Линклар

Шошилинч хабар
30 июл 2021, Тошкент вақти: 04:56

Putin haqidagi filmni olgan Rossiya shirkati Mirziyoyev haqida hujjatli kino ishlamoqda


Mirziyoyev haqidagi film nomi ham o‘xshash - “O‘zbekiston. Yangilanayotgan tarix” deb nomlanadi

Rossiyaning "Masterskaya" kinostudiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqidagi xujjatli filmni suratga olish ishlarini boshladi. Film O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi buyurtmasiga binoan “O‘zbekkino” bilan hamkorlikda suratga olinmoqda.

Filmni suratga olish ishlarini O‘zbekistondagi prezident saylovi arafasida - joriy yil avgustida tugallash rejalangan. Filmga buyurtma olgan Rossiyaning "Masterskaya" kinokompaniyasi 2015 - yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqidagi “Prezident. Yangi Rossiya tarixi” nomli, kinotanqidchilar ta’biricha, “plakat propaganda” filmni suratga olgan edi. Ayni kinoshirkat 2018 - yilda targ‘ibotchi teleboshlovchi Vladimir Solovyev bilan Rossiya prezidenti Putinning bir yarim soatlik suhbati asosidagi hujjatli filmni ham suratga olgan.

Bu kinokompaniya tarafidan O‘zbekiston prezidenti haqida olinayotgan film tafsilotlaridan xabardor kinomunaqqid Akmal Rizayevga ko‘ra¸“O‘zbekiston prezidenti haqidagi film Putin haqidagi filmga taqlidan suratga olinadi”.

“Film “O‘zbekiston. Yangilanayotgan tarix” deb nomlanadi. Filmga asli olma-otalik Saida Medvedeva rahbarlik qilmoqda. Medvedeva shu oy boshida suratga olish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish uchun Toshkentga kelib-ketdi. Rasman O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan film namoyishi mamlakat mustaqilligi kuni - birinchi sentabrga rejalangan. Filmning asosiy qaxramoni "Yangi O‘zbekiston"ning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev. Film saylovdan bir yarim oy oldin namoyish qilinadi”.

Film muallifi Saida Medvedeva Rossiya matbuotiga “Uchinchi renessans davrini boshdan kechirayotgan" O‘zbekiston rahbari haqida kino olish uchun O‘zbekistonga borib kelganini bildirgan.

“O‘zbekkino” agentligi matbuot xizmati bu film yuzasidan Ozodlik murojaatiga javob bermadi. Ayni agentlikning ismi aytilmasligini so‘ragan xodimi Ozodlik bilan suhbatda filmning suratga olinishiga doir ba’zi tafsilotlarni ochiqladi:

“O‘zbekkino” faqat nomiga qo‘shilgan. Bizdan hech kim hech narsa so‘ramay qo‘shib qo‘ydi. Filmni suratga olish ishlarini prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov muvofiqlashtirmoqda. Buyurtmachi ham administratsiya. Suratga olish ishlarini "Masterskaya" studiyasi o‘z texnik bazasi asosida amalga oshiradi. Umuman, bu kinostudiya 2014 - yili kelib O‘zbekiston tarixiy obidalari haqida “Sharq javohiri” degan filmni suratga olib ketuvdi”.

Shavkat Mirziyoyev haqida film

Kinomunaqqid Akmal Rizayev “O‘zbekiston. Yangilanayotgan tarix” filmi sinopsisi bilan tanish ekanligini aytadi:

“Mirziyoyev hukmronligini sakrallashtirish, ya’ni uning mutlaq va muddatsiz rahbarligiga shak-shubha qoldirmaslik filmning asosiy maqsadi. Filmdagi Mirziyoyev jamiyatni yangilab, xalq dardini eshitadigan xarizmatik lider qilib ko‘rsatiladi. Film ichidan Mirziyoyevning monologlari o‘rin oladi. Filmda O‘zbekiston siyosiy sahnasidagi boshqa siyosatchilarga e’tibor qaratilmaydi. Omma va uning o‘zgarmas lideri Mirziyoyev, degan format bo‘ladi”.

Shavkat Mirziyoyev odamlar orasida
Shavkat Mirziyoyev odamlar orasida

Bir tomonlama muloqot

Prezident sifatida besh yillik birinchi muddatini yakunlayotgan Shavkat Mirziyoyev hozirga qadar na mahalliy va na xorijiy matbuotga biron marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervyu bermagan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 61 yoshga to‘lgan 2018 - yilda uning Feysbukdagi sahifasi orqali «Janob Prezident» nomli hujjatli film efirga uzatilgan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Komil Allamjonov muallifligida ishlangan ushbu film «Milliy» TV orqali ham efirga uzatilgan.

Prezidentning viloyatlarga qilgan so‘nggi ikki tashrifida uning mahalliy jurnalist va blogerlarning kichik bir guruhi bilan muloqot qilgani kuzatildi. Ammo bu muloqotlarda jurnalistlar prezidentni savolga tutmaydi. Ularning qanday asosda tanlab olingani va qaysi nashrlarni tamsil etishlari ham ma’lum emas.

Tahlilchilar prezidenting blogerlar bilan muloqotlarini saylov targ‘ibotlari doirasida tanlangan mediastrategiyaning bir qismi sifatida ko‘rmoqda.

O‘zbekistonda navbatdagi prezident saylovlari joriy yil 24 - oktabrida o‘tishi kutilmoqda. Mirziyoyev rasman saylovlar bilan bog‘liq rejalarini e’lon qilmagan, ammo ko‘pchilik uning o‘z nomzodini qo‘yishi va ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmaydi.

Sho‘ro ramzlari va kinosining qaytishi

Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kuchayishi kutazilmoqda. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, Karimov davrida taqiqlangan sovet ramzlarini qaytardi. O‘tgan yili pandemiyaga qaramay, prezident Toshkentda G‘alaba bog‘ini qurdirdi va tantanali ravishda ochdi.

Butun bu aloqalarning jonlanishi manzarasida o‘zbek kinosiga sovet davrida asosiy mavzu bo‘lgan ikkinchi jahon urushi mavzusi qaytayotganini ko‘rish mumkin. Shu kunlarda "O‘zbekkino" davlat agentligi sovet O‘zbekistoni davridagi "ulug‘ vatan urushi" motivlarini yodga soladigan kamida ikkita badiiy filmni suratga olmoqda. Ulardan birini tasvirga olish ishlari Belarusda bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG