Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:17

Qaysi mamlakatlar eng ko‘p may ichadi?


AQSh eng ko‘p vino iste’mol qiladigan mamlakatdir. Ammo Uzum va vino xalqaro tashkilotining (International Organisation of Vine & Wine, OIV) yillik hisobotiga ko‘ra, 2020 - yilda global may iste’moli 3 foizga qisqargan.

O‘tgan yilda global miqyosda taxminan 234 million gektolitr (mgl) sharob iste’mol qilingan. Bu 23,4 milliard litrga teng keladi.

OIV tashkilotiga ko‘ra, bu 2002 - yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Tashkilot bu holat COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq ekanini taxmin qilib, 2020 - yilgi ko‘rsatkichlar 2008–09 - yillardagi global moliyaviy inqirozdan keyin kuzatilgan ko‘rsatkichlarga o‘xshash ekanini bildirdi.

"Prosecco [vinosini] hisobga olmaganda, vijillab turadigan vino 2020 - yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan may turidir", deyiladi OIV bildiruvida.

"Umumiy hajmlar past bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, qutida tashiladigan vino savdosi hajmi oshdi", deya qo‘shimcha qildi tashkilot.

Shu bilan birga, turli mamlakatlarda turli tendensiyalar kuzatilgan. Xitoyda may iste’moli taxminan 17 % ga qisqargan.

AQShda esa 2019 -yilgi ko‘rsatkichlar saqlanib qolgan. OIV e-tijoratga o‘tish pandemiyaning iqtisodiy ta’sirini yumshatishga yordam bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

OIV to‘plagan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 - yilda quyidagi mamlakatlar eng ko‘p sharob ichgan:

  • AQSh – 33 mgl (2019 - yil bilan bir xil)
  • Fransiya – 24,7 mgl (2019 - yil bilan bir xil)
  • Italiya – 24,5 mgl (7,5% o‘sish)
  • Germaniya – 19,8 mgl (0,2% o‘sish)
  • Buyuk Britaniya – 13,3 mgl (2,2 % o‘sish)
  • Xitoy – 12,4 mgl (17,4% qisqarish)
  • Rossiya – 10,3 mgl (3% o‘sish)
  • Ispaniya – 9,6 mgl (6,8% qisqarish)
  • Argentina – 9,4 mgl (6,5% o‘sish)
  • Avstraliya – 5,7 mgl (3,7% qisqarish)

May iste’molini kishi boshiga hisoblaganda ro‘yxat umuman boshqachadir.

Joriy yil boshida Amerika sharob iqtisodchilari assotsiatsiyasi (American Association of Wine Economists, AAWE) tomonidan “Twitter”da ulashilgan jadvalda 2018 - yilda kishi boshiga (15 yoshdan kattalar orasida) necha litr sharob to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin.

Portugaliyaliklar ro‘yxatda birinchi o‘rinda bo‘lib, mamlakatda kishi boshiga 62,1 litr may to‘g‘ri keladi. Lyuksemburg esa ikkinchi o‘rinda – 55,5 litr.

Fransiyada kishi boshiga 50,2, Italiyada – 43,7, Buyuk Britaniyada – 22,6 litr, AQShda – 12,4 litr vino ichilgan.

So‘nggi o‘n yilliklar davomida mamlakatlardagi tendensiyalar o‘zgargan.

Amerika sharob iqtisodchilari assotsiatsiyasi e’lon qilgan yana bir jadvalda Frantsiyada kishi boshiga o‘rtacha iste’mol so‘nggi 50 yil ichida qariyb ikki barobarga ozayganini ko‘rish mumkin.

Italiyada ham kishi boshiga iste’mol ko‘lami qisqargan: 1970 - yilda jon boshiga 100 litr may to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2018 - yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 40 litrga tushib qolgan.

XS
SM
MD
LG