Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:51

Putin Ukrainaga qarshi yangi raketa qo‘llanilganini ochiqladi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga o‘rta masofali “Oreshnik” yangi ballistik raketasi bilan zarba berilganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu zarba Kiyev tomonidan “AQSH va Britaniyaning uzoq masofali quroli” qo‘llanilganiga javob bo‘lib hisoblanadi. Bu haqda Putin 21-noyabr oqshomida Kreml telegram-kanali orqali yoyinlangan videomurojaatida bildirdi.

Putinga ko‘ra, Rossiya Dneprdagi mudofaa-sanoat majmuasiga yadroviy kallaksiz ballistik raketa bilan zarba bergan.

“Raketachilarimiz uni “Oreshnik” deb nomlashdi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi, otilgan raketa nishonga tekkan”, degan u. Putinning aytishicha, raketa hadafi “Janubiy mashinasozlik zavodi” (Yujmash) bo‘lgan.

Raketa tezligi sekundiga 2,5-3 kilometrga yetadi. Putinga ko‘ra, snaryadni AQSHda yaratilgan va Yevropada joylashtirilgan tizimlar doxil zamonaviy havodan mudofaa vositalari bilan urib tushirishning imkoni yo‘q.

Putin bu hujum 19 va 21-noyabr kunlari Ukraina Qurolli kuchlarining Bryansk va Kursk viloyatlaridagi hadaflarga bergan zarbasiga javob bo‘lib hisoblanadi. Bu zarbalarni berish uchun, iddaoga ko‘ra, AQSH va Britaniyada ishlab chiqarilgan ATACMS va Storm Shadow (SCALP) raketalaridan foydalanilgan. Hujumlar natijasida, Putinga ko‘ra, Kursk viloyatida odamlar halok bo‘lgan va jarohatlangan. Bryansk viloyatida esa qurbonlar qayd etilmagan.

“Oreshnik”ning ishga solinishini Putin AQSHning o‘rta va qisqa masofali raketalarni ishlab chiqarish va joylashtirish rejalari bilan bog‘lagan. Prezident bu kabi tizimlar sinovdan o‘tkazilgan taqdirda Rossiya tinch aholini avvaldan ogohlantirishini qayd etgan.

O‘z murojaatida Putin G‘arb davlatlariga tahdid ham qilgan.

Biz obyektlarimizga qarshi o‘z qurolidan foydalanishga imkon berayotgan mamlakatlarning harbiy obyektlariga qarshi o‘z qurolimizni qo‘llash huquqiga egamiz, deb hisoblaymiz, tajovuzkorona harakatlar eskalatsiyasida esa shu kabi qat’iy va mutanosib javob qilamiz”, deya bildirgan u.

Kreml vakili Dmitriy Peskov “Oreshnik” sinovi yuzasidan izoh berarkan, Rossiya Yadroviy xatarni kamaytirish bo‘yicha milliy markaz liniyasi orqali AQSHni avtomatik tartibda raketa uchirilishidan ogohlantirganini bildirgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq qit’alararo raketalar uchirilgani haqida ogohlantirilgan emas, chunki “Oreshnik” o‘rta manzilli raketadir”, deya aniqlik kiritgan Peskov.

Pentagon vakilasi Sabrina Singh “Oreshnik” uchirilishidan sal oldinroq Qo‘shma Shtatlar Rossiyadan ogohlantirish olganini tasdiqlagan. Singh Rossiya tomonidan gipertovushli raketa sinovdan o‘tkazilganidan keyin ham yadroviy hozirlikka oid yondoshuvini o‘zgartirmaganini qo‘shimcha qilgan.

O‘z navbatida, Oq uy vakilasi Karin Jan-Pyer, Rossiya xatti-harakatlaridan qat’i nazar, AQSH Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etaverishini ta’kidlagan.

Bizni to‘xtatolmaydilar. Biz ukrainaliklarni ularga lozim bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlashda davom etamiz”, degan Jan-Per.

XS
SM
MD
LG