Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga tuzatishlarni imzoladi. Hujjatda Internet va ommaviy axborot vositalarida tuhmat va haqorat uchun javobgarlik ham nazarda tutilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, tuhmat va haqoratda aybdor deb topilgan jismoniy shaxslar 20 ming so‘m (taqriban 230 AQSH dollari), yuridik shaxslar esa 65 ming so‘m (qariyb 750 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Qonunda bu kabi huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnomalarni IIV xodimlari tuzishi, keyin esa ularni sudga oshirishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasi Qirg‘iziston parlamenti tomonidan 2024-yil dekabrida ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan, ayni paytda deputatlardan to‘rt nafari unga qarshi chiqishgan. Loyiha tashabbuskori Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi bo‘lgan.
Qirg‘iziston ombudsmeni Jamila Jamanbayeva “so‘z erkinligi, inson huquq va erkinligiga rioya qilinishini ta’minlash” zarurligini bildirib, rasmiylarni bu tuzatishlarni qaytarib olishga chaqirgan.
Prezident Sadir Japarov mazkur qonun loyihasi yuzasidan izoh berarkan, “Qirg‘izistonda so‘z erkinligi avval ham bo‘lgan, hozir ham bor va kelajakda ham bo‘ladi”, deya urg‘ulagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumot tarqatmang, isbot-dalilsiz birovga tuhmat qilmang, kimningdir obro‘-e’tiboriga daxl qilmang. Siz mamlakat bo‘ylab istagan joyingizda, shu jumladan rasmiylarga qaratilgan tanqid yoki talablaringizni bildirishingiz mumkin, biroq bularni dalillar bilan aytishingiz lozim”, degan mamlakat prezidenti.