Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazi xaridorlariga faqat “Gazprombank” orqali pul to‘lash majburiyatini bekor qildi. Bu Putinning 2022-yil 31-martida chiqargan xorijiy shirkatlar tomonidan gazga pul to‘lash maxsus tartibiga oid farmonining yangilangan versiyasida aks etgan. Mazkur chora “Gazprombank”dan sanksiyalar olib tashlangunicha amalda bo‘ladi.
Yangi farmonda o‘zaro hisob-kitob bo‘yicha ikkita yo‘l ko‘zda tutilgan. Bulardan biri Rossiya gazi uchun xorijiy shirkatlar tarafidan to‘lov qilinishi maqsadida “uchinchi shaxslar”dan rublda kelib tushayotgan mablag‘larning “vakolatli bank tomonidan qabul qilinishi” bo‘lsa, ikkinchisi gazga pul to‘lash bo‘yicha majburiyat ta’minotchi tashabbusiga ko‘ra “xorijlik xaridorga rossiyalik ta’minotchi tomonidan qarama-qarshi talablarni hisobga olish yo‘li bilan to‘liq yoki qisman to‘xtatilishi mumkin”ligidir. Bu haqda “Kommersant’” nashri xabar qilgan.
Joriy yilning 21-noyabrida AQSH Moliya vazirligi “Gazprombank”ka nisbatan sanksiya kiritgan, bu bilan xorijlik xaridorlarga yetkazib berilgan Rossiya gazi uchun pul to‘lash qariyb imkonsiz holga kelgan.
Yangi cheklov choralariga muvofiq, bank ishtirokidagi operatsiyalar uchun 20-dekabrgacha ruxsat berilgan. “Gazprombank” ishtirokida operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha AQSH faqat “Saxalin-2” loyihasi uchun 2025-yil 28- iyunigacha istisnoviy tartib joriy qilgan.
Sanksiyalar izohida Vashington vakillari Rossiya “Gazprombank”dan Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun harbiy anjomlar sotib olish va rossiyalik harbiylarga pul to‘lashda foydalanayotganini ta’kidlagan.