Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:46

Qashqadaryoda tadbirkorlar auksionda sotib olgan yerida qurilish qilolmayapti


Tadbirkor qurilish maydonida 20ta uyning poydevorini tashlab qo‘ygan.
Tadbirkor qurilish maydonida 20ta uyning poydevorini tashlab qo‘ygan.

Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz vino-aroq” AJga tegishli 4,6 gektar yerni auktsiondan qariyb 750 million so‘mga sotib olib ishni boshlagan tadbirkorlarga 2 milliard so‘mlik "ta’sirchan soliq" solindi.

Shahrisabz tuman soliq inspeksiyasi bu soliqni Vazirlar Mahkamasi qarori asosida, auksiondan sotib olingan yerning foydalanilmayotgani uchun solgan va tuman hokimligi investitsiya bo‘limi ish borayotgani haqida xulosa bergan taqdirda, soliqni to‘xtatishi mumkin.

Ammo tadbirkorlarning aytishicha, ular ishni boshlashgan va aholi uchun quriladigan 100 uyning 20tasiga poydevor ham tashlab bo‘lishgan. Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanov esa qurilishga qarshilik qilmoqda va investitsiya bo‘limi xulosa bermayapti.

Tuman hokimligi investitsiya bo‘limi mulozimi ishchi guruh masalani joyiga borib o‘rganishini Ozodlikka bildirdi.

“Smart Injinirs” MChJ ish yurituvchisi, tadbirkor Sayfullo Ahmedovning aytishicha, u chiroqchilik Mustafo Jovliyev va Erali To‘rayev bilan hamkorlikda 2021-yilning iyulida “Shahrisabz vino-aroq” AJga tegishli 4,6 gektar yerni auksiondan qariyb 750 million so‘mga sotib olgan.

Mulk sotib olingani haqida auktsion bayonnomasi
Mulk sotib olingani haqida auktsion bayonnomasi

Tadbirkorlar bu joyda chorvachilik fermasi qurishni rejalashtirgan edi. Ammo yer aholi zich yashaydigan mahallaning o‘rtasida joylashganligi sababli ular bu hududda aholi uchun arzon turar-joy va savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qurishga qaror qiladi.

Qashqadaryo viloyati qurilish boshqarmasi boshlig‘i Rasul Shoymardanov va viloyat bosh arxitektori Shuhrat Qurbonov tasdiqlagan qurilish loyihasi ham ishlab chiqildi.

“Biz aholiga 2 so‘tixli arzon uy joy qurish rejamiz bor edi. Ishning boshladik, 20tacha uyning fundamentini tashladik. Ammo tuman soliq inspeksiyasidan xat kelyapti. Nima emish, ishlatilmay yotgan yerga 2 mlrd. so‘m ta’sirchan soliq qo‘llanilganmish. Shunday qilib tuman hokimi bizning qurilishimizni to‘xtatib turibdi”, deydi Sayfullo Ahmedov.

Tadbirkor bu yerda uy-joy qurish uchun barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirgan. Loyiha tuzilgan, chizmalar tasdiqlangan.

Viloyat qurilish boshqarmasi tasdiqlagan xulosa.
Viloyat qurilish boshqarmasi tasdiqlagan xulosa.

Ammo soliq inspeksiyasi uni ta’sirchan soliqdan ozod qilishi uchun, Shahrisabz tuman hokimligi investitsiya bo‘limining xulosasi kerak. Ana shu xulosaning berilishiga, tadbirkor iddaosicha tuman hokimi Samad Hasanov to‘sqinlik qilmoqda:

“Besh oydan buyon ishimiz to‘xtab turibdi. Hokim Samad Hasanovning oldiga bir azob bilan kirdik. Hokim bizga “sen loyiha qilgan yer suvlik yer, u yerda qurilish qilish mumkin emas”, deyapti.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019-yil 13-avgustdagi Farmonida ham, hokimliklarda tuzilgan ishchi guruhlar tadbirkorlarga yordam berishi ko‘rsatib o‘tilgan:

“Foydalanilmayotgan obyekt haqiqatda xo‘jalik faoliyatiga jalb qilinganligini joyiga borgan holda o‘rganish orqali ta’sirchan soliq mexanizmini to‘xtatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga xulosa taqdim etish”

Ammo, tadbirkor iddaosicha, tuman hokimi bu xulosani olti oydan buyon cho‘zib kelmoqda.

Sayfulla Ahmedovning aytishicha, qurilish to‘xtatilib qo‘yilganidan so‘ng, u ish bilan ta’minlagan ishchilar ham bekor qolgan, 15 million so‘mlik qurilish materiallari quyosh va yomg‘ir tagida qolib brak bo‘lgan.

Tadbirkorlar davlatdan yordam, bankdan bir so‘m ham kredit olgani yo‘q, qurilishni o‘z kuchlari bilan o‘rtada qilishmoqchi.

Loyiha, chizma va u-bu idoralardan hujjatlarni to‘g‘rilaguncha ikki oy vaqt ketdi. Ishni boshlashganidan yana 3 oy o‘tib, 2 milliard so‘m ta’sirchan soliq to‘laysan degan talab kelib turibdi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, ta’sirchan soliq uzoq vaqt foydalanilmay yotgan binolarga nisbatan qo‘llaniladi. Bular esa ish boshlaganidan 5 oy o‘tib, hech bir ogohlantirishsiz soliqqa tortilmoqda.

“Bu yerda tadbirkorni qo‘llab quvvatlash bo‘lyaptimi yoki tadbirkorni sindirish? Biz buni umuman tushunmayapmiz. Prezidentimiz “tadbirkorga qarshi chiqqaning mening siyosatimga qarshi chiqqaning”degan. Bizning tuman hokimimiz, investitsiya bo‘limlari tadbirkorni qo‘llash emas faqat sindirish bilan ovora. Sen nima qilyapsan, nimaga ishing to‘xtab qoldi, deb bir inson zoti kelib so‘ramaydi”, deydi Sayfullo Ahmedov.

Ozodlik 29-iyun kuni Shahrisabz tuman hokimligi investitsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Muhammadxon Abduxayirovga murojaat qildi:

“Tadbirkor tarmoq jadvalini tuzib, birinchi ishchi guruhga taqdim qilgan ekan. Hozir hamma mutasaddilar bilan kelishib oldik, ertalab birinchi, ikkinchi ishchi guruh, hokim o‘rinbosari, soliq inspeksiyasidan vakil, hamma birga borib, masalani joyida o‘rganib, hal qilishga harakat qilamiz. Keyin hozirgina menga ma’lum qilishdi, kecha ta’sirchan soliqni bekor qilish haqida prezident farmoni ham chiqibdi”.

O‘zbekistonda o‘tgan yilning iyul oyidan boshlab davlat mulklarini “1 so‘m” qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilingan va ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqarila boshlagan edi.

Onlayn auksionda qatnashish uchun to‘lovlar bekor qilingan va tadbirkorlarga elektron ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab berilishi ma’lum qilingan.

Prezident Mirziyoyevning 28-iyundagi farmoni bilan 2022-yil 1-iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, tugallanmagan qurilish obyektlariga va ushbu obyektlar bilan band yerlarga mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi ham bekor qilindi.

XS
SM
MD
LG