Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:46

Qirg‘izistonda "Rayim Million" ustidan ochilgan jinoyat ishi yopildi


Qirg‘izistonda «Rayim million» nomi bilan mashhur bo‘lgan Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari, millionlab dollar o‘zlashtirdagi roli uchun AQShning Magnitskiy sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Rayimbek Matraimov hibsdan ozod qilindi va uning ishi bo‘yicha tergov to‘xtatildi.

15 - aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tergovchilari Matraimovga yoki uning oila a’zolariga tegishli chet elda naqd pul yoki ko‘chmas mulk topmagani uchun pul yuvish ayblovi bilan unga qarshi ochilgan tergov to‘xtatilganini bildirdi.

Matraimov fevral oyida qayta qo‘lga olinganda MXDQ u Xitoy, Rossiya, Turkiya, Ukraina va Birlashgan Arab Amirliklarida mol-mulk sotib olish yo‘li bilan pul yuvishda gumon qilinayotganini ma’lum qilgan edi.

Matraimov 11 - fevral kuni Bishkek shahri Birinchi May tumani sudi qarori bilan 260 ming so‘m (3 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilib, sud zalidan ozod qilindi, natijada Bishkekda Matraimovning ozod etilganiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Buning ortidan sud Matraimovni tergov izolyatorida saqlashni buyurdi.

Sud ushbu yengil jazoni Matraimov o‘zi nazorat qilgan sxemalar orqali o‘g‘irlangan 24 million dollarni qaytarib bergani bilan izohladi.

Qirg‘izistonda 2020 - yil dekabrida qabul qilingan iqtisodiy amnistiya to‘g‘risidagi qonunga binoan, moliyaviy aktivlarni noqonuniy qo‘lga kiritgan shaxslar mol-mulkni davlat xazinasiga qaytarsa, jinoiy javobgarlikka tortilmasligi mumkin.

Iqtisodiy amnistiya g‘oyasi o‘tgan yilning oktabr oyida, Matraimov hibsga olinib, uy qamog‘iga qo‘yilganidan atigi bir kun o‘tib, o‘sha paytdagi Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov tomonidan e’lon qilingan edi.

Japarov poraxo‘rlikni yo‘qotish va islohotlarni amalga oshirish va’dalari bilan prezident etib saylandi. Japarov, shuningdek, prezident vakolatlarini oshiradigan yangi konstitutsiyani taklif qildi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan referendumda yangi konstitutsiya saylovchilar tomonidan ma’qullandi.

Tanqidchilarning ta’kidlashicha, amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi Matraimov va boshqalar korrupsiya uchun sudlanmasligini ta’minlash maqsadida shoshilinch ravishda tayyorlangan. Bundan tashqari, tanqidchilar konstitutsiyaviy o‘zgarishlar tizimni avtoritarlashtirib, prezident hokimiyatini haddan tashqari kuchaytirishini aytmoqda.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi (OCCRP – Organized Crime and Corruption Reporting Project) hamda Bishkekdagi “Kloop” axborot sayti 2019 - yilda hamkorlikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlar Matraimov bir qator korrupsion sxemalar orqali noqonuniy boyiganini ko‘rsatgan.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Matraimov mamlakatdan kamida 700 million dollarni noqonuniy olib chiqib ketgan, bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tish maqsadida mansabdor shaxslarni sotib olgan va pul yuvgan.

AQSh Davlat departamenti dunyo bo‘ylab inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida mart oyida e’lon qilgan hisobotida Qirg‘izistonda so‘z erkinligi va erkin matbuotga tahdidlar ko‘paygani urg‘ulagandi.

Hisobotning fuqarolik erkinliklari, jumladan, matbuot erkinligiga bag‘ishlangan bo‘limida Matraimov ishi yuzasidan tergovda qatnashgan jurnalistlarga tahdidlar bo‘lgani qayd etildi.

Yanvarь oyida 49 yoshli Matraimov familiyasini Ismailovga, xotini Uulqan Turg‘unova esa familiyasini Sulaymanova deb o‘zgartirdi.

Matraimovlar shu bilan AQSh joriy qilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinayotgani aytilmoqda.

Matraimovlar oilasi advokatlari mijozlari nim sababdan familiyasini o‘zgartirganini izohlagani yo‘q.

XS
SM
MD
LG