Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2025, Тошкент вақти: 23:44

Putin noqonuniy migrantlardan RFni 30-aprelgacha tark etishni talab qilmoqda


Rossiyadagi reydlarda qo‘lga olingan xorijliklar (arxiv surati)
Rossiyadagi reydlarda qo‘lga olingan xorijliklar (arxiv surati)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30-dekabr kuni “Rossiya Federatsiyasida ayrim toifadagi xorijlik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqiy holatini tartibga solish bo‘yicha vaqtincha choralar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, Rossiyada qonuniy asoslarsiz yurgan xorijliklar 2025-yilning 30-apreligacha mamlakatni tark etishlari shart.

Rossiyada qolishni istagan migrantlar ko‘rsatilgan sanagacha mashru’lashuvi lozim. Bu ularning migratsiya xizmatida hisobda turishlari, o‘z biometrik va tibbiy ma’lumotlarini hamda rus tilini bilishlariga oid guvohnomalarni taqdim etishlari hamda vaqtincha yashash va ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishlari kerakligini anglatadi. Ularning qarzdorligi bo‘lmasligi hamda ular avval legalizatsiya bo‘yicha rasmiylardan rad javobini olmagan bo‘lishlari lozim.

Farmonda alohida band bilan hujjatdagi talablar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va harbiy xizmatga olingan xorijliklarga tegishli emasligi qayd etilgan.

Farmon mehnat muhojirlari doxil chet elliklarga nisbatan avvalroq kuchaytirilgan choralarga qo‘shimcha bo‘lgan. Migrantlar uchun “mamlakatdan chiqarib yuborish tartibi”ga oid farmon Putin tomonidan 2024-yil avgustida imzolangan edi. Mazkur qonun 2025-yil fevralidan kuchga kiradi.

Moskva viloyatida joylashgan “Krokus Siti Xoll” savdo markazidagi teraktdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan ksenofobik kayfiyatlar kuchaygan. Rossiyalik tergovchilar taxminlariga ko‘ra, mazkur terror xuruji Tojikiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan. Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlagan.

Ayni paytda rossiyalik rasmiylar mehnat muhojirlariga nisbatan ham nazoratni kuchaytira boshlashgan. Noyabr oyi o‘rtalarida Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin yil boshidan buyon “migratsiya sohasini takomillashtirish”ga qaratilgan 13 ta qonun qabul qilinganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, mazkur qonun me’yorlari tufayli 2025-yilga kelib Rossiyada xorijlik fuqarolarning vizasiz yurish muddati qariyb 2 baravar qisqaradi (bir yil ichida 90 kungacha), mamlakatdan chiqarib yuborish tartibi ishga tushadi. Rossiyadagi ko‘plab viloyatlarda xorijliklarning muayyan sohalarda (taksi, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda) ishlashi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG