Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 07:29

Qirg‘izistonda hokimlarning kasbiy salohiyati tekshiriladi. Imtihondan o‘ta olmaganlar ishdan bo‘shatiladi


Bishkek. Bosh vazir ma’muriyati joylashgan Hukumat uyi.

Qirg‘iz hukumati hokimlar va hokim o‘rinbosarlarining kasbiy salohiyatini tekshirish maqsadida imtihon uyushtirmoqda. Maxsus komissiya imtihonidan o‘tmagan tuman rahbarlari ishdan bo‘shatiladi.

Tuman rahbarlarini imtihondan o‘tkazish 11 - mart kuni Norin viloyatida boshlandi. Davlat kadr xizmati raisi Abdirahman Mamataliyev yetakchiligidagi komissiya hokimlar va ularning o‘rinbosarlari to‘g‘risida militsiya, milliy xavfsizlik xizmati va fuqaroviy jamiyatdan olingan ma’lumotlarni o‘rganadi. Bundan tashqari hokimlardan qonunlar yuzasidan test imtihoni olinadi.

“Test savollari imtihon boshlanguniga qadar maxfiy saqlanadi. Savollar test boshlanishidan avval Bishkekdan kompyuter orqali yuboriladi. “Kimlargadir avvaldan sotilar ekan”, degan so‘zlar asossiz. Hokimlar orasida bilimsizlari bor. O‘shalarni elakdan o‘tkazamiz”, -dedi Abdirahman Mamataliyev.

Komissiya tarkibiga prezident, hukumat va tegishli vazirlik vakillari kirgan. Mamataliyev test onlayn formatida o‘tishini va sinov jarayoniga istagan odam guvoh bo‘la olishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Komissiya sinovdan keyin “o‘z vazifasiga munosib va ko‘tarilish imkoniyati bor” deb topgan mansabdorlar kadrlar rezerviga kiritiladi. “Egallagan lavozimiga noloyiq” topilganlar ishdan bo‘shatiladi.

Ayrim kuzatuvchilar hokimlarni bu tarzda imtihondan o‘tkazish korrupsiya uchun yo‘l ochib beradi deb hisoblamoqda. Parlament deputati Janar Aqayev mana shunday fikrdagilardan biri:

“Birinchidan, bu 20 yilga ortga ketishni anglatadi. Ikkinchidan, poraxo‘rlikka yo‘l ochildi, degan so‘z. Negaki, imtihon haqidagi xabar paydo bo‘lganidan beri hokimlar Bishkekda yuribdi. Yonimdagi deputatlarga uchrab ketishyapti. “Yordam beringlar, gaplashib beringlar”, deb yurishibdi. Endi attestatsiyadan kimlar o‘tadi? Ministrning qudasi, deputatning qudasi deganlar o‘tadi”.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati turli hududlardagi o‘nga yaqin hokim va ularning o‘rinbosarlari bilan bu maslada suhbatlashdi. Ayrim mansabdorlar test sinovidan xavfsirab turgan bo‘lsa, ayrimlari buni hukumatning navbatdagi “xo‘jako‘rsin siyosati” sifatida baholadi. Ismi ochiqlanishini istamagan tuman rahbarlaridan biriga ko‘ra:

“Hozir oldindan biron narsa deyish qiyin. Nazariy bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar o‘tib ketishi mumkin. Biroq tumanni boshqarish uchun amaliyotni bilish zarur. Yaxshi boshqaruvchilar imtihondan o‘tmay qolsa nima bo‘ladi?”

Parlament deputati Kenjebek Bo‘qo‘yev hokimlarni imtihondan o‘tkazish to‘g‘rsidagi qaror tushunarsiz ekanini aytadi.

“Hokimlar Bosh vazir buyrug‘i bilan tayinlanadi. Bu siyosiy lavozimdir. Shundoq ekan, imtihon qilishning nima hojati bor? Qonunlarni, Konstitutsiyani yodlab olganlarning hammasi ham tumanlarni rivojlantirib yubormaydi. Men bu attestatsiyani tushunmadim”, - dedi deputat.

Mamlakatning yetti viloyatida qirqta tuman hokimi bor. Davlat kadr xizmati raisi Abdiraxman Mamataliyev yaqin kelajakda hokim va boshqa barcha yuqori lavozimlarga nomzodlar tanlov yo‘li bilan aniqlanishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG