Qirg‘izistonda mashhur bo‘lgan jarroh olim Ernst Akramov 26-noyabr kuni 88 yoshida Bishkekda olamdan o‘tdi. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Taniqli jarroh 27-noyabr kuni Bishkekdagi Alaarcha qabristoniga dafn etilgan. U bilan xayrlashuv marosimi Abdilas Maldibayev nomidagi Qirg‘iziston Milliy akademik opera va balet teatrida bo‘lib o‘tgan. Akramovning janozasida hukumat vakillari, parlament deputatlari, mahrumning hamkasblari va yaqinlari ishtirok etishgan.
O‘zbek millatiga mansub bo‘lgan Ernst Akramov 1936-yil 24-iyunida Frunze shahrida tug‘ilgan. U 1960-yilda Qirg‘iziston davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Akramov mamlakatda taniqli professor, tibbiyot fanlari doktori va jarroh edi. O‘z faoliyati davomida u SSSR xalq deputati etib saylangan, 2008-yili esa Qirg‘izistonda fan va texnika sohasida davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan vrach maqomiga ega Akramovga 2009-yilda “Qirg‘iziston qahramoni” unvoni berilgan.
Ernst Akramov 1992-yildan beri Chuy viloyati birlashgan kasalxonasi umumiy jarrohlik bo‘limini boshqarib kelgan, 2002-yilda esa shu klinika qoshidagi Rekonstruktiv-tiklovchi jarrohlik ilmiy markaziga rahbari etib tayinlangan. Yuzlab ilmiy ish va monografiyalar muallifi bo‘lgan Akramov mamlakat jamoatchiligi orasida metsenat o‘laroq ham tanilgan edi.