O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan RF hududida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar voyaga yetmagan bola vataniga qaytarilgan. Bu haqda xabar qilgan “Dunyo” axborot agentligi bu ishni diplomatik vakolatxona Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda amalga oshirganini urg‘uladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Rossiyaga bor ishchi guruh qarovsiz qolgan bolalarga oid zarur hujjatlarini yig‘ish maqsadida ikki hafta davomida RFning turli hududlarida bo‘lgan.
Hududlardan yig‘ilgan yordamga muhtoj o‘zbekistonlik bolalarning barchasi avvaliga Moskva shahridagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan, keyin esa ular O‘zbekistonga qaytarilgan.
Xabarga muvofiq, voyaga yetmagan bolalar O‘zbekistonda yaqin qarindoshlariga yoki mamlakatdagi maxsus bolalar muassasalariga topshiriladi.
Bu Rossiyada qarovsiz qolgan bolalarning O‘zbekistonga ilk bora qaytarilishi emas. Deylik, shu yilning sentyabr oyi boshida Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan qiyin vaziyatga tushib qolgan 14 nafar, avgust oyida esa 31 nafar bola O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar qilingan.