Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 00:24

Qirg‘iziston: Prezident hokimiyatini kuchaytiruvchi konstitutsiya ma’qullandi


O‘shdagi saylov uchastkalaridan biri.

Qirg‘izistonda 11 - aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilarning ko‘pchiligi, dastlabki natijalarga ko‘ra, prezident vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiradigan konstitutsiyaning yangi tahririni yoqlab ovoz berishgan.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, byulletenlarning 90 foizi sanalgan paytda yangi Konstitutsiyani yoqlab ovoz bergan saylovchilar 79 foizni tashkil qilgan. MSK referendumda saylovchilar davomati 35 foizni tashkil qilganini bildirgan. Referendum “bo‘lib o‘tdi” deya tan olinishi uchun, Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, unda 30 foiz saylovchi ishtirok etishi kifoya.

Konstitutsiyaning yangi tahririda parlament deputatlari soni 120 nafardan 90 nafarga tushirilgan, prezidentga sudyalar va huquq-tartibot idoralari rahbarlarini tayinlash huquqi berilgan. Konstitutsiya loyihasiga prezident tomonidan chaqiriladigan yangi institut – Xalq qurultoyi kiritilgan.

Tanqidchilar “muvofiqlashtiruvchi va maslahat organi” bo‘lgan Qurultoyning parlament funksiyasini qaytalaydigan organ bo‘lishi va prezidentga katta vakolatlar berishi mumkinligini aytmoqdalar.

Referendum Sadir Japarov prezident etib saylanganidan uch oy o‘tgach bo‘lib o‘tdi. Hokimiyat tepasiga kelishidan oldin Japarov bir qator boshqa siyosatchilar bilan birgalikda 2020 - yil oktabrida sodir bo‘lgan g‘alayonlarda qamoqdan ozod etilgan. O‘sha paytda Japarov odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 10 yillik jazo muddatini o‘tayotgan edi.

Noyabr boshlarida Sadir Japarov mavjud siyosiy boshqaruv tizimi samara bermaganini aytib, prezident davlat va hukumat boshlig‘iga aylanadigan konstitutsiya loyihasini taqdim etgan edi.

Ayni paytda referendum bilan birgalikda mahalliy kengash deputatlarining saylovi ham o‘tkazildi.

Saylovdan so‘ng O‘sh shahar kengashiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan 6 partiya ovoz berish natijalarini tan olmasligini e’lon qildi va 12 - aprel kuni O‘sh shahar bosh maydonida norozilik mitingi o‘tkazdi.

O‘sh shahar kengashi deputatligiga jami 9 partiya nomzodlari ko‘rsatilgan edi. Mazkur kengashda 45 deputatlik o‘rni bor.

Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, O‘shdagi saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlarning 48 foizi qatnashgan.’ni 151 ming 960 saylovchidan 72 ming 841 nafari ovoz bergan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, “Ata -Jurt Qirg‘izstan” partiyasiga 48,8%, “Uluttar birimdigi” partiyasiga 18,0%, “Iymon nuri” partiyasiga 8,1 foiz, “Intimoq” partiyasiga 7, 5% ovoz berilgan. Bu partiyalardan nomzodlar O‘sh shahar kengashidan o‘rin olish huquqiga ega bo‘lgan.

Ayni paytda norozilik mitingi uyushtirgan partiyalar orasida “Ata -Jurt Qirg‘izstan”dan tashqari O‘sh shahar kengashiga saylangan partiyalar ham bor.

Jumladan, “Uluttar birimdigi” partiyasi raisi, O‘shga 2010 - yildagi millatlararo nizo paytida mer bo‘lgan Melis Mirzaqmatov prezident Sadir Japarovga murojaat yo‘llab, O‘shda o‘tgan saylovni “Qirg‘iziston tarixidagi eng banditcha saylov”, deya sifatladi.

O‘sh shahar huquq-tartibot organlari esa O‘shdagi saylov paytida sodir etilgan qonunbuzarliklarga huquqiy baho berilishini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG