Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 02:30

Qirg‘iziston: Qimmatchilik sabab odamlar kiyimlarini oziq - ovqatga almashtirmoqda


Qirg‘izistonda bir necha oy oldin 350 so‘m - 4 dollardan sotilgan go‘sht bugungi kunda 500 so‘m ($ 5,90)dan sotilmoqda.

Qirg‘izistonda so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 50 foizga qimmatladi. Jumladan, o‘tgan yil yakunida 80 so‘mdan sotilgan 1 litr o‘simlik yog‘i narxi 160-170 so‘m ($2)ga, 350 so‘mlik go‘sht 500 so‘m ($ 5,90)gacha, 10 dona tuxum 80 so‘mdan 120 so‘m ($1,4)gacha ko‘tarildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan cheklovlar natijasida so‘nggi bir yilda Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 8,6 foizga kamaygan. Inflyatsiya darajasi 9,7 foizni tashkil etgan. Mana shu holatlar ortidan mamlakatda qimmatchilik yuzaga kelmoqda.

Bishkek shahrida yashovchi Olga Reshetnikova o‘zi va farzandlari kiyimlarini oziq-ovqatga almashtirish haqidagi ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan.

"Bizga farqi yo‘q. Oziq-ovqatning har qanday turiga almashtiraveraman. Yog‘, shakar, un... nima bo‘lsa ham mayli. Meni kiyimlarimni ba’zilari yangiligicha turibdi. Ularni arzon bo‘lsa ham beryapman".

Olga maoshning ozligi sababli mana shu qadamga majbur bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Olga kiyim-kechaklarini oziq-ovqatga almashtirish to‘g‘risida e’lon bergan yagona bishkeklik emas. Qirg‘izistonning e’lon va reklamaga ixtisoslashgan ommaviy Lalafo portalida bu kabi e’lonlarni o‘nlab o‘qish mumkin.


Samara Tapkeyeva Bishkekdagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. To‘rt farzandini yolg‘iz boqib, ijara uyda yashashini aytgan Samaraning oilasi qimmatchilik sababli go‘sht yemay qo‘ygan:

"Qimmatchilik kuz oylaridayoq sezildi. Avvaligi oz-ozdan qimmatlagan bo‘lsa, hozir narx kun sayin o‘sayapti. Tejash maqsadida ba’zi maxsulotlardan bosh tortdik. Go‘sht yemay qo‘ydik. Bolalarim “qachon go‘sht qovurib berasiz?” deyishsa, javob berolmayman. Shakar olmay qo‘yganmiz, saryog‘ni unutganimizga ko‘p bo‘lgan”.

Samaraning aytishicha o‘qituvchi maoshi ozligi sababli dam olish kunlari birovlarning uyini tozalab qo‘shimcha pul topishga harakat qiladi, lekin bu ham kamlik qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan cheklovlar natijasida so‘nggi bir yilda Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 8,6 foizga ozaygan.

Ishlab chiqarishning kamaygani ortidan so‘nggi oylarda deyarli barcha tarmoqda qimmatchilik kuzatildi. Oziq –ovqat, yoqilg‘i va boshqa tovarlar narxi keskin oshgan. Rasman umumiy inflyatsiya 9,7 foiz bo‘lgani aytilsa-da, ba’zi tovarlar 50 foizgacha qimmatlagan.

Qirg‘iz hukumati oziq-ovqat, yoqilg‘i narxini tushirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini bildirmoqda. Iqtisod va moliya vazirligi o‘simlik yog‘i bilan shakar zahirasini to‘ldirish maqsadida 318,4 million qirg‘iz so‘mi (taqriban 3 million 750 ming dollar) ajratgan. Ammo hozircha bu chora narx-navoning arzonlashiga ta’sir ko‘rsatgani sezilmayapti.

O‘tgan yili mart oyida koronavirus sababli cheklovlar kiritilayotganida, 1 kilo shakar 35 so‘m, 1 litr o‘simlik yog‘i 80 so‘m, 1 litr benzin markasiga qarab 36-43 so‘m atrofida bo‘lgan. Bugungi kunda shakar narxi 70 so‘m, o‘simlik yog‘i 160-170 so‘m, benzinning 1 litri 46-50 so‘mdan sotilyapti.

XS
SM
MD
LG