Toshkent shahri Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi katta miqdorda pora olayotgan vaqtda ushlandi.
O‘zA xabariga ko‘ra, poytaxtda gul yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi firmaning muqaddam prokuratura tizimida ishlagan va sudlangan yuristi savdo sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 184 (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddalari (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan qo‘zg‘atilgan ish doirasida ulardan 30 ming dollar talab qilgan. Yurist Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik masalasini mazkur tuman prokuraturasi mansabdorlari orqali hal qilishga va’da bergan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yurist kelishilgan puldan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi MCHJ yuristidan 20 ming dollarni pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Prokuratura tergovchisiga nisbatan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan, MCHJ yuristiga nisbatan esa 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zA Namangan viloyati Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi ham tezkor tadbirda 2400 dollar pora olgan vaqtida ushlangani haqida xabar qilgan. Prokuror yordamchisi soxtakorlikda gumonlanayotgan shifokorga qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga undan 3000 dollar talab qilgani aytilmoqda.
Ozodlik avval xabar qilganidek, o‘tgan yil oktyabr oyida Toshkent shahri Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. 40 ming dollar miqdorida pora olgach, qochib ketgani jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Faollar huquq idoralari o‘tkazgan maxsus tezkor tadbirning asosiy nishoni bo‘lgan tergovchi qanday qilib ta’qibdan qochib qutulganini savol ostiga olgandi.