Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2021, Тошкент вақти: 04:50

Qashqadaryoda o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilgan ishchilar norozilik bildirdi


Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining o‘nlab ishchisi o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlanganini aytib, mamlakat prezidentiga video murojaat yo‘lladi.

Tashkilot xodimlarining Ozodlikka aytishicha, ulardan mehnat qonunchiligiga zid ravishda o‘z hisoblaridan ta’tilga chiqishlari borasida ariza yozdirib olingan.

Korxona rahbariyati xodimlarga oylik to‘lashga puli yo‘qligidan shunday qilishdan boshqa chorasi qolmagani, lekin xodimlar ariza yozishga majburlanmaganini aytmoqda.

O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til xodimning o‘z roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

Agar ish beruvchi xodimning roziligisiz o‘z hisobidan ta’tilga chiqishni talab qilayotgan bo‘lsa, bu mehnat huquqlarining buzilishi hisoblanadi.

Koson tumanidani Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining suv sexi mutaxassisi Mahmud Eramonov 9 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana besh yuzdan ziyod hamkasbi o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqarilganini aytar ekan bunday dedi:

"Bir yildan beri olti oylab o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlashlar bo‘lyapti. Shu paytgacha chidab keldik, lekin hozir ham shu ishlar bo‘lyapti.

Suniy ravishda ishni o‘ldirib, korxonani o‘z hisobiga MChJ qilib olmoqchimi. Hozir hamma norozi. Yuzlab odam bessoderjaniyada oyliksiz o‘tiribdi. Oilasini boqishga puli yo‘q.

Bessaderjaniya bo‘laversa kambag‘allik ko‘payadi. 1 yarim million oylik olamiz. Zo‘rg‘a kunimizni ko‘ramiz. Shu pul ham hozir yo‘q. Malakali mutaxassislarimiz Rossiyaga, Qozog‘istonga ketib qolyapti, - deydi Ermonov.

Korxonaning yana ikki nafar ishchisi Ozodlik bilan suhbatda o‘z hisobidan majburiy ta’tilga chiqishga majburlanganini aytdi.

"Ariza yozasan yo umuman ishdan ketasan deydi. Umuman ketsak ish yo‘q, shunga yozib berishga majbur bo‘ldik. Uch oydan beri bessoderjaniyada o‘tiribmiz. Hammamiz malakali ishchilarmiz. Agar bu uzoqqa cho‘zilaversa Rossiyaga ketamiz, deb turibmiz,", - deydi Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkiloti ishchisi.

Ozodlik ishchilar e’tirozi yuzasidan Neft gaz quduqlarini sinash tashkiloti rahbari Fahriddin Shamsiddinovdan izoh olishga urindi, lekin uning uyali telefoniga kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

Tashkilot hisobchilaridan biri xodimlarga oylik to‘lashga puli yo‘qligidan o‘z rahbariyati shunday qilishga majburligini aytdi.

"Ish kam, pul yo‘q, shunga ishchilardan o‘z hisobidan ta’tilga chiqib turish so‘raldi. Bu vaqtincha, deb tushuntirilyapti. Navbatlashib chiqilyapti, nohaqlik bo‘layotgani yo‘q. Meni o‘zim ham oyliksiz o‘tiribman", - dedi korxona hisobchisi.

O‘zbekiston Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holdagi ta’til xodimning o‘z roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.

Mehnat kodeksining 150-moddasiga ko‘ra, xodimga o‘z hisobidan majburiy ta’til berish mumkin emas, bunga faqat o‘zi rozi bo‘lishi shart.

159-moddaga ko‘ra, xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqtda uning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi agar kimdir o‘z ish joyida o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlansa vazirlikka murojaat qilishni tavsiya qilgan.

Huquqlari buzilgan ishchilar vazirlikning 1176 qisqa raqamli hamda + 998 71 200 06 00 ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin.

Ammo, Koson tumanidani Neft gaz quduqlarini sinash tashkiloti ishchilari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga huquqlari buzilayotgani haqda shikoyat qilmagan.

"Davlat idoralariga shikoyat qilishda foyda yo‘q. E’tibor bermaydi. Prezident qabulxonasiga chiqdik, natija bo‘lmadi. Shunga to‘g‘ri Ozodlikka chiqishga majbur bo‘lyapmiz", - deydi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining suv sexi mutaxassisi Mahmud Eramonov.

XS
SM
MD
LG