Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida kuzatilgan shiddatli sel tufayli bir necha qishloqdagi uylarni suv bosdi. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat tufayli Bulan-So‘go‘ttu, Ko‘rumdu, Temirovka qishloqlari va “Issiqko‘l Avrora” pansionati jabr ko‘rgan.
Vazirlik seldan eng ko‘p Temirovka qishlog‘idagi uylar zarar ko‘rgani, u yerda 100 dan ortiq uy suv ostida qolganini bildirgan. Shuningdek, To‘ng tumanining Aqsay qishlog‘i va Jetio‘guz tumanining Qizilsuv qishlog‘ida uylar suv ostida qolgani aytilmoqda. Bundan tashqari, viloyatda bir necha yo‘l yopilgan.
Sel ortidan prezidentning viloyatdagi vakili Ulanbek Daliyev 19-avgust kuni toshqin oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha majlis o‘tkazgan. U sel hodisasi ro‘y bergan qishloqlarda vaziyatni nazorat qilish uchun mazkur qishloqlarga fuqarolarni himoya qilish tizimidan kuch va vositalar jalb qilish topshirilganini bildirgan.
18-avgust oqshomida tinimsiz quygan jala Cho‘lponota shahridagi To‘g‘uzbulaq sel kanalidan suv toshishi xavfini yuzaga keltirgani ma’lum bo‘lgan. 19-avgustga kelib esa viloyatning Issiqko‘l va To‘ng tumanlarida favqulodda holat tartibi joriy etilgan.
2024-yil boshidan buyon Qirg‘izistonda sel toshqini tufayli 25 kishi nobud bo‘lgan. Avvalroq mamlakat janubidagi O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlarida sel va toshqin hodisalari sodir bo‘lgan edi.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilning olti oyi ichida Qirg‘izistonda tabiiy ofat va texnogen hodisalardan ko‘rilgan zarar miqdori 1 milliard 900 million so‘mni (22 million dollardan ko‘proq) tashkil qilgan.