qilgani to‘g‘risida xat yubordi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan huquq faoli prokuraturadan yuborilgan da’vo arizasida uni “O‘zbekiston fuqarosi” ekaniga urg‘u berilgani, vaholanki u SSSR pasporti bilan yurganini bildirdi.

- Lyubersi prokuraturasi 1995 - yilda men go‘yo “fuqarolik olish maqsadida” bir tatar ayolga uylanganimni kovlab topibdi. 25 yil o‘tib, u ayol da’vo qilyapti ekan davlat organlari bilan birga meni “noqonuniy olgan grajdanstvoni”, deb. Aslida, men oxirgi bir necha yilda FSB terrorchilik va ekstremizmda nohaq ayblayotgan ko‘plab odamlarni himoya qilishda ishtirok etib kelaman.

Ikkinchidan, men Navalniy himoyasiga uyushtirilgan korrupsiyaga qarshi so‘nggi mitinglarda faol qatnashganim ham ularning toqatini toq qildi, menimcha. Qolaversa, men Mirziyoyevni ochiqchasiga tanqid qilib kelaman. Men hech qachon O‘zbekiston grajdani ham bo‘lmaganman. Ularning asl maqsadi - meni siyosiy muxolifatdagi faoliyatim uchun O‘zbekistonga topshirishdir, - dedi Bahrom Hamroyev.

Ozodlikka taqdim etilgan Lyubersi shahar prokuraturasi hujjatiga ko‘ra, 1995 - yilda Bahrom Hamroyev Moskva viloyatida yashovchi S.M. bilan rasmiy davlat qaydidan o‘tib yashagan, ular nikohi 1999 - yilda sud qarori bilan bekor qilingan.

Davlat idorasi rasmiylari ayblovida huquq faoli bu nikoh yordamida 1996 - yilda Rossiya vatandoshligini qo‘lga kiritgani va bu “fakt Hamroyevning fuqarolik olishda qalbaki hujjatlarni taqdim etgani” deya baholanayotganini ko‘rish mumkin.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, prokuratura da’vo arizasini Lyubersi shahar sudiga 4 - fevral kuni topshirgan va o‘sha kuniyoq ariza nusxasini gumonlanuvchiga yuborgan.

Biroq huquq faoli himoyasini ta’minlayotgan advokatlar prokuratura o‘z arizasida Bahrom Hamroyev va S.M. o‘rtasidagi nikoh “qalbaki” deb aytilayotganiga birorta jo‘yali isbot-dalil keltirilmaganiga e’tibor qaratmoqda.

B.Hamroyev erkin saylovlar uchun norozilik mitingida hibsga olinganlar qatorida, 03.05.2019
B.Hamroyev erkin saylovlar uchun norozilik mitingida hibsga olinganlar qatorida, 03.05.2019

Ozodlik bilan suhbatlashgan himoyachi Timofey Shirokov so‘zlaricha, “fuqarolikdan mahrum qilish” usuli bir necha boshqa huquq faoli, siyosiy yetakchi va din namoyandalariga nisbatan ham qo‘llanilganini gapirar ekan, uni FSBning “bosim quroli”, deb atadi.

- Bu juda jiddiy ayblov. Oxirgi paytlarda amalga oshirilgan bu kabi ishlarni hisobga olsak, Hamroyevni haqiqatan fuqarolikdan mahrum etishlari va, eng xatarlisi, O‘zbekistonga deportatsiya qilishlari mumkin. Pasporti tortib olinib, Tojikistonga chiqarib yuborilgan Karomat Sharipov ishini misol keltirishim mumkin.

Ular shu tariqa “nomaqbul shaxslarni” mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Ayniqsa, Rossiyada yuzaga kelgan repressiv vaziyatni hisobga olgan holda. 25 yil oldingi ishni ko‘tarib, unga “noqonuniylik” tusini berish kimga zarur bo‘lib qolibdi, deysiz?! Shuncha yil ko‘rmagan narsasini ko‘rib qolgani ajablanarli. Shubhasiz, bu uning siyosiy va huquq himoyasidagi faoliyati bilan bog‘liq. Aslini olganda, shu tariqa istagan rossiyalikni fuqarolikdan chiqarib, unga bo‘lmagan ayblovlarni ilish mumkin, - dedi huquq himoyachisi.

Advokat Shirokov O‘zbekiston tomoni Bahrom Hamroyevga fuqarolik berganini tasdiqlovchi hujjat yuborsa vaziyat yanada murakkablashishi mumkinligini bildirdi.

Aytish joizki, 2017 - yil oxirida Podmoskovyening aynan Lyubersi shahar sudi tojikistonlik taniqli huquq faoli “Tojikistonlik mehnat muhojirlari” harakati rahbari Karomat Sharipovni fuqarolikdan mahrum etib, uni Tojikistonga chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Tojik migrantlari himoyachisi sifatida Rossiyada nom qozongan 57 yashar Karomat Sharipov 2020 - yilda Tojikistonda vafot etib, o‘sha yerda dafn etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, vaziyatdan xabar topgan “Memorial” inson huquqlari himoyasi tashkiloti prokuraturaning Bahrom Hamroyevni fuqarolikdan mahrum etish talabiga o‘z qarshiligini bildirib, ochiq xat tayyorlamoqda. Huquq faoli ishi yuzasidan xat davlat idoralari, jumladan ombudsman Tatyana Moskalkova, xalqaro tashkilotlar - Human Rights Watch, Amnesty International, Frontline va boshqalarga jo‘natilgani aytildi.

Hamroyev va uning faoliyati

Huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev bundan oldin ham FSB nazoratiga tushgani, 2016 va 2017 - yilda FSB va Rosgvardiya maxsus kuchlari uning kvartirasida tintuv o‘tkazgani Ozodlikda xabar qilingandi.

Bahrom Hamroyev Moskvada erkin saylov o‘tkazilishi talabi bilan 2019 - yilning avgustida bo‘lib o‘tgan mitingda hibsga olingandi.

O‘sha yil may oyida Moskvaning Tverskoy tuman sudi Bahrom Hamroyevni ayni modda bilan yakka piket uchun 15 ming rubl miqdorida jarimaga tortgan edi. Huquq himoyachisi 2019 - yilning 17 - aprelida Kreml maydonida Moskvaga tashrif buyurgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga qarshi “Rahmon! Siyosiy mahkumlarni ozod qil!” plakatini ko‘tarib chiqqani uchun ham javobgarlikka tortilgan.

U shuningdek, Shinjon uyg‘urlari, Qrim tatarlari, qirg‘izistonlik o‘zbeklar, rossiyalik siyosiy mahkumlar himoyasiga qator yakka piketlarni uyushtirgandi.

2018 -yilda unga nisbatan ikki o‘zbekistonlik muhojirni o‘z kvartirasida qaydga qo‘ygani uchun jinoyat ishi ochilgan edi.

Huquq himoyachisi 2010 - yilda himoyachi FSB xodimi tomonidan qattiq kaltaklangan; 2011 - yilda noma’lum shaxslar Hamroyevga uyi yaqinida hujum uyushtirgandi.

XS
SM
MD
LG