Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 20:52

Qirg‘izistonda O‘rxan Inandini qidirish davom etmoqda


1- iyunga o‘tar kechasi Bishkekda g‘oyib bo‘lgan “Sapat” xalqaro ta’lim muassasasi prezidenti O‘rxan Inandining qayerdaligi mavhumligicha qolmoqda. Huquqni muhofaza qilish idoralari qidiruv ishlari kuchaytirilganini ma’lum qilgan, “Odam o‘g‘irlash” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Inandining yo‘qolib qolishi Qirg‘izistonda katta ijtimoiy rezonansga sabab bo‘ldi. Prezident Sadir Japarov qidiruvni kuchaytirishga chaqirdi, parlament esa hukumatni qirg‘izistonlikning huquqlarini himoya qilishda qat’iy choralar ko‘rishga chorladi.

2 - iyun kuni Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi binosi oldida O‘rxan Inandini topish talabi bilan o‘nlab kishilar to‘plandi. Ularning iddaosicha, Inandining o‘g‘rilanishi ortida Turkiya maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi mumkin, ammo elchixona ushbu ayblov yuzasidan hanuz biron izoh bergan emas. Shunday norozilik chiqishlari 1 - iyun kuni ham bo‘lgan edi.

“O‘rxan Inandining g‘oyib bo‘lishi xavotir uyg‘otadi, ertaga uning o‘rnida men yoki “Sapat”ning boshqa har qaysi bitiruvchisi bo‘lishi mumkin. Biz Turkiya elchisi huzurimizga chiqib, o‘z munosabatini bildirishini talab qilamiz”, deydi “Sapat” litseyi o‘qituvchisi Maxabat Murzakmatova.

Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi oldida namoyish¸ 2 - iyun 2021 - yil
Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi oldida namoyish¸ 2 - iyun 2021 - yil

“Ozodlik” muxbiri O‘rxan Inandining yo‘qolib qolishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh olish uchun Turkiya elchisi bilan bog‘lana olmadi. Bu orada mamlakat Vazirlar mahkamasi binosi oldida norozilik aksiyasi davom etdi. Miting ishtirokchilari oldiga prezident ma’muriyatining Mudofaa, huquq-tartibot va favqulodda vaziyatlar shu’basi mudiri Adilet Januzakov chiqib, prezident Sadir Japarov Inandini qidirishni kuchaytirishga buyruq berganini xabar qildi.

1 - iyun kuni “Sapat” maktablar tarmog‘i prezidentining rafiqasi Reyhan Inandi ijtimoiy tarmoqlar orqali Qirg‘iziston hukumatiga murojaat qilgan va erini qidirishga ko‘maklashayotgan barchaga minnatdorlik bildirgan edi.

“Men erimning sog‘-salomat qaytishini xohlayman xolos. Qirg‘iziston hukumatidan uni izlashga yordamlashishni iltimos qilaman. Agar u mamlakatdan badarg‘a qilinsa, hayoti xavf ostida qolishini Turkiya matbuoti orqali bilib olgandirsiz, albatta. Men uning xavfsizligini o‘ylab alag‘da bo‘lyapman. Qirg‘iz xalqining odilligi va do‘stligiga ishonaman. Umid qilamanki, erimni deportatsiya qilmaydilar”, deb yozgan Reyhan Inandi.

Inandining yo‘qolishi fakti Qirg‘iziston jinoyatlar va nojo‘ya ishlar yagona reestriga Jinoyat kodeksining 170-moddasi (“Odam o‘g‘irlash”) bo‘yicha qayd qilingan. IIV xabarnomasiga ko‘ra, IIV, Bishkek IIBB va Oktabr tumani IIBning tajribali tergovchilari va tezkor xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi esa maxsus xizmat 2019 - yildayoq uyushgan jinoiy guruhlarning Inandini undan pul talab qilish maqsadida o‘g‘rilamoqchi bo‘lgani haqida ma’lumot olganini bildirdi. “Inandiga uni o‘g‘irlashlari mumkinligi haqida xabar berilgan, unga shaxsiy qo‘riqchi olish va ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etilgan”, deyiladi qo‘mita xabarnomasida.

Inandining qarindoshlariga ko‘ra, o‘sha ogohlantirishdan so‘ng u rostdan ham soqchi yollagan bo‘lsa-da, g‘oyib bo‘lgan kuni yolg‘iz bo‘lgan. Muallimning tarafdorlari u pul undirish maqsadida o‘g‘rilangani ehtimolini istisno qilishmaydi. Biroq ularning aksariyati “Sapat” maktabi prezidenti turk maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘rilangan, deb ishonishga moyil.

Esen Omurkanov
Esen Omurkanov

“Turkiya hukumatining reytingi tushib ketyapti, Erdo‘g‘on partiyasi uch qismga parchalandi, muxolif partiyalar esa, aksincha, kuchga to‘lmoqda. Atigi 30 foiz saylovchi dastagiga kuni qolgan Erdo‘g‘on mana shunaqa tomoshalar bilan e’tiborni o‘ziga tortmoqchi. Keniyadan 30 yoshli o‘qituvchini o‘g‘rilashdi, bu ham Turkiyada tomoshaga aylantirildi. Ular O‘rxan Inandini ham o‘g‘rilab, shu ko‘yga solmoqchi bo‘lishgan”, deya o‘z taxminlarini bayon qiladi siyosatshunos Esen Omurkanov.

Turkiyada tavallud topgan O‘rxan Inandi “Sapat” maktablar tarmog‘i asoschilaridan biri sanaladi. U 1995 - yildan beri Qirg‘izistonda ishlab kelayotgandi. 2001 - yilda “Sapat” prezidenti bo‘lgan. 2012 - yilda Qirg‘iziston fuqaroligini olgan. Uning Turkiya fuqaroligidan chiqqani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Jamoatchilik faoli va huquqbon Rita Karasartova Qirg‘iziston fuqarosining turk maxsus xizmatlari tarafidan o‘g‘irlab ketilgani haqidagi taxmin tasdiqlansa, bu mamlakat obro‘siga putur yetkazishini aytadi. “Biz o‘z fuqarolarini va o‘z suverenitetini himoya qila olmaydigan davlatga aylanamiz”, urg‘ulaydi u.

O‘rxan Inandi
O‘rxan Inandi

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 1 - iyun kuni Oktabr tumani IIBga Maldibayev va Samanchin ko‘chalari chorrahasida davlat raqami 01KG 599AHR bo‘lgan Lexus 470 rusumli avtomobil eshiklari ochiq holda turgani haqida xabar qilingan. U yerga militsiya yetib borganida, O‘rxan Inandining o‘g‘li Yusuf Kose otasi oxirgi marta 31 - may kuni soat 18.00 da aloqaga chiqqanini, o‘shandan buyon daragi yo‘qligini ma’lum qilgan. Yusuf Kose militsiyaga ariza bergan. Materiallar Yagona reestrga qayd qilinib, sudgacha tekshiruv boshlab yuborilgan.

Roza Aytmatova, Ishengul Boljurova, Tinchtibek Chorotegin boshliq qator jamoat arboblari, olimlar va huquqbonlar Qirg‘iziston hukumatiga murojaat qilib, Inandini mumkin qadar tezroq topishga chaqirishgan.

Parlamentning xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida Inandi tarafdorlarining uning g‘oyib bo‘lishi voqeasida chet davlatlar maxsus xizmatlarining ehtimoliy ishtiroki haqidagi arizasi inobatga olindi. Qo‘mita Vazirlar mahkamasini Qirg‘iziston fuqarosining huquqlari himoyasi uchun dadil qadamlar tashlashga da’vat qilmoqda.

Yaqinda Internetda “Manas” xalqaro aeroportiga Turkiyadan maxsus bort uchib kelgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. Tarmoqda uchoqning fotosuratlari ham e’lon qilingan. Biroq aeroport matbuot xizmati bu Turkiyaga oid xususiy uchoq ekanini, u Tomchi aeroportiga mashg‘ulot parvozini amalga oshirib, so‘ng ortga qaytganini ma’lum qildi.

“Sapat” ta’lim muassasalari tarmog‘i Qirg‘izistonda 1992 - yildan beri faoliyat yuritadi. Bugungi kunda tarmoq 16 litsey, “Ala-too” xalqaro universiteti, “UWIS” xalqaro maktabi hamda 4 ta to‘liqsiz umumta’lim maktabini o‘z ichiga oladi. Ushbu muassasalarda 10 mingdan ortiq o‘quvchi va talabalar ta’lim olmoqda.

2016 - yili Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgandi. Hukumat uni tashkil qilishda 20 yildan ziyod vaqt mobaynida AQShda ixtiyoriy quvg‘inda yurgan Fathulla Gulen va uning izdoshlarini aybladi. O‘sha voqealarda 250 kishi nobud bo‘lgandi. Gulenning o‘zi ayblovlarni rad etib keladi.

Keyinroq Turkiya hukumati Qirg‘izistonni Gulen bilan aloqasi bor deb hisoblangan “Sebat” turk maktablarini yopishga chaqirdi. Ammo o‘sha paytdagi prezident Almazbek Atambayev mazkur maktablardan hech qanday xavf-xatar yo‘qligini aytib, Anqaraning talabini rad qilgan. 2017 - yilda esa ta’lim muassasalari tarmog‘i Qirg‘izistonda qayta ro‘yxatdan o‘tib, “Sapat” nomini olgan.

2018 - yilda Turkiya hukumati mamlakatga davlatga qarashli “Maarif” fondi bilan hamkorlik qilish, jumladan, “Sapat” maktablarini o‘sha fondga oid muassasalar bilan almashtirish orqali ta’lim sohasida yangicha shaklda o‘zaro aloqalar o‘rnatish taklifi bilan chiqqan edi. 2021 - yilning may oyida esa Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi yangi o‘quv yili boshlanguncha Bishkekda “Maarif” fondining 61 sinfli ilk maktabi ochilishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG