Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:56

Qirg‘izistondagi hibsga olishlarning "Salimboyvachcha"ga qanday daxli bor?


Jalil Atambayev va Salaydin Aydarov uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirishda gumonlanmoqda.
Jalil Atambayev va Salaydin Aydarov uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirishda gumonlanmoqda.

O‘sh shahrida taniqli tadbirkor, iste’fodagi militsiya polkovnigi Jalil Atambayev hamda Jogorku Kenesh sobiq deputati Salaydin Aydarov uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirishda gumonlanib, hibsga olindi.

Tadbirkor va sobiq deputatning hibs qilinishi

Ozodlik qirg‘iz xizmatining yozishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ularga nisbatan o‘zbekistonlik kriminal avtoritet, “Salimboyvachcha” nomi bilan mashhur oligarx Salim Abduvaliyev bilan aloqalarga doir ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. O‘tgan hafta qirg‘iz maxsus xizmatlari Abduvaliyevni xalqaro qidiruvga berdi va uning o‘tgan yili oktyabrda maxsus amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan qirg‘iz kriminal avtoriteti Qamchi Qolbayev bilan tushgan fotosuratlarini e’lon qildi.

Jalil Atambayev bilan Salaydin Aydarov uyushgan jinoiy guruhlar va jinoyatchi tashkilotlarni moliyalashda (Qirg‘iziston JKning 263-moddasi) ayblanmoqda. Bishkek shahar sudi ma’lumotiga ko‘ra, ular 8-avgustda hibsga olingan bo‘lib, Oktyabr tumani sudi qaroriga binoan Atambayev – 4-sentyabrgacha Bishkekdagi 1-sonli tergov izolatoriga joylashtirilgan, Aydarov esa MXDQ hibsxonasida qoldirilgan.

MXDQ 12-avgustdagi axborotida Atambayev va Aydarovga qarshi jinoyat ishining ba’zi tafsilotlarini ochiqlagan edi. Xususan, tergov ma’lumotiga ko‘ra, Atambayev huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi va yuqori lavozimdagi shaxs bo‘laturib “katta miqdordagi pul mablag‘larini noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan”. Atambayev xizmatdan bo‘shaganidan so‘ng uy-joy qurilishi sohasida biznes bilan shug‘ullangan edi. “Biroq uning dastlabki sarmoyasi noqonuniy yo‘llar bilan topilgan, davlat xizmatida bo‘lgan davrida noqonuniy boylik orttirganligi fakti bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani shundan dalolat beradi”, deya urg‘ulagan MXDQ.

Salim Abduvaliyev shu yil martida Toshkentning Mirobod tuman sudi hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasida (O‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Salim Abduvaliyev shu yil martida Toshkentning Mirobod tuman sudi hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasida (O‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qo‘mita qo‘shimcha qilishicha, Atambayev o‘z biznesini kengaytirish maqsadida o‘zbek kriminal avtoriteti Salim Abduvaliyev bilan yaqin aloqada bo‘lgan. “Salimboyvachcha” Jalil Atambayevni suyagan va himoyasiga olgan, “biznes qilishi uchun qulay shart-sharoit yaratib bergan va buning uchun qirg‘iz tadbirkori unga saxiylarcha haq to‘lab turgan”.

Ishdagi ikkinchi figurant – sobiq deputat Salaydin Aydarov – MXDQ ma’lumotiga ko‘ra, Abduvaliyevning noqonuniy xatti-harakatlari va uning “qonundagi o‘g‘li” Qamchi Asanbekov (Qolbayev) bilan yaqin aloqalaridan xabardor bo‘laturib O‘zbekiston jinoyat olami rahbari Salim Abduvaliyevga izzat-hurmat ko‘rsatgan. Abduvaliyev esa, O‘zbekiston hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun Aydarovga homiylik qilgan.

O‘tgan haftada maxsus xizmatlar O‘zbekistonda qamoqda saqlanayotgan Salim Abduvaliyevni Interpol orqali qidiruvga berdi. Xabarnomada aytilishicha, MDH mamlakatlarida katta nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek kriminal avtoriteti Yevropaga qoradori yetkazib berish kanallarini tashkil qilgan, qirg‘iz kriminal avtoriteti Qamchi Qolbayev bilan aloqa bog‘lab, uning jinoiy guruhini moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan.

2018-yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda Salim Abduvaliyev Jogorku Keneshning sobiq deputati, Salaydin Aydarovning to‘ng‘ich akasi Nurgazi Aydarov hamda tadbirkor Jalil Atambayev bilan bir davrada o‘tirgani aks etgan video yoyinlangan edi.

Videoda qirg‘izistonliklar Abduvaliyevni ko‘klarga ko‘tarib maqtaganlar, xususan, uni “Qirg‘iziston tayanchi” deb ataganlar.

“Кўча” устидан суриштирувга нима бўлди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:52 0:00

Tadbirkor va sobiq deputatning qarindoshlari ularning hibsga olingani yuzasidan fikr bildirganlaricha yo‘q.

Salaydin Aydarov 2015-yilgi parlament saylovida “Qirg‘iziston” partiyasi ro‘yxati bo‘yicha deputat bo‘lib saylangan. U Qurmanbek Bakiyev prezident bo‘lgan davrda administratsiyaga rahbarlik qilgan Usen Sidiqovning kuyovidir.

