Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya Federatsiyasida ekstremizmga qarshi kurash strategiyasi to‘g‘risida” farmon imzoladi. Hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilingan.
Yangilangan strategiyaga ilk bor rusofobiya tushunchasi kiritilgan bo‘lib, unga “Rossiya fuqarolariga, rus tili va madaniyatiga yomon ko‘z bilan qarash, noxolis va dushmanlarcha munosabatda bo‘lish” deya ta’rif berilgan.
Shuningdek, Rossiyaga do‘st bo‘lmagan davlatlar hukumatlarining kamsituvchi xatti-harakatlari ham rusofobiya deb hisoblanishi ko‘rsatilgan.
Strategiyada ayrim davlatlar ekstremizmni gibrid urushlarda va boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishda qo‘llayotgani iddao qilinadi.
Ekstremizm manbalari orasida Ukraina ham tilga olingan bo‘lib, Rossiya hukumati fikricha, u yerda Rossiyaga xavf soluvchi “radikal neonatsist tuzilmalar” qo‘llab-quvvatlanadi.
Hujjatda Ukraina inqirozi rusofob kayfiyat va Rossiyaga qarshi gibrid urushlarni avj oldirishga xizmat qilayotgani urg‘ulanadi. Ukraina hududidan kelayotgan xavfni bartaraf etish hujjatda “eng muhim vazifa” deb atalgan.
“Qasddan” ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketadigan ruxsat etilmagan norozilik aksiyalari, shuningdek migrantlarning g‘ayrihuquqiy faoliyati va xalqaro nohukumat tashkilotlarining destruktiv ishlari Rossiyani beqarorlashtiruvchi omillar sifatida sanab o‘tilgan.
Strategiya ekstremistik faoliyatda ishtirok etish, shuningdek “do‘st bo‘lmagan mamlakatlardagi o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘rish uchun” chet elga chiquvchi shaxslar ro‘yxatini yuritishni nazarda tutadi.
Ammo hujjatda “do‘st bo‘lmagan mamlakatlarning o‘quv markazlari” tushunchasi aniqlashtirilgan emas.