Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:17

Qatar O‘zbekistonning strategik hamkoriga aylandi


O‘zbekiston va Qatar TIV rahbarlari kkki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash chog‘ida, Toshkent, 2024-yil 15-apreli (TIV fotosi)
O‘zbekiston va Qatar TIV rahbarlari kkki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash chog‘ida, Toshkent, 2024-yil 15-apreli (TIV fotosi)

O‘zbekiston bilan Qatar ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik maqomiga ko‘tarishgan. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegram tarmog‘idagi o‘z kanali orqali ma’lum qildi.

“Bugun Toshkentda Qatar Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy Janobi Oliylari bilan birgalikda Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Bitimni imzoladik”, deb yozgan vazir Saidov 15-aprel oqshomida yoyinlangan postida.

Avvalroq Ozodlik 15-aprel kuni Toshkentda “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani, unda Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 44-sessiyasi raisi shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy ham ishtirok etgani haqida xabar qilgan edi.

Qatar arab davlatlari ichida O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan (1991-yil dekabrida) mamlakat bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston Qatar bilan diplomatik aloqalarni 1997-yilning noyabr oyida o‘rnatgan bo‘lishiga qaramay, qariyb 20 yil davomida (Islom Karimov o‘limiga qadar) bu mamlakat bilan o‘zaro munosabatlarni o‘ta yaqin va iliq, deb bo‘lmasdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar Shavkat Mirziyoyev davrida, ayrim manbalar iddaosicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on vositachiligida iliqlasha boshlagan. O‘zbekiston prezidenti Qatarga so‘nggi safarini 2023-yil oktyabrida, Qatar amiri esa O‘zbekistonga so‘nggi tashrifini o‘tgan yil dekabrida amalga oshirgan.

XS
SM
MD
LG