Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:22

Qirg‘izistondagi Soros jamg‘armasi o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda


“Soros-Qirg‘iziston” jamg‘armasining pufakda aks etgan logotipi
“Soros-Qirg‘iziston” jamg‘armasining pufakda aks etgan logotipi

Qirg‘izistonda notijorat tashkilotlari (“xorijiy agentlar”) to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kirilgani tufayli “Soros-Qirg‘iziston” jamg‘armasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda tashkilot sayti orqali ma’lum qilingan.

Bayonotda bu qonun “xalqaro hamjamiyat tomonidan moliyalashtiriluvchi mahalliy tashkilotlar faoliyatiga nomutanosib va ortiqcha cheklovlar joriy qilishi” aytilgan.

“Soros-Qirg‘iziston” jamg‘armasiga “Ochiq jamiyat” fondlari tomonidan 1993-yili asos solingan. Qayd etilishicha, o‘tgan 30 yil ichida jamg‘arma ham hukumat, ham fuqarolik jamiyati bilan ish olib borgan holda Qirg‘izistondagi turli loyihalarni dastaklash uchun 115 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratgan.

“Bu loyihalar ta’lim va sog‘liqni saqlash, yangi raqamli texnologiyalardan foydalanishni ta’minlash, jinoyatchilik bilan bog‘liq adliya va huquqiy yordam tizimi islohoti sohalari hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi tashabbuslarni qo‘llash uchun amalga oshirilgan. Endilikda mamlakat manfaatlari yo‘lida xolis niyat bilan amalga oshirilgan bunday faoliyatga “xorijiy vakillar” kabi nohaq yorliq yopishtirilmoqda”, deyilgan bayonotda.

“Ochiq jamiyat” fondlari prezidenti Binayfer Novroji “Soros-Qirg‘iziston” jamg‘armasi va uning xodimlari Qirg‘izistonning demokratiya va ochiq jamiyatga intilishida butun mamlakat bo‘ylab oddiy odamlarga sezilarli darajada dastak ko‘rsata olganini qayd etgan.

“Biz tashkilot faoliyati bundan buyon davom eta olmasligidan hamda yangi repressiv qonun fuqarolik jamiyatining noaniqlik va qo‘rquv sharoitida ishlashiga olib borishi mumkinligidan chuqur taassufdamiz”, degan u.

Notijorat tashkilotlari (“xorijiy vakillar”) to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar Qirg‘iziston prezidenti tomonidan shu yilning aprel oyi boshida imzolagan.

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti bosh kotibi Anes Kallamar avvalroq mazkur qonun qabul qilingan taqdirda, u “fuqarolik jamiyatining Qirg‘iziston xalqi haq-huquqlarini amalga oshirishni dastaklashga hissa qo‘shish qobiliyati uchun” salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligi urg‘ulagan edi.

Soros jamg‘armasi 1996-2004-yillar oralig‘ida “Ochiq jamiyat instituti ko‘mak jamg‘armasi” nomi ostida O‘zbekistonda ham faoliyat yuritgan. O‘zining sakkiz yillik faoliyati davomida mazkur jamg‘arma, hisobotlarga muvofiq, O‘zbekistonda inson huquqlari, demokratiya va ochiq jamiyat tamoyillarini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab dasturlarni amalga oshirish uchun qariyb 22 million dollar miqdorida mablag‘ ajratgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG