Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:48

Qirg‘iziston prezidenti: O‘zbekiston bilan barcha chegaralar ochiladi. Ammo So‘xga yo‘lak beriladi degan ma’lumot yolg‘on


Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyev bilan 11-12 - mart kuni Toshkentda muzokaralar olib borgan.
Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyev bilan 11-12 - mart kuni Toshkentda muzokaralar olib borgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 15 - mart kuni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekiston bilan munosabatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Sadir Japarov intervyu davomida O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanishga suqlanganini aytdi hamda yaqin uch oy ichida barcha chegara muammolari hal etilishini, jumladan, qo‘shni davlat bilan chegaradagi barcha nazorat-o‘tkazish puntklari ochilishini ta’kidladi.

Ayni paytda prezident O‘zbekistonning So‘x anklaviga Qirg‘iziston hududidan yo‘lak ochib berishga kelishilgani to‘g‘risida paydo bo‘lgan xabarlarni yolg‘on deb atadi.

Sadir Japarov 11-12 - mart kunlari Toshkentga qilgan tashrifi natijalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanayotganiga havasi kelganini aytdi:

“Kecha men O‘zbekistonga borganda uyaldim. Ishlab chiqarish korxonalarini ko‘rib uyaldim. Biz tish kovlagich ishlab chiqaruvchi fabrika ham qurmabmiz, ular esa, samolyot chiqarishmoqda”.

Shundan kelib chiqqan holda, Sadir Japarov O‘zbekiston bilan hamkorlikda "Qambarota-1" GESini qurish masalasida kelishuvga erishilganini, bu loyiha uch yil ichida nihoyasiga yetkazilishini aytdi.

Prezdentning aytishicha, Toshkent safari doirasida tomonlar chegaralarni to‘liq ochish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.

“O‘zbekiston bilan chegaralarni to‘liq ochaylik, dedik. Xalqlarimiz avvalgiday bordi-keldi qilishsin, dedik. Bugungi kunda 7ta chegara nazorat o‘tkazish punkti yopiq. Bu punktlarning barchasi ochishga kelishib oldik. Bu borada hozir ishlar olib borilmoqda. Xudo xohlasa, O‘zbekiston bilan chegaralar to‘liq ochiladi”,-dedi Sadir Japarov.

Qirg‘iziston rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan chegaralarni aniqlash ishlarini to‘lig‘icha uch oy ichida yakunlash masalasida kelishilganini ham bildirdi.

Sadir Japarov O‘zbekiston bilan chegara masalasida o‘ta muammoli hududlar qolmaganini aytdi. Unga ko‘ra, 24-25 - mart kunlari Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Toshkentga borib, chegara bo‘yicha tegishli hujjatlarni imzolab qaytadi.

Qirg‘iziston prezidenti intervyu davomida ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan So‘x anklaviga yo‘l ochish to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuzasidan ham gapirib o‘tdi.

“Biz So‘xga aviaqatnov ochib beramiz, dedik. Bundan tashqari chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarigina ochiladi. Internetda muxolifatchilar, fikri buzuq odamlar “So‘xga yo‘lak berilar ekan, yo‘l ochib berar ekan, suv berar ekan” degan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmoqda. Bu yolg‘on. Unkur Too masalasiga kelsak, Shavkat Mirziyoyev “Bu hududni talashmaymiz, sizlarga qarashli bo‘lsa olaveringlar”, deb aytdi, – deb bildirdi Sadir Japarov.

O‘zbekiston hukumati So‘xga transport qatnovi uchun yo‘l ochilishi yoki yo‘lak berilishi masalasida hozircha rasman munosabat bildirmagan.

Ammo Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi muxtor vakili Omurbek Suvanaliyev Sadir Japarovning tashrifi yakunlariga ko‘ra, viloyatlarning chegara hududida o‘tish punktlari ochilishini ma’lum qilgan. Chegara post xizmati dastlab piyodalar uchun, uch oy ichida esa avtomobillar uchun ochilishi aytilgan.

Bir necha kun oldin Qirg‘iziston O‘zbekistonning So‘x anklaviga aviaqatnov va transport yo‘lagi ochishga tayyor ekani, ayni paytda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan Ungartepa (Qirg‘izistonda Unkur Too deyiladi) hududi o‘ziniki ekani to‘g‘risidagi da’vosidan voz kechishi to‘g‘risida prezident matbuot xizmati tarqatgan xabar ortidan qirg‘iz ijtimoiy tarmog‘ida turli noroziliklar paydo bo‘lgan edi.

Qirg‘izistonliklarning bir qismi Axsi tumanidagi Ungartepa doimo Qirg‘iziston hududi bo‘lganini iddao qilgan holda, prezident ma’muriyatining bu ma’lumotini “tushunarsiz”, deb baholagan.

Ayrim qirg‘izistonliklar O‘zbekistonning So‘x eksklaviga transport yo‘lagi ochiladigan bo‘lsa, Botken viloyati anklavga aylanib qolishidan tashvish bildirgan.

Qirg‘iziston va O‘zbekistonning Ungartepa yuzasidan bahsi bir necha yil avval ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikni kuchaytirgan edi.

2016 - yilning 22 - avgust kuni O‘zbekiston Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishilik militsiya desantini tashlagan, buning ortidan Bishkek 3 - sentabrdan boshlab O‘zbekiston bilan chegaralarini yopib qo‘ygan edi. Natijada O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi So‘x hamda Shohimardon eksklavlari qamal holatiga tushgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston 2016 - yilning 18 - sentabrida Ungartepadan o‘z desantini olib chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi 1378 kilometrlik chegaraning 1170 kilometri yoki 85% 2017 - yili aniqlangan. Yana 10% bo‘yicha kelishilgani xabar qilingan. Biroq ular hukumat va parlamentlar tomonidan tasdiqlanib, ratifikatsiya qilinishi kerak. Hozirgi so‘zlashuvlar ayni o‘sha 10% va qolgan 5% chegara doirasida bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston hududida O‘zbekistonning So‘x, Cho‘ng‘ara -Qalcha, Shoximardon, Toshtepa degan to‘rt eksklavi bor. O‘zbekiston ichida esa Qirg‘izistonning Barak eksklavi mavjud.

XS
SM
MD
LG