“U biznesini O‘zbekistonga ko‘chirgan, degan gaplar yuribdi”

Jalil Atambayev uchun bu birinchi hibs emas. 2021-yilda u noqonuniy yo‘l bilan boylik orttirish ayblovi bilan ushlangan, lekin ertasiga uy qamog‘iga olingan edi. O‘shanda MXDQ Atambayev tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini, o‘z ixtiyori bilan 50 mln som to‘laganini va oy oxiriga qadar yana 50 mln som to‘lash majburiyatini zimmasiga olganini ma’lum qilgan.

O‘shlik jurnalist Argen Nurov Ozodlik bilan suhbatda Atambayev o‘z biznesini O‘zbekistonga ko‘chirgan, degan gap-so‘zlar borligini aytdi:

“Bir vaqtlar u beli baquvvat tadbirkor edi. O‘sh rahbarlari, xususan, mer, gubernator va militsiya boshlig‘iga gapini o‘tkaza olardi. Har qanday muammoni bitta qo‘ng‘iroq bilan hal etadigan kuchga ega edi. Hozir uning avvalgi obro‘si yo‘q, oddiy tadbirkor. Aytishlaricha, u haqda surishtiruv chiqib, shov-shuv ko‘tarilganidan so‘ng biznesini O‘zbekistonga ko‘chirgan emish. Bu gap qanchalik to‘g‘ri, bilmayman. Lekin O‘shda uning biznesiga to‘g‘anoq bo‘layotganlar bor, deyishyapti. Shuning uchun O‘zbekistonga ketib, u yerda ko‘p qavatli uylar qurishni boshlagan ekan”.

O‘shda Jalil Atambayevning bir qancha restoran, kafe, ko‘p qavatli uy va boshqa mulklari borligi ma’lum.

2016-yilda u IIVning O‘sh xalqaro aeroportidagi transport bo‘limi boshlig‘i lavozimidan olingan edi. Atambayev 2009-yilgacha Novqat tumani militsiyasi boshlig‘i bo‘lgan. Jurnalist Almaz Tashiyev militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanishi ortidan vafot etgach, uni lavozimdan bo‘shatishgan.

2019-yilda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Jalil Atambayev haqida “O‘shda yashirin biznes qanday tashkil qilingan” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilgan edi. Surishtiruv muallifi Idiris Isaqov Atambayev va uning qarindoshlariga oid shirkatlar 40 million somlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganini aniqlagan edi. Surishtiruv chiqqanidan so‘ng Atambayev jurnalistni sudga bergan, ammo keyin arizasini qaytarib olgan.

“Кўча”га қарши рейдлар: Қирғизистонда машҳур бўлган Салимбой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

“Biryoqlama qoralash to‘g‘ri emas”

Tahlilchi To‘lagan Keldiboyev Ozodlikka bergan izohida biznesmenni biryoqlama yomonlash to‘g‘ri emasligini aytdi, shuningdek uning Salim Abduvaliyev bilan ish aloqalariga to‘xtaldi:

“Jalil Atambayev jinoyatchilar bilan aloqada bo‘lgan, deydigan bo‘lsak, Qirg‘izistonda kriminal 30 yil davomida hatto mamlakat siyosatiga hukmini o‘tkaza olgan darajada katta kuch bo‘lganini esdan chiqarmaylik. Sen halol tadbirkormisan yo qing‘irmi, farqi yo‘q – uyushgan jinoiy guruh hammadan “o‘lpon” olardi. Ilgari militsiyada rahbar lavozimlarda ishlaganiga qaramay, Atambayev ham boshqa tadbirkorlar qatorida edi. O‘zi va oilasi xavfsizligini o‘ylab jinoyatchilarga pul berishga majbur bo‘lgan. U paytlar hamma kriminal bilan hamkorlik qilishga majbur edi. Salim Abduvaliyev bilan aloqalari esa, menimcha, faqat biznesga oid bo‘lgan. U Qirg‘izistondan ko‘mir va boshqa tovarlar jo‘natish uchun Salimboyning firmalari bilan shartnoma imzolagan. Bu aloqalarning jinoyatchilikka, uyushgan guruhlarga hech bir daxli yo‘q. Shu bois, ularni biryoqlama qoralash to‘g‘ri emas deb hisoblayman”.

2020-yil oxirida Jalil Atambayev, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay yuzlab odamlarni o‘g‘lining to‘yiga taklif qilib jamoatchilikning g‘azabiga uchragan edi. Mehmonlar orasida O‘sh shahrining o‘sha paytdagi meri Talaybek Saribashov, Jogorku Kenesh sobiq vitse-spikeri Aida Qasimaliyeva, deputatlar Iskandar Matraimov, Azamat Arapboyev, Altinbek Sulaymonov va boshqa taniqli shaxslar bor edi.

O‘shanba MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev qaltis pallada o‘tkazilgan bu tantanani “xalq betiga tupurish” deb atab, Atambayevning kuyov bo‘lgan o‘g‘li MXDQda xizmat qilishini va otasining bu ishi uchun unga qattiq hayfsan berilganini ma’lum qilgan.

Keyinroq, 2010-yil iyun voqealari jabrdiydalariga uy-joy taqsimlanganida Jalil Atamboyevga yonib ketgan bitta uyi uchun to‘rtta kvartira berilgani o‘rtaga chiqdi. Xonadonlar noqonuniy berilgani munosabati bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, to‘rt yildan so‘ng esa sud kvartiralarni davlatga qaytarish haqida qaror qabul qildi.

XS
SM
MD
LG