Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:52

Qattiq qo‘nish. Pavel Durovning Fransiyada ushlanishi haqida nimalar ma’lum?


Shu yil iyunida O‘zbekistonga safar qilgan Telegram asoschisi Pavel Durov Toshkentda prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi xamda prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan uchrashgan. 27-iyun, 2024
Shu yil iyunida O‘zbekistonga safar qilgan Telegram asoschisi Pavel Durov Toshkentda prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi xamda prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov bilan uchrashgan. 27-iyun, 2024

26-avgust kuni Fransiya sudi Telegram asoschisi Pavel Durovning hibsda qolish muddatini 48 soatga uzaytirdi. Bu haqda France-Presse agentligi tergovga yaqin manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Agentlik hibs muddati ko‘pi bilan 96 soat davom etishi mumkinligi, bu muddat o‘tganidan keyin esa sudya yo Durovni ozod qilishi, yoki tadbirkorga nisbatan ayblov e’lon qilishi lozim bo‘lishini qayd etgan.

Ayni paytda Moskvada Durov himoyasiga aksiyalar bo‘lmoqda, ekspertlarga esa ushlash sabablari, uning Durov va Telegram uchun qanday yakun topishi haqida fol ochish qolyapti, xolos. Chunki axborot makonida fransuz OAVlarining anonim manbalari taxminlaridan o‘zga axborot hozircha yo‘q.

Bokudan – Le-Burjega

24-avgust kuni Telegram asoschisi Pavel Durov oqshom soat sakkizlarda Parij ostonasidagi Le-Burje aeroportida so‘roq qilinib, hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Yakshanba kuni choshgohga qadar na fransuz hukumati, na Telegram shirkati rasmiy izoh berdi. Ammo ushbu manzarada tergovga aloqador kishilar anonim tarzda OAVlarga bir qancha ma’lumotlarni sizdirishdi. Fransiyaning TF1/LCI hamda BFM telekanallari (ular Durov ushlanganini birinchi bo‘lib xabar qildi) suhbatdoshlariga ko‘ra, 39 yoshli tadbirkorni bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha boshqarma (OFMIN) qidiruvga bergan. Mazkur tashkilot 2023-yil noyabrda tuzilgan, binobarin Durovni ushlab so‘roq qilish uchun order bundan erta berilgan bo‘lishi mumkin emas.

Yakshanba kuni kechqurun Telegram'ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Pavel Durov bilan bog‘liq vaziyat haqida izoh paydo bo‘ldi. Unda Telegram YI qonunchiligiga, jumladan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga rioya qilishi, messenjerda moderatsiya esa “sohaviy standartlarga muvofiq bo‘lib, muttasil takomillashtirilishi” haqida so‘z boradi.

“Telegram bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q va u Yevropa bo‘ylab tez-tez sayohat qilib turadi. Platforma yoki uning egasi ushbu platforma suiiste’mol qilingani uchun javob beradi, deyish g‘irt bema’nilik. Butun dunyo bo‘yicha qariyb milliard kishi Telegram'dan muloqot vositasi va muhim axborot manbai sifatida foydalanmoqda. Biz ushbu tushunmovchilik eng qisqa mudatda bartaraf etilishini kutamiz”, deyiladi bayonotda.

Durov tansoqchisi hamda, keyin ayon bo‘lishicha, “assistent qiz” bilan xususiy uchoqda Ozarbayjondan uchib kelgan va Parijda kamida bir kecha qolishni rejalagan. Negaligi noma’lum. TF1 manbasi Durovning Fransiyada qo‘nish qaroridan ajablanganini yashirmaydi: “Axir unga order yozilgan edi va hujjat faqat mamlakat hududida amal qiladi. U xato qildi, nega bunday bo‘lganini bilmaymiz. Balki uchoqni almashtirmoqchi bo‘lgandir? Nima bo‘lganida ham u qamoqqa tushdi”.

Rossiyaning RT telekanali Durovni ushlashga order uning uchog‘i Le-Burje aeroportiga qo‘nishidan bir necha daqiqa oldin yozilgani haqida xabar qildi, biroq dastlabki manbalarda bunaqa ma’lumot yo‘q.

Bu yog‘iga nima bo‘ladi? Yakshanba kuni kechqurun Durov tergov sudyasi (Juge d'instruction) qarshisiga chiqarilishi kerak edi. Fransiya tergov sudyasining boshqa hech bir mamlakatda analogi yo‘q. U jinoyat ishini qo‘zg‘atish va ehtiyot chorasini (garov, uy qamog‘i, hibsda saqlash va hkz.) belgilaydi.

Fransiyaning Telegram'ga da’volari

Telegram – dunyodagi eng ommabop messenjerlardan biri (Durovning o‘zi aytishicha, kelasi yilda shirkat foydalanuvchilar sonini 1 mlrd nafarga yetkazmoqchi). Le Monde yozishicha, fransuz hukumatining Durovga qarshi ayblovlari Telegram huquq-tartibot idoralariga shifrlangan xabarlar kalitini berishga va jinoyatlarni koordinatsiya qilish uchun tarmoqda moderatsiyani joriy etishga rozi bo‘lmayotgani bilan bog‘liq. OAVlar ma’lumotiga ko‘ra, shirkat mulkdorlaridan biri sifatida Durovga nisbatan firibgarlik va giyohvand moddalar savdosidan tortib kiberxavfsizlik sohasiga oid jinoyatlar va pedofiliyagacha – qator og‘ir jinoyatlar bo‘yicha dastlabki idoralararo surishtiruv boshlangan. Darvoqe, muhtamal jinoyatlar ro‘yxatida terrorizmga ko‘maklashish ham bor.

Messenjer taklif qilayotgan funksiyalar (moderatsiya yo‘qligi, akkauntni “bir martalik” raqamlarda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati, yopiq guruhlar orqali axborot almashish qulayligi) avtoritar davlatlar, jumladan Rossiyada siyosiy faollarning joniga oro kirmoqda. Ayni chog‘da ushbu funksiyalar konspirologiya muxlislarini, ruxsat etilmagan tovar bilan savdo qiluvchilar hamda turli xil noqonuniy xatti-harakatlar tashkilotchilariga ham qo‘l kelyapti. Masalan, tergov organlari Moskvaning “Krokus Siti” konsert zalida sodir bo‘lgan terakt Telegram orqali tayyorlangani va boshqarilganini iddao qiladi. Yaqinda Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan migrantlarga qarshi to‘polonlarning ham messenjerga aloqador joyi bor – immigratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi advokatlarning ismlari va manzillari aynan Telegram orqali tarqalgan ekan. Bu kabi voqealar, tabiiyki, YI mamlakatlarini tashvishga soladi. 2021-yilda Germaniya Adliya vazirligi nafrat va adovat tarqatuvchi xabarlar tufayli Telegram'ga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda huquqlarning buzilishi haqidagi qonunga asosan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, lekin hech bir natijaga erisha olmagan edi. Telegram ijtimoiy tarmoq emas, balki messenjer sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, shirkatning bosh ofisi esa Dubayda.

Pavel Durov, 2018-yil.
Pavel Durov, 2018-yil.

Fransiyada ham vaziyat shunga o‘xshash. Ushbu messenjer mamlakatda hatto yetakchi o‘ntalikka ham kirmaydi (o‘tgan yili uning ulushi 13,5 foiz bo‘lgan) va ko‘pincha noqonuniy kontent (masalan, sport musobaqalari yoyinlarini) tarqatish uchun qo‘llanadi. Lekin faqat shugina emas: joriy yilning martida Parij prokuraturasi Telegram orqali bolalar pornografiyasi bilan savdo qilgan guruhni aniqlagan edi. Bundan tashqari, fevralda fransuz maxsus xizmatlari ushbu messenjer orqali harakat qilgan Rossiyaga tegishli propagandachilar tarmog‘ini fosh etgan.

Fransiyaning “xos fuqarosi” Paul du Rove

Durov ishidagi yana bir jihat uning Fransiya fuqarosi ekanidir. Ushbu maqom, xususan, uni boshqa mamlakatga ekstraditsiya qilishga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchi yo uchinchi mamlakatlar ham Durovga qarshi ayblov e’lon qilishi mumkin, lekin Fransiya uni bermaydi. Fransuz pasporti undagi yagona pasport emas, milliarder kolleksiyasida yana Sent-Kits va Nevis, BAA pasportlari ham bor. Durov fransuz fuqaroligiga kirgani 2023-yilda ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda u fransuz tiliga yaqin Paul du Rove (Pol dyu Rov) ismini tanlagan. Aytgancha, Durovning telegram-kanali ham shunday ataladi.

Le Monde gazetasiga ko‘ra, Durov oddiy yo‘l bilan Fransiya fuqaroligini olgan bo‘lishi mumkin emas, chunki uning holatida mamlakat hududida besh yil (ba’zi manbalarda ikki yil, deyiladi) yashash va “fransuz madaniyati va til muhiti”ga mansublik kabi zarur shartlar bajarilmagan. Shundan kelib chiqib, nashr unga nisbatan naturalizatsiyaning juda nodir, yopiq va siyosiylashgan “faxriy chet ellik” turi qo‘llanganini taxmin qiladi. Bu yo‘l bilan, Fransiyaning iqtisodiy gullab-yashnashiga va jahon maydonida shuhrat qozonishiga katta hissa qo‘shgan fransuzcha so‘zlashuvchi ajnabiylargina fuqarolikni olishlari mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Durovda Fransiya pasporti borligi mazkur ish bo‘yicha vaziyat yomon tus olgan taqdirda uning boshqa mamlakatga ekstraditsiya qilinishini istisno etadi.

“Paveldan qo‘lingni tort”

Durov qo‘lga olinganidan beri AQSHda SpaceX asoschisi hamda X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask #FreePavel xesh-tegi bilan qator postlar yozishga ulgurdi.

Rossiya rasmiylari esa birinchilardan bo‘lib Durov himoyasiga chiqishdi. Davlat Dumasi vitse-spikeri Vyacheslav Davankov “qamoqqa olish qarori tagida siyosiy sabablar bo‘lishi va bu Telegram foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishda qurol bo‘lib xizmat qilishi mumkin”ligini aytib, tadbirkorni “qutqarishga” chaqirdi. Rossiyaning Fransiyadagi elchisi buning uchun zarur qadamlar qo‘yilganini, ammo Fransiya tomoni “hamkorlikdan bosh tortayotgani”ni bildirdi. TIV vakili Mariya Zaxarova esa 2018-yilda Rossiyada Telegram bloklanishini qoralagan xalqaro nohukumat tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilarkan: “Nima deb o‘ylaysiz, bu gal ular Parijdan Durovni ozod etishni talab qilisharmikan yoki damlarini ichlariga yutisharmikan?” deya savol qo‘ydi. Propagandachilar ham qolishayotgani yo‘q. Xonanda Shaman “Instagram” orqali Durovga murojaat qilib, uni vatanga qaytishga chaqirdi: “Pasha, jigarim! Faqat Rossiyadagina erkin va yengil nafas olish mumkin. Uyga qayt. Bu yerda seni eslashadi, yaxshi ko‘rishadi, kutishyapti”.

Milliarderning ushlanishini oqlaganlar ham bor. Surishtiruvchi Xristo Grozev Durovning “Telegram'dan yovuzlik yo‘lida foydalanayotganlarni to‘xtatmoqchi bo‘lganlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishi uning FSB bilan hamkorlikdan bosh tortganini qadrsizlantiradi”, deb yozdi. Grozev so‘zlariga dalil sifatida muhtamalan giyohvand moddalar savdogarlariga tegishli telegram-botlardan skrinshotlarni ilova qilgan.

Украинага босқин: 914-кун | Telegram асосчиси Павел Дуров Париж аэропортида ҳибс этилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:56 0:00

Publitsist Stanislav Kucher ham shunga o‘xshash fikr bildirdi. Unga ko‘ra, Durov demokratik davlat politsiyasiga ashaddiy jinoyatchilarni tutishda yordam berishni rad qilgan.

Rossiyada prezident administratsiyasi va hukumati xodimlari, shuningdek ayrim kuchishlatar idoralar xodimlariga Telegram'dan ish bo‘yicha yozishmalarini o‘chirib tashlashga ko‘rsatma berilgan. Bu haqda Baza telegram-kanali xabar qilmoqda.

“Nastoyashcheye vremya” yozishicha, Durov ushlanganidan so‘ng Rossiya Z-blogerlari Telegram Ukrainaga qarshi urushda Rossiya harbiylari tomonidan keng qo‘llanayotganini eslatib, Fransiya hukumati Durovga shu masalada hamkorlik qilishni taklif etgan bo‘lishi mumkinligiga shama qilishgan. Shu bilan birga, Rossiyada Telegram hademay bloklanadi, degan gaplar yuribdi: o‘tgan hafta messenjer ishida nosozlik kuzatilgan edi, mutaxassislar buni “bloklash tizimi sozlangani” bilan izohlashmoqda.

Yakshanba kuni Moskvadagi Fransiya elchixonasi yonida Durov himoyasiga aksiya o‘tkazildi. Aksiya ishtirokchilari tadbirga messenjer ramzi – jajji oq qog‘oz uchoqlar bilan kelishdi – 2018-yili Rossiyada Telegram'ni dastaklab o‘tkazilgan hukumatga qarshi aksiyalarda ham ushbu ramzdan foydalangan edilar.

XS
SM
MD
LG