Qashqadaryo viloyatidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati xarid komissiyasi ko‘p milliardlik tender o‘tkazishda qonun talablarining qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ydi.
Daryo.uz nashrining xarid ma’lumotlarini o‘rgangan holda yozishicha, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ 2025-yilda ishlab chiqarish ehtiyoji uchun siqilgan gazda harakatlanuvchi avtotransport vositalarida yuk tashish uchun boshlang‘ich qiymati 10 milliard 862 million so‘mlik tender o‘tkazgan.
Eng yaxshi taklifni tanlab olish bo‘yicha savdo 2024-yilning 18-dekabridan 2025-yilning 8-yanvarigacha davom etgan.
Lotda faqat Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Romitantrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati qatnashgan va boshlang‘ich narxdan salkam 10 million so‘m past narx – 10 milliard 852 million so‘m taklif bilan yutib chiqqan.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 68-moddasiga muvofiq, tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgani bois xarid komissiyasi tenderni o‘tkazilmagan deb topishi shart.
“Afsuski, komissiya a’zolari tomonidan tenderni bekor qilish o‘rniga qonunga zid harakat qilinib, ovozlar berilgan. Komissiya a’zolari qonunchilikdan bexabarmi? Ularning ishtirokchi bilan qandaydir aloqasi bormi?” deya mas’ullarni savolga tutgan Daryo.uz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, 2024-yil davomida davlat xaridlari tizimida 263,9 milliard so‘mlik noqonuniy xarid natijalari bekor qilingan